Davlat – Kompaniya Emas
Paul KrugmanTarjimonlar: Muhammad Turniyozov hamda Xadyatillo Sobirxo‘jayev
Biznes bilan shug‘ullanishni rejalashtirayotgan kollej talabalari ko‘pincha iqtisodiyot yo‘nalishini tanlaydilar, ammo ularning ozchiligigina ma’ruza zalida eshitgan narsalarini amalda qo‘llamasliklariga ishonadi. Bu talabalar bir muhim haqiqatni tushunishadi: iqtisod darslarida o‘rgatiladigan bilimlar ularga biznes yuritishda yordam bermaydi.
Buning teskarisi ham to‘g‘ri: tadbirkorlikni o‘rgangan insonga bu bilimlar iqtisodiy siyosatni shakllantirishda yordam bermaydi. Davlat – bu katta korporatsiya emas. Buyuk biznes yetakchisini yetishtiradigan tafakkur odatlari, umuman olganda, zo‘r iqtisodiy tahlilchini shakllantiradigan tafakkurdan farq qiladi; 1 milliard dollar ishlab topgan biror tadbirkor, 6 trillion dollarlik iqtisodiyot haqida maslahat so‘rash uchun to‘g‘ri odam bo‘lishi qiyin masala.
Nima uchun bu alohida ta’kidlanmog‘i lozim? Axir, na biznesmenlar, na iqtisodchilar, odatda, yaxshi shoir bo‘lishmaydi. Shunga qaramay, (nafaqat muvaffaqiyatli biznes rahbarlari, balki) ko‘plab odamlar quyidagicha fikrlaydi: kimdir shaxsiy boylik orttira olgan bo‘lsa, demak u butun bir xalqni ham qanday farovon qilish mumkinligini biladi. Aslida esa, bunday kishilarning maslahatlari, ko‘p hollarda halokatli darajada xato bo‘ladi.
Ko‘pchilik, shaxsiy boylik orttira olgan inson
mamlakatni ham qanday farovon qilish
mumkinligini biladi, deb o‘ylaydi.
Men tadbirkorlar ahmoq yoki iqtisodchilar o‘ta aqlli deb da’vo qilmoqchi emasman. Aksincha, agar AQShdagi eng yetuk 100 nafar biznes rahbari eng yetakchi 100 nafar iqtisodchi bilan bir joyga to‘plansa, ehtimol, biznes vakillarining eng kam obro‘ga ega a’zosi ham iqtisodchilarning eng zo‘ridan ko‘ra ko‘proq taassurot qoldirishi mumkin. Mening aytmoqchi bo‘lganim shuki, iqtisodiy tahlil yuritish uchun zarur bo‘lgan fikrlash uslubi biznesda muvaffaqiyatga olib boradigan fikrlash uslubidan keskin farq qiladi. Ana shu farqni tushungan holda, biz yaxshi iqtisodiy tahlil nima ekanini anglay boshlaymiz, va ehtimol, aql-zakovati yetarli bo‘lgan ba’zi tadbirkorlarga hatto zo‘r iqtisodchi darajasiga yetishishda yordam bera olarmiz.
Ruxsat bersangiz, biznes rahbarlari odatda tushunmaydigan ikkita iqtisodiy muammo misolida fikrimni boshlamoqchiman. Birinchisi, eksport va ish o‘rinlari yaratilishi o‘rtasidagi bog‘liqlik, ikkinchisi esa xorijiy investitsiyalar va savdo balanslari o‘rtasidagi bog‘liqlik. Har ikki masala ham xalqaro savdoga aloqador. Bu, bir tomondan, men eng yaxshi tushunadigan soha bo‘lgani uchun, ikkinchi tomondan, aynan shu sohada biznes vakillari mamlakatlarni kompaniyalarga noto‘g‘ri qiyoslashga ko‘proq moyil bo‘lganlari uchun tanlangan.
Eksport va Ish O‘rinlari
Biznes rahbarlari xalqaro savdo va ichki ish o‘rinlari o‘rtasidagi munosabat haqida ikki narsani doim noto‘g‘ri tushunishadi. Birinchidan, aksariyat amerikalik biznesmenlar erkin savdoni qo‘llab-quvvatlaganidan beri, dunyo miqyosida savdoning kengayishi global bandlik uchun foydali, degan fikrga qo‘shilishadi. Jumladan, ular Tariflar va Savdo bo‘yicha Bosh Kelishuv (GATT) kabi erkin savdo bitimlarini foydali deb bilishadi, chunki bunday bitimlar dunyo bo‘ylab ko‘proq ish o‘rinlari paydo bo‘lishiga olib keladi, deb o‘ylashadi. Ikkinchidan, biznesmenlar odatda mamlakatlar yaratilgan ish o‘rinlari uchun raqobatlashadi, deb hisoblashadi. Ularning fikricha, AQSh qancha ko‘p eksport qilsa, shuncha ko‘p odamni ish bilan ta’minlaydi; aksincha, qancha ko‘p import qilsa, ish o‘rinlari shuncha kamayadi. Bu nuqtai nazarga ko‘ra, AQSh nafaqat erkin savdoni qo‘llab-quvvatlashi, balki bu tufayli yuzaga keladigan ish o‘rinlarining katta qismini olish uchun yetarlicha raqobatbardosh bo‘lishi ham kerak.
Bu mulohazalar mantiqiy tuyuladimi? Albatta, ha. Aynan shunday ritorika so‘nggi AQSh prezidentlik saylov kampaniyasida ustun bo‘lgan va ehtimol yaqinlashib kelayotgan saylovda ham yana yangraydi. Biroq, iqtisodchilar odatda, erkin savdo dunyo bo‘ylab ko‘proq ish o‘rinlarini yaratadi (yoki erkin savdoning foydasini ish o‘rinlari soni bilan o‘lchash kerak) deb hisoblashmaydi. Shuningdek, ular muvaffaqiyatli eksport qilayotgan mamlakatlarda savdo taqchilligi bo‘lgan mamlakatlarga qaraganda ishsizlik darajasi past bo‘ladi, degan fikrga ham qo‘shilmaydi.
