Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarni to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror bo‘yicha

Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarni to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror bo‘yicha

MoliyaPress

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar tizimli ravishda davom ettirib borilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-son Farmoniga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash belgilab berilgan edi.

Yuqoridagi Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarni to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Mazkur Qarorga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning to‘lov-kontraktining to‘liq summasi davlat budjeti hisobidan qoplanishi nazarda tutilmoqda.

Bunda davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan va o‘qiyotgan xotin-qizlarga bazaviy to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) summalari miqdorida to‘liq to‘lab beriladi.

Talabgorlar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasini Davlat budjetidan qoplab berish yuzasidan o‘zlari ta’lim oladigan oliy ta’lim muassasasining rektori (filial direktori) nomiga o‘quv yilining 15-sentabriga qadar ariza bilan murojaat etadilar.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab talabgorlarga o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish to‘g‘risida joriy o‘quv yilining 15-oktabriga qadar tegishli oliy ta’lim muassasasi rektori (direktor)ning buyrug‘i qabul qilinadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichi uchun to‘lov – kontrakt summalari koplab berish to‘g‘risidagi arizalar 15 sentabrdan keyin ko‘rib chiqilmaydi va to‘lov – kontrakt summalari qoplab berilmaydi.

Ushbu tartib nodavlat oliy ta’lim muassasalari va xorijiy oliy talim muassasalarining O‘zbekistondagi filiallarida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba xotin – qizlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.

Moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page