Nega iqtisodchilar tadbirkorlarga juda mantiqli tuyuladigan bu fikrga qo‘shilmaydi? Erkin savdo global miqyosda ko‘proq ish o‘rni yaratadi degan g‘oya bir qarashda aniqdek: savdo ko‘paysa, eksport ham ortadi, bu esa ko‘proq ish o‘rinlari degani. Ammo bu fikrda jiddiy kamchilik bor. Chunki bir mamlakatning eksporti boshqa bir mamlakat uchun import hisoblanadi. Shunday ekan, eksport daromadi bo‘lmish har bir dollar, matematik nuqtai nazardan, boshqa mamlakatning (ichki mahsulotlari o‘rniga) importga sarflangan har bir dollarlik xarajati evaziga yuzaga keladi. Agar erkin savdo global darajada umumiy xarajat miqdorini oshiradi, deb o‘ylashga asos bo‘lmasa (bu esa kafolatlanmagan), u holda erkin savdo butun dunyo bo‘ylab ish o‘rinlari sonini oshirmaydi. Ya’ni, umumiy talab o‘zgarmagan bo‘lsa, ish o‘rinlari ham ortmaydi.
Bunday oddiy arifmetikadan tashqari yana bir muhim savol bor: mamlakatdagi mavjud ish o‘rinlari sonini aslida nima cheklaydi? Buning sababi, tovar va xizmatlarga bo‘lgan talab yetishmasligimi? Aslida, bu fikr faqat juda qisqa muddat uchun to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, xolos. Chunki talabni oshirish unchalik qiyin emas. Masalan, Federal Rezerv (AQSH markaziy banki) o‘zi istagan vaqtda faollikni kuchaytirish uchun xohlagan miqdorda pul chiqarishi mumkin va u buni bir necha bor isbotlagan. Shunday ekan, nega Federal Rezerv iqtisodiyotni doim qizigan holda saqlamaydi? Chunki u mehnat bozorida haddan tashqari ko‘p ish o‘rinlari yaratilishiga yo‘l qo‘ysa inflyatsiya nazoratdan chiqib, tobora kuchayib ketishi mumkin. Boshqacha aytganda, AQShda ish o‘rinlari soniga cheklov qo‘yayotgan asosiy omil eksport yoki boshqa manbalar orqali talabning yetarli bo‘lmagani emas. Asl sabab – Federal Rezerv inflyatsiyani jilovlab turish uchun zarur deb hisoblaydigan ishsizlik darajasidir.
Bu shunchaki nazariy mulohaza emas. 1994-yilda Federeal Rezerv foiz stavkalarini yetti marta oshirgan va bu qaror iqtisodiyot haddan tashqari “qizib ketishi” ni oldini olish uchun qabul qilinganini yashirmagan. Ular bu orqali iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirish, ish o‘rinlari sonining haddan tashqari ko‘payib ketishini oldini olish va inflyatsiyani jilovlashni maqsad qilgan.
Xo‘sh, bu holat tashqi savdoning bandlikka ta’siri haqida nimani anglatadi? Tasavvur qiling, AQShda eksport keskin oshdi. Masalan, AQSh Xitoy bilan shunday bir kelishuvga erishdi: agar Xitoy AQShdan 200 milliard dollarlik mahsulot xarid qilsa, AQSh Xitoydagi Majburiy mehnatga qarshi e’tirozlarini to‘xtatadi. Bu holatda Federal Rezerv qanday yo‘l tutgan bo‘lardi? U eksportning iqtisodiy o‘sishga olib keluvchi ta’sirini foiz stavkalarini oshirish orqali muvozanatga keltirardi. Natijada eksport tufayli yaratilgan yangi ish o‘rinlari, foiz stavkalariga sezgir, masalan, qurilish kabi sohalarda yo‘qolgan ish o‘rinlari bilan deyarli tenglashib ketardi. Aksincha, agar import keskin oshib, ayrim sohalarda ishsizlik yuzaga kelsa, Federal Rezerv bunga javoban foiz stavkalarini pasaytirardi. Bu esa boshqa sohalarda ish o‘rinlarining ko‘payishiga olib keladi. Ya’ni, import tufayli yo‘qolgan ish o‘rinlari boshqa joyda ko‘paygan ish o‘rinlari bilan qoplanadi.
Hatto erkin savdo eksport va importni birdek oshirishi haqidagi fikrni hisobga olmasak ham, erkin savdo natijasida AQShdagi ish o‘rinlari ko‘payishiga ishonish uchun hech qanday jiddiy asos yo‘q. Xuddi shunday, eksportni rag‘batlantirish kabi boshqa savdo siyosatlari ham ish o‘rinlarining umumiy sonini ko‘paytiradi deb kutmaslik kerak.
Masalan, AQSh savdo vaziri xorijdan safaridan Amerika kompaniyalari uchun milliard dollarlik yangi buyurtmalar olib kelsa-da, eksport bilan bog‘liq minglab yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga sababchi bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Agar u chindan ish o‘rinlari yaratsa, demak, iqtisodiyotning boshqa bir qismida shuncha ish o‘rni yo‘qolgan bo‘ladi. AQSh iqtisodiyotining eksportni oshirish yoki importni kamaytirish qobiliyati uning yangi ish o‘rinlari yaratishdagi muvaffaqiyatiga, deyarli bog‘liq emas.
Albatta, bu dalil biznes vakillariga yoqmaydi. (Men bir biznesga oid tadbirda Shimoliy Amerika Erkin Savdo Bitimi (NAFTA) AQShda ish o‘rinlari soniga na ijobiy, na salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deb aytgan edim. Tadbirdagi boshqa ishtirokchilardan biri (NAFTA tarafdori) g‘azab bilan shunday javob qaytargan edi: “Ana shunaqa gaplarni deb odamlar iqtisodchilardan nafratlanadi!”) Gap shundaki, eksport oshishi tufayli yaratilgan ish o‘rinlari yoki import raqobati sabab yo‘qolgan ishlar ko‘zga aniq tashlanadi: xorijliklar sotib olayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan odamlarni yoki import sabab yopilgan zavodlarda ishlagan ishchilarni ko‘z bilan ko‘rish, ilg‘ash mumkin. Iqtisodchilar tilga oladigan boshqa ta’sirlar esa ancha mavhum tuyuladi. Biroq, agar siz Federal zaxira tizimi (Markaziy bank) bandlik darajasini o‘zgartirish vositalariga ega deb hisoblasangiz, unda eksport va importdagi o‘zgarishlar umumiy bandlik darajasiga katta ta’sir qilmaydi degan xulosaga kelishingiz kerak.
Sarmoya va Savdo Balansi
Ikkinchi misolimiz bo‘lmish xorijiy investitsiyalar va savdo balansi o‘rtasidagi munosabat – ishbilarmonlar uchun yanada tushunarsizroq tuyuladi. Tasavvur qiling: yuzlab xalqaro korporatsiyalar bir mamlakatni ideal ishlab chiqarish zonasi hisoblab, har yili milliardlab dollar investitsiya kirita boshlaydi va yangi zavodlar quradi. Bu holat o‘sha mamlakatning savdo balansiga qanday ta’sir qiladi deb o‘ylaysiz? Aksar tadbirkorlar, deyarli istisnosiz, bunday mamlakatda savdo profitsitlari (ya’ni eksporti importdan oshib ketadigan holat) yuzaga keladi, deb o‘ylaydi. Iqtisodchilarga ko‘ra, aksincha, katta hajmdagi xorijiy sarmoyalar mamlakatni savdo kamomadiga olib keladi. Biroq bu fikr ko‘pchilik tadbirkorlar uchun mantiqsiz tuyuladi.
Bunday xulosaning boisi tadbirkorlar bu masalaga mikroiqtisodiy nuqtai nazardan, ya’ni o‘z korxonalarining holatini o‘ylab yondashadilar. Agar ularning sohasida ishlab chiqarish hajmi oshsa, ular kamroq import qilishi va ko‘proq eksport qilishi tayin. Ko‘p sohalarda shunday bo‘lsa, mamlakat umumiy hisobda savdo profitsitiga (ya'ni ijobiy savdo balansiga) chiqishi kerak, deb o‘ylashadi.
Ammo iqtisodchi bu fikr xato ekanini biladi. Chunki savdo balansi (ya'ni eksport va import hajmi o‘rtasidagi tafovut) – to‘lov balansining bir bo‘lagi hisoblanadi. Har qanday mamlakatning umumiy to‘lov balansi, ya’ni xorijga sotilgan barcha tovar va xizmatlar bilan xorijdan sotib olinganlarining farqi, nazariy jihatdan har doim nolga teng bo‘lishi kerak. Albatta, mamlakat savdo balansi ijobiy (surplus) yoki salbiy (defitsit) holatda bo‘lishi mumkin. Ya’ni, xorijiy mahsulotlarni ko‘proq sotib olib, o‘zi kamroq sotishi yoki aksincha bo‘lishi mumkin. Ammo bu tengsizlik har doim kapital hisobidagi boshqa bir tengsizlik bilan qoplanadi. Agar mamlakat savdo defitsitiga ega bo‘lsa, demak u xorijdan qarz olayotgan yoki ularga o‘zidagi mulk va qimmatli qog‘ozlarni sotayotgan bo‘ladi. Aksincha, agar mamlakat sotib olayotganidan ko‘ra ko‘proq sotayotgan bo‘lsa, demak u boshqa mamlakatlarga o‘z mablag‘ini sarmoya qilib, u yerdagi aktivlarni sotib olayotgan bo‘ladi. Masalan, AQSh Yaponiyadan avtomobil xarid qilganda, buning evaziga Boeing samolyotlarini, Nyu-Yorkdagi mashhur binolarni (masalan, Rokfeller markazini) yoki AQSh g‘aznachiligining obligatsiyalarini stotishi mumkin. Bu shunchaki iqtisodchilarning taxmini emas balki hisob-kitobning o‘zgarmas va qat’iy qonunidir.
Xo‘sh, agar mamlakatga ko‘p miqdorda xorijiy investitsiyalar kirib kelsa, nima yuz beradi? Bunday vaziyatda xorijliklar o‘sha mamlakatdagi aktivlarga (korxonalar, yer, qimmatli qog‘ozlar va boshqa boyliklar) mahalliy aholi boshqa mamlakatlarda sotib olayotgan aktivlarga qaraganda ko‘proq egalik qila boshlaydi. Bu esa, oddiy hisob-kitob nuqtayi nazaridan, import eksportdan oshib ketishini anglatadi. Demak, katta miqdorda xorijiy sarmoya jalb qilayotgan har qanday mamlakat muqarrar ravishda savdo defitsitiga duch keladi.
Katta miqdorda xorijiy sarmoya
jalb qilayotgan har qanday mamlakatda
savdo defitsitining bo‘lishi – muqarrar.
Ammo bu faqat hisob-kitob masalasi, xolos. Jarayon aslida qanday kechadi? Masalan, xorijiy kompaniyalar mamlakatda zavod quradigan bo‘lsa xorijdan uskuna va texnika olib kelishadi. Xorijiy sarmoyaning kirib kelishi iqtisodiy “portlash” keltirib chiqarishi mumkin, bu esa aholining va korxonalarning importga bo‘lgan talabini keskin oshiradi. Agar mamlakatda erkin harakatlanuvchi (ya’ni bozor tomonidan belgilanuvchi) valyuta kursi mavjud bo‘lsa, sarmoya oqimi milliy valyuta qiymatining oshishiga olib keladi. Boshqa tomondan, agar valyuta kursi qat’iy belgilangan bo‘lsa, bu holat ichki bozorda inflyatsiyani kuchaytirishi mumkin. Har ikki ssenariyda ham, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligi eksport bozorida kamayadi (boshqacha aytganda, mahalliy mahsulotlarning chet elliklar uchun qiymati past baholanadi) va import ortadi. Qaysi yo‘l orqali bo‘lmasin, natijasi o‘zgarmaydi: xorijiy kapital oqimi — baribir savdo defitsitiga olib keladi.
Masalan, Meksikaning yaqin o‘tmishiga nazar solaylik. 1980-yillarda hech kim bu davlatga sarmoya kiritmasdi va Meksika savdo profitsiti bilan yashardi. Ammo 1989-yildan boshlab, Meksika iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonch ortdi va mamlakatga katta hajmda xorijiy sarmoyalar kira boshladi. Bu mablag‘larning bir qismi yangi zavodlar uchun chetdan uskuna sotib olishga sarflandi, qolgan qismi esa ichki iqtisodiy faollikni kuchaytirib, importnining ortishiga olib keldi. Natijada, peso haddan tashqari qadrlana boshladi. Bu esa eksportni sekinlashtirib, ko‘plab meksikaliklarni xorijiy mahsulotlarni xarid qilishga undadi. Oxir-oqibat, katta hajmdagi kapital oqimi shunga mos darajadagi katta savdo defitsiti bilan yakunlandi.
So‘ngra 1994-yil dekabr oyida peso inqirozi yuz berdi. Investorlar bu safar Meksikadan chiqib ketishga urinishdi va vaziyat teskari tomonga o‘zgardi. Pesoning qadrsizlanishi import kamayib, eksport ortishiga yordam berdi (chunki qadrisiz valyuta mahalliy mahsulotlarning chet elliklar uchun qiymatini oshiradi). Har qanday iqtisodchi bashorat qila olganidek, xorijiy investitsiyalarning qulashi ortidan Meksikaning savdo defitsiti endi xuddi shuncha hajmdagi savdo profitsiti bilan almashdi.
Yuqoridagi har bir misolda iqtisodchilarning haqligi va biznes vakillarining nohaqligi shubhasiz. Ammo nega iqtisodchilarga mantiqiy va ishonarli tuyulgan dalillar, biznes odamlari uchun noo‘rin va hatto mantiqqa ziddek ko‘rinadi?
Bu savolga ikki xil javob bor. Yuzaki javob shuki, biznesdagi kundalik tajribalar, odatda, iqtisodchilarning fikrlarini asoslovchi umumiy tamoyillarni ko‘ra olishga o‘rgatmaydi.
Chuqurroq javobi esa shuki, qandaydir biznes ichida yuzaga keladigan sabab-oqibat munosabatlari butun iqtisodiyotda yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham kuchsizroq, ham tabiatiga ko‘ra, boshqacharoq bo‘ladi. Keling, endi har ikkala javobni navbatma-navbat tahlil qilaman.
Falajlangan qirqoyoq haqida masal
Har safar juda muvaffaqiyatli biror ishbilarmon o‘z hayotiy tajribalari haqida kitob yozadi. Bu kitoblarning ba’zilari xotiralar tarzida, muallifning ish faoliyatini turli voqealar orqali hikoya qiladi. Boshqalari esa ancha jiddiyroq bo‘lib, muallif o‘z yutuqlari asosida turgan tamoyillarni tushuntirib berishga urinadi. Odatda, birinchi turdagi kitoblar ikkinchisiga nisbatan ko‘proq muvaffaqiyatga erishadi. Bu nafaqat ko‘proq nusxada sotuv bilan, balki aqliy salohiyati yuqori o‘quvchilar tomonidan kengroq tan olinish bilan o‘lchanadi. Chunki yirik korxona rahbarlari umumiy nazariyalar bilan emas, balki aniq strategiyalar yoki innovatsion yechimlarni topish orqali muvaffaqiyatga erishadilar. Ba’zi biznes afsonalari o‘z bilimlarini umumlashtirib yozishga uringan, biroq bunday harakatlar ko‘pincha kutilgan natijani bermagan. Masalan, Jorj Sorosning kitobi o‘quvchiga “yana bir Soros” bo‘lish bo‘yicha deyarli hech qanday amaliy maslahat bermaydi. Varren Baffet esa o‘z amaliy faoliyatida “Varren Baffet uslubi”ga unchalik rioya qilmaydi, deydiganlar ko‘p. Chunki moliyaviy sohadagi daholar umumiy qoidalarni e’lon qilish orqali emas, balki boshqa hech kim ko‘rmay turgan aniq va o‘ziga xos imkoniyatlarni boshqalardan tezroq ilg‘ab olish orqali boylik orttiradilar.
Korxona rahbari qandaydir umumiy nazariya yaratgani
uchun emas, balki aniq strategiyani
topa olgani uchun muavaffaqiyatga erishadi.
Darhaqiqat, ko‘plab yirik biznes rahbarlari qilayotgan ishlarini tamoyillar to‘plami sifatida shakllantirishga va ularni yozishga harakat qilganlarida, bu ularning o‘zlariga qarshi ishlaydi. Ya’ni ular aslida qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylab, shunga muvofiq harakat qila boshlaydilar, holbuki, avvalgi muvaffaqiyatlari asosan intuitsiya va yangilikka ochiqlik asosida yuzaga kelgan edi. Bu hol qirqoyoq hasharot haqidagi eski hazilni eslatadi: undan qanday qilib yuzta oyog‘ini muvofiqlashtirishi haqida so‘ralganida, u bu haqida uzoq o‘ylab, hech qachon to‘g‘ri yura olmay qolgan.
Shunga qaramay, biznes yetakchisi nazariya yaratishda mohir bo‘lmasa ham, uning muammolarni hal qilish va imkoniyatlarni ilg‘ash qobiliyati iqtisodiyotga foyda keltirishi mumkin, deb ishonuvchilar bor. Axir, AQSh prezidentining iqtisodiy maslahatchilaridan kutgan narsasi – bu chuqur ilmiy tadqiqotlar emas, balki keyingi qadamlar haqida puxta maslahatdir. Nega unda biznesni muvaffaqiyatli boshqargan birortasi mamlakatni boshqarishda prezidentga foydali maslahat bera olmaydi? Negaki mamlakat – bu katta kompaniya emas.
Ko‘pchilik yirik korxona va milliy iqtisodiyot o‘rtasidagi farqning murakkablik darajasini tushunishda qiynaladi. AQSh iqtisodiyoti 120 million odamni ish bilan ta’minlaydi, bu esa AQShdagi eng yirik ish beruvchi – General Motors kompaniyasidan qariyb 200 barobar ko‘p. Ammo bunday 200 ga 1 nisbat ham eng yirik biznes va butun milliy iqtisodiyot o‘rtasidagi farqni baholash uchun yetarli emas. Matematiklarning aytishicha, katta guruh odamlar o‘rtasidagi o‘zaro potentsial munosabatlar soni o‘sha odamlar sonining kvadratiga proporsional bo‘lar ekan. Demak, sir emaski, AQSh iqtisodiyoti eng yirik korporatsiyadan nafaqat yuz, balki minglab, ehtimol, o‘n minglab barobar murakkabroq ekan.
Bundan tashqari, hatto juda yirik korporatsiyalar ham, aslida, unchalik xilma-xil emas. Aksariyat korporatsiyalar bitta asosiy ildiz – muayyan texnologiya yoki ma’lum bir turdagi bozorga yondashuv atrofida qurilgan bo‘ladi. Natijada, turli sohalarda faoliyat yuritayotgandek ko‘ringan ulkan korporatsiyalar ham, odatda, bitta markaziy g‘oya ostida birlashgan bo‘ladi.
Aksincha, AQSh iqtisodiyoti – bu daxshatli darajada murakkab “konglomerat” bo‘lib, mutlaqo farqli bo‘lgan o‘n minglab faoliyat sohalaridan iborat. Ularni birlashtiradigan yagona jihat – barchasi bir davlat, ya’ni AQSh hududida joylashganidir. Masalan, muvaffaqiyatli bug‘doy yetishtiruvchi fermerning tajribasi kompyuter sanoatida nima kerakligini tushunishda unchalik yordam bermaydi. Xuddi shuningdek, kompyuter sanoati tajribasi ham, ehtimol, restoranlar tarmog‘ini muvaffaqiyatli yuritish strategiyasiga yaxshi yo‘lko‘rsatkich bo‘lolmaydi.
AQSh iqtisodiyoti – bu daxshatli darajada
murakkab “konglomerat” bo‘lib, mutlaqo farqli bo‘lgan
o‘n minglab faoliyat sohalaridan iborat
Unda, qanday qilib bu kabi murakkab tizimni boshqarish mumkin? Milliy iqtisodiyot umumiy tamoyillar asosida boshqarilishi kerak, aniq strategiyalar asosida emas. Misol uchun, soliq siyosati masalasini ko‘rib chiqaylik. Hisobdor hukumatlar ma’lum shaxslar yoki korporatsiyalarga nisbatan alohida soliqlarni joriy qilmaydi yoki ularga maxsus soliq imtiyozlarini taklif etmaydi. Aslida, hukumatlar tomonidan soliq siyosatini ma’lum bir sanoat turlarini rag‘batlantirish yoki susaytirishga mo‘ljallab tuzish ham kamdan-kam hollarda yaxshi g‘oya hisoblanadi. Buning o‘rniga, yaxshi soliq tizimi yillar davomida moliyaviy ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan umumiy tamoyillarga, masalan, investitsiya turlariga nisbatan neytrallik, past marjinal stavkalar va hozirgi iste’mol bilan kelajakdagi iste’mol o‘rtasida minimal diskriminatsiyaga amal qiladi.
Nega bunday boshqaruv biznes vakillari uchun muammoli ko‘rinadi? Axir korxonani samarali boshqarish uchun ham umumiy tamoyillar mavjud, masalan moliyaviy hisobotlarning izchil yuritilishi, vazifalarning aniq belgilanishi va taqsimlanishi va hokazo.Biroq ko‘plab biznes vakillari iqtisodiy siyosat yuritishda davlatning nisbatan aralashuvsiz, minimal yondashuvini qabul qilishda qiynaladilar. Chunki biznes rahbarlari doim faol bo‘lishi kerak, ular tashabbus ko‘rsatishga o‘rganishgan. Shuning uchun ularga milliy iqtisodiy siyosatda bunday faol aralashuv murakkabligini va hatto zarur emasligini tushunish og‘ir kechadi.
Masalan, muhim sohalarni rivojlantirish masalasini olaylik. Faqat mas’uliyatsiz kompaniya rahbarigina qaysi yangi sohalar kompaniya kelajagi uchun muhim ekanligini aniqlamagan bo‘lar edi. Agar bosh direktor investitsiyalar bilan bog‘liq barcha qarorlarni bo‘lim boshliqlariga topshirib qo‘ysa, u o‘z vazifasini bajarmayotgan bo‘ladi. Ammo hukumat ham xuddi shunday yo‘l tutishi kerakmi? Ya’ni, ustuvor tarmoqlar ro‘yxatini tuzib, ularni faol qo‘llab-quvvatlashi kerakmi? Iqtisodchilarning sanoat siyosati haqidagi nazariy argumentlaridan tashqari, oddiy haqiqat shuki — hukumatlar qaysi tarmoqlar istiqbolli bo‘lishini aniqlashda, odatda, muvaffaqiyatsiz bo‘lib kelgan.
Turli davrlarda hukumatlar po‘lat sanoati, yadro energetikasi, sintetik yoqilg‘i (synthetic fuels), yarimo‘tkazgichli xotira qurilmalari (semiconductor memories) yoki beshinchi avlod kompyuterlari kelajak texnologiyasi bo‘ladi, deb ishonishgan.
Albatta, xususiy kompaniyalar ham xato qiladi. Ammo ularning aniqlik darajasi hukumatnikidan ancha yuqori. Chunki yirik korxona rahbarlari o‘z sohalarini chuqur biladi va uni teran his qiladi. Bunday chuqur bilim va sezgi, qanchalik aqlli bo‘lmasin, hech bir davlat amaldori yoki siyosatchida butun milliy iqtisodiyot darajasida bo‘lishi mumkin emas.
Baribir, iqtisodiyotni samarali boshqarish asosan yaxshi tizim yaratib, unga aralashmaslikdan iborat degan fikr ko‘pchilik biznes vakillariga mantiqsiz tuyuladi. Chunki ular biror narsa noto‘g‘ri ishlayapti deb hisoblasa, zudlik bilan aralashib, muammoni o‘z qo‘llari bilan hal qilishga urinishadi. Bu ularning tabiiy instinkti. Ross Perotning iborasi bilan aytganda, ular "kapotni ochib, dvigatelni tuzatish"ni o‘ziga xos yondashuv deb bilishadi.
Universitetga qaytish
Fanda “buyuk shaxs” (“great man’s disease”) sindromi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, ma’lum sohada katta shuhrat qozongan tadqiqotchi mutaxassisligi bo‘lmagan (o‘zi tushunmagan) sohaga oid qat’iy fikrlarni bildira boshlaydi. Masalan, kimyogar o‘zini tibbiyot mutaxassisi deb hisoblaydi yoki fizik ong ilmi bo‘yicha yetuk bilimga egaligiga ishonadi. Xuddi shunday holat iqtisodiy maslahatchi lavozimini egallagan ayrim biznes egalarida ham sodir bo‘ladi. Ular yangi sohaga oid qarorlar qabul qilishdan avval qayta ta’lim olishi (universitetga qaytishi) kerakligini tushunmaydi.
Iqtisodiyot qanday ishlashi borasidagi tamoyillar – biznes boshqarishdan farq qiladi. Ularni tushunish qiyin emas, ammo ular mutlaqo boshqa yondashuvni talab qiladi. Masalan, biznes buxgalteriyasini mukammal bilgan rahbar o‘z-o‘zidan milliy hisob tizimlarini ham to‘g‘ri talqin qila oladi deb bo‘lmaydi, chunki bunda ish obyekti va tushunchalari o‘zgaradi. Xodimlar boshqaruvi va mehnat qonunchiligi farq qilganidek, korporativ moliya va pul-kredit siyosati ham o‘zaro teng tushunchalar emas. Iqtisodiyot vaziri yoki soha eksporti bo‘lishni istagan biznesmen ham yangi tushunchalarni, murakkab matematik konsepsiyalarni o‘zlashtirishi lozim.
Bunday haqiqatni tan olish, ayniqsa faoliyati davomida katta muvaffaqiyatlarga erishgan biznes rahbari uchun nihoyatda qiyin. Murakkab va keng qamrovli bir sohada dong taratgan, milliardlab dollarlik korxonani samarali boshqargan insonni tasavvur qiling. Iqtisodiy siyosat masalalarida uning maslahatiga murojaat qilinishi tabiiy hol. Ammo shunday shaxs birinchi bosqich iqtisodiyot darslarida o‘qitiladigan asosiy bilimlarni qayta ko‘rib chiqishni o‘ziga ep ko‘radimi? U o‘z tajribasiga tayanib, iqtisodiy tushunchalarni mazmunsiz, dabdabali jargondan boshqa narsa emas deb qabul qiladi.
Biznesmenlar nazariyani o’rganadimi
Albatta, yuqorida keltirgan misollarimga qaramay, ko’pchilik o’quvchilar hanuz ikkinchi yondashuv, ya’ni bunday bilimlarni qayta o’zlashtirishga hojat yo’qligini mantiqan to’g’ri, deb hisoblashi mumkin. Ammo nega iqtisodiy tahlil biznes yuritishdan butunlay boshqa tushunchalar va mutlaqo o‘ziga xos fikrlash tarzini talab qiladi? Bu savolga javob berish uchun, avvalo, samarali biznes tafakkuri bilan puxta iqtisodiy tahlil o‘rtasidagi chuqur farqni ko‘rib chiqish lozim.
Asosiy farq shundaki: hatto eng yirik kompaniya ham aslida juda ochiq tizimdir; biroq, AQSh iqtisodiyoti, garchi xalqaro savdoga ko‘proq intergratsiyalashib borayotgan bo‘lsa-da asosan yopiq tizim sifatida faoliyat yuritadi. Biznes vakillari odatda yopiq tizimlar haqida fikrlashga odatlanmagan, iqtisodchilar bunday yondashuvni tabiiy qabul qiladilar.
Hamma bizneslar, hatto eng yiriklari ham,
juda ochiq tizimdir;
milliy iqtisodiyot esa aksincha.
Ochiq va yopiq tizimlar o’rtasidagi farqni tushuntirish uchun baʼzi noiqtisody misollarni keltiraman. Masalan, maishiy chiqindilarni olaylik. Har yili oʻrtacha amerikalik qayta ishlanmaydigan taxminan yarim tonna qattiq maishiy chiqindi hosil qiladi. Ular qayerga ketadi? Ko’plab hududlarda chiqindilar boshqa joyga yuboriladi. Mening shaharcham har bir aholidan xususiy chiqindi yigʻish xizmatiga obuna bo‘lishni talab qiladi, lekin shaharchaning o‘zida poligon yo‘q; tozalash xizmati chiqindilarimizni to‘kish uchun boshqa bir hududga haq toʻlaydi. Bu shuni anglatadiki, agar shaharcha poligon uchun joy ajratganida, chiqindi toʻplash uchun toʻlovlar pastroq boʻlardi, ammo shaharcha hukumati shunday qaror qabul qilgan: u oʻz chegaralarida koʻrimsiz chiqindixona boʻlmasligi uchun pul toʻlashga tayyor.
Biror shaharcha uchun bu tanlov maqsadga muvofiq. Lekin Qoʻshma Shtatlardagi har bir shahar va okrug ham xuddi shunday tanlov qila oladimi? Hammasi ham chiqindilarini boshqa joyga yuborishga qaror qila oladimi? Albatta, yo’q (chiqindilarni uchinchi dunyo mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatini hisobga olmaganda). Qo’shma Shtatlar uchun “kirgan chiqindi, chiqqan chiqindi” tamoyili so‘zma-so‘z amal qiladi. Mamlakat chiqindilarini qayerga koʻmishni tanlashi mumkin, ammo ularni umuman ko‘mish yoki ko‘mmaslikni tanlay olmaydi. Yaʼni, chiqindilarni yo‘q qilish nuqtai nazaridan, har bir shahar ochiq tizim bo‘lsa ham, Qo‘shma Shtatlar ancha yopiq tizimdir.
Bu tushunarli. Keling, unchalik ko‘zga tashlanmaydigan boshqa bir misolni ham olaylik. Hayotimning bir davrida men “park-and-ride” (avtomobilni chekkada qoldirib, markazga jamoat transportida borish) tizimidan foydalanuvchi edim: har tongda mashinada yirik avtoturargohga borar va undan keyin jamoat transportida shaharga yo‘l olardim. Afsuski, avtoturargoh hajmi yetarli emas edi – u ertalab juda tez to‘lib ketardi va kechroq kelganlar majburan ish joyigacha mashinada borishga to‘g‘ri kelardi. Ammo men shuni angladimki, soat taxminan 8:15 gacha kelsam, har doim bo‘sh joy topishim mumkin edi.
Bu holatda har bir alohida qatnovchi ochiq tizim hisoblanadi - kim ertaroq kelsa, joy topa oladi. Ammo qatnovchilar guruhi bir butun sifatida bunday qila olmaydi. Agar hamma erta kelishga harakat qilsa, avtoturargoh shunchaki ertaroq to‘lib qoladi. Demak, qatnovchilar guruhi, hech bo’lmaganda avtoturargoh masalasida, yopiq tizimdir.
Buning biznes va iqtisod o‘rtasidagi farqqa qanday aloqasi bor? Masalan, hatto juda yirik korporatsiyalar ham odatda ochiq tizimlardir. Ular, masalan, barcha bo’linmalarida bir vaqtda ish o‘rinlarini oshirishi, umumiy investitsiyalar hajmini ko’paytirishi yoki barcha bozorlarida ulushini kengaytirishga intilishi mumkin. Albatta, tashkilot chegaralari mutlaqo ochiq emas: kompaniya tez sur’atlarda kengayishni istasa, yetarli malakali ishchilarni jalb qilish yoki zarur kapitalni yig‘ish qiyin bo‘lishi mumkin. Biroq biror korporatsiyaning bozor ulushi atigi bir necha yil ichida ikki baravar oshishi yoki kamayishi biz uchun ajablanarli emas.
Bunga qarama-qarshi tarzda, milliy iqtisodiyot – ayniqsa AQSh kabi juda ulkan mamlakat iqtisodiyoti – yopiq tizimdir. AQShdagi barcha kompaniyalar keyingi o‘n yilda bozor ulushlarini ikki baravar oshira oladimi? Albatta yo‘q, menejmentlari qanchalik mukammal bo‘lishidan qat’i nazar. Sababi shundaki, jahon savdosi hajmi ortib borayotganiga qaramay, AQShdagi bandlik va yalpi qo‘shilgan qiymatning 70 foizidan ortig‘i chakana savdo kabi na eksport qilinadigan, na import bilan raqobatlashadigan sohalarda jamlangan. Bunday sohalarda bir kompaniyaning bozor ulushi faqat boshqa kompaniya hisobidan ortadi.
Eksport qilinadigan yoki import bilan raqobatlashadigan sohalarda esa AQSh kompaniyalari guruh bo‘lib bozor ulushini oshirishi mumkin, biroq buning uchun eksportni ko‘paytirish yoki importni kamaytirish kerak bo‘ladi. Demak, bozor ulushi o‘sishi savdo profitsitiga chiqishni anglatadi. Avval aytganimizdek, savdo profitsitiga ega davlat – bu kapital eksport qilayotgan davlatdir. Oddiy hisob-kitob shuni ko‘rsatadiki, agar o‘rtacha AQSh kompaniyasi jahon bozoridagi ulushini bor-yo‘g‘i 5 foiz punktga oshirsa, hozirda tashqi dunyodan sof kapital import qilayotgan AQSh tarixda hech qachon kuzatilmagan miqyosda sof kapital eksportchisiga aylanishi kerak bo‘ladi. Agar bu ssenariy sizga ishonchsiz tuyulsa, demak, siz AQSh kompaniyalari umumiy bozor ulushini eng yaxshi boshqaruv sharoitida ham bir-ikki foiz punktdan ortiq oshira olmasligiga ham ishonishingiz kerak.
Biznes vakillari odatda “ochiq tizim”da fikrlaydi, shu bois iqtisodiy tahlilda muammoga duch keladilar. Oldingi ikki misolimizga qaytsak: Biznesmen eksport natijasida yaratilgan ish o‘rinlariga qarab, ularni hikoyaning eng muhim qismi deb biladi. U ish o‘rinlarining ko‘payishi foiz stavkalarining oshishiga olib kelishi mumkinligini tan olar, ammo bu unga noaniq va ikkinchi darajali masala bo‘lib tuyuladi.Iqtisodchi uchun esa bandlik – bu yopiq tizim. Eksport oshishi hisobidan ish topgan xodimlar, xuddi avtoturargohda joy olish uchun kelgan yo‘lovchilar kabi, o‘sha joyni boshqa birovning hisobidan egallaydi.
Tashqi investitsiyalarning savdo balansiga ta’siri-chi? Biznes rahbari uchun bu raqobatga bevosita ta’sir sifatida ko‘rinadi; kapital oqimlarining valyuta kurslari, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlarga ta’siri esa unga ishonchsiz yoki ahamiyatsizdek tuyuladi. Ammo iqtisodchi biladiki, to‘lov balansi ham yopiq tizim: kapital oqimi kirib kelishi har doim savdo defitsiti bilan muvozanatlanadi, demak, kapital kirimi oshsa, savdo defitsit ham oshadi.
Biznes va iqtisodiyotdagi mulohazalar
Korporatsiya rahbarlari ko‘pincha iqtisodiyot haqida yanglish fikrda bo‘lishi va ayrim iqtisodiy g‘oyalar biznesda ko‘proq tarqalishining sababi – kompaniyalar va iqtisodiyotchilarning turli yondashuvga ega bo‘lganidadir. Biznes ochiq tizim, iqtisodiyot esa yopiq tizimda fikrlaydi.
Tasavvur qiling, bir kompaniyaning ikki asosiy mahsuloti bor: vidjetlar va gizmolar. Vidjetlar savdosi kutilmaganda oshdi. Bu kompaniyaning umumiy natijalariga qanday ta’sir qiladi? Vidjet savdosining o’sishi gizmo savdosiga yordam beradimi yoki zarar keltiradimi? Ko’p hollarda deyarli hech qanday sezilarli ta’sir qilmaydi. Vidjet bo‘limi shunchaki ko’proq ishchi yollaydi, qo’shimcha kapital jalb qiladi va faoliyatini davom ettiradi.
Albatta, voqea shu bilan tugamasligi mumkin. Vidjetlar savdosining kuchayishi gizmo bo’limiga bilvosita foyda keltirishi ehtimoli bor: vidjetlardan olingan foyda gizmo ishlab chiqarishni moliyalashtirishi, vidjetdagi tajriba gizmoga o’tishi yoki kompaniya hajmining oshishi ikkala bo’limga ham foyda beradigan qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini qo’llab-quvvatlashi mumkin. Aksincha, vidjetsavdosining tez sur’atlarda o’sishi kompaniya resurslarini jalb etib, gizmoga ajratiladigan imkoniyatlarni kamaytirishi ham mumkin. Ammo bunday bo’limlararo ta’sirlar — ijobiy sinergiya bo‘ladimi yoki resurslar uchun raqobat bo’ladimi — nazariy jihatdan ham noaniq, amalda ham o’lchash qiyin. Qisqasi, kompaniya ichidagi turli yo’nalishlar o’rtasidagi teskari aloqalar mavjud bo’lishi mumkin, lekin ular ko’pincha nozik va sezilmas bo‘ladi.
Milliy iqtisodiyot esa aksincha, tasavvur qiling, mamlakat eksport tarmoqlaridan biri tez sur’atlar bilan o‘smoqda. Agar bu tarmoq bandlikni oshirsa, odatda bu boshqa tarmoqlar hisobiga sodir bo‘ladi. Agar mamlakat bir vaqtning o‘zida kapital kirimini kamaytirmasa, bir eksportning ortishi to‘lov balansi hisobiga boshqa eksportlarning qisqarishi yoki importning oshishi bilan muvozanatlanadi. Ya’ni, bunday eksport o‘sishi boshqa tarmoqlardagi bandlik va eksportga kuchli manfiy ta’sirini keltirib chiqarishi ehtimoli katta. Haqiqatan, bu manfiy ta’sir odatda shunchalik kuchliki, umumiy bandlik yoki tashqi savdo balansidagi ijobiy o‘zgarishlarni yo‘qqa chiqaradi. Nega? Chunki bandlik va to‘lov balansi — yopiq tizimdir.
Biznes kabi ochiq tizimda javob reaksiyasi zaif va noaniq bo’ladi. Iqtisodiyotda esa (yopiq tizimda) javob ko’pincha juda kuchli va aniq bo‘ladi. Ammo farq faqat shunda emas; biznesdagi ta’sir ko‘pincha ijobiy, iqtisodiyda esa, asosan, manfiy bo‘ladi.
Korporatsiyada va milliy iqtisodiyotdagi o‘sishni yana bir bor taqqoslasak. Kompaniyaning moliyaviy, texnologik yoki marketing salohiyatini o‘stiruvchi tarmoqning muvaffaqiyati ko‘pincha boshqa yo‘nalishlarning ham kengayishiga yordam beradi. Ya’ni, bir sohada yaxshi natijalarga erishgan kompaniya boshqa sohalarda ham ko‘proq odam yollashi mumkin. Biroq, ko‘plab tovar ishlab chiqarish va sotishdan iborat iqtisodiyotda tarmoqlar o‘rtasida odatda manfiy aloqa mavjud bo‘ladi – bir tarmoqning kengayishi kapital va mehnat resurslarini boshqa tarmoqlardan tortib oladi.
Aslida iqtisodiyotda ijobiy aloqa ham bor. Ular ko‘pincha ma’lum bir tarmoq yoki o‘zaro bog‘liq tarmoqlar guruhida, ayniqsa bu tarmoqlar geografik jihatdan jamlangan bo‘lsa, yaqqol ko‘rinadi. Masalan, Londonning moliyaviy, Gollivudning esa ko‘ngilochar markazga aylanishi – ijobiy aloqa ishlashining aniq misollaridir. Ammo bunday holatlar odatda ma’lum hudud yoki tarmoqlar bilan cheklanadi; milliy iqtisodiyot miqyosida esa manfiy aloqa ustun bo‘ladi. Sababi tushunarli: alohida bir hudud yoki tarmoq AQSh iqtisodiyoti, qolaversa butun dunyo iqtisodiyotiga qaraganda ancha ochiq tizimdir. Alohida bir tarmoq yoki tarmoqlar guruhi boshqa sohalardan ishchi kuchini jalb qilishi mumkin; shuning uchun agar ma’lum bir tarmoq yaxshi natija ko‘rsatsa, bandlik nafaqat o‘sha tarmoqda, balki unga bog’liq boshqa tarmoqlarda ham ortishi mumkin, bu esa birinchi tarmoqning muvaffaqiyatini yanada mustahkamlaydi. Demak, agar ma’lum bir sanoat majmuasiga qaralsa, ijobiy aloqani ko‘rish mumkin. Ammo makro miqyosda, bu hududiy ijobiy aloqa boshqa joylardagi manfiy qayta aloqa bilan muvozanatlanadi. Biror tarmoq yoki tarmoqlar klasteriga jalb etilgan qo‘shimcha resurslar boshqa joydan, tarmoqlardan olinishi kerak.
Biznes egalari yopiq tizimga moslashmagan. Xususan, ular alohida bir kompaniya yoki tarmoq nuqtayi nazaridan noaniq ko‘rinadigan ta‘sirlarning – masalan, ishga olish kamayganida o‘rtacha ish haqi o‘zgarishi yoki xorijiy investitsiya ko‘payganda valyuta kursining o‘zgarishi milliy iqtisodiyotga umumiy ta’sirini naqadar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishini tushuna olmaydilar.
Prezident nima qilsin?
Biznesdagi muvaffaqiyat qadrlanadigan jamiyatda siyosiy yetakchilar pul bilan bog‘liq ko‘plab masalalarda biznes rahbarlaridan maslahat oladi. Biz talab qila oladigan narsa esa – ham maslahatchilar(biznesmen), ham maslahat oluvchilar (siyosatchilar) biznesdagi muvaffaqiyat iqtisodiy siyosat haqida nimani tushuntirishi va nimani tushuntira olmasligini bilsinlar.
1930 – yilda, dunyo chuqur tanazzulga kirib borar ekan, Jon Meynard Keyns inqirozni yengillashtirish uchun keng ko‘lamli monetar ekspansiyani (pul-kreditni keskin kengaytirishni) yoqladi va oltin standartiga sodiq bankirlar yoki ishlab chiqarishni cheklab narxlarni ko‘tarmoqchi bo‘lgan sanoatchilar maslahatiga emas, balki iqtisodiy tahlilga tayanuvchi siyosatni taklif etdi. “Zotan, hech kim ishonmasa ham, iqtisodiyot texnik va murakkab fandir.” Agar uning maslahati inobatga olinganida, ehtimol, depressiyaning eng og‘ir talafotlarining oldi olingan bo‘lardi
Keyns haq edi; iqtisodiyot murakkab va texnik fan. Yaxshi iqtisodchi bo‘lish yaxshi biznes boshqaruvchi bo‘lishdek murakkab (balki biroz osonroqdir, raqobat unchalik katta emas). Biroq iqtisodiyot va biznes bir xil soha emas; birini mukammal egallash ikkinchisini tushunishni kafolatlamaydi. Muvaffaqiyatli biznes yetakchisi kuchli harbiy strateg bo‘lmaganidek, iqtisodiy ekspert ham emas.
Keyingi safar tadbirkorlarning iqtisodiyot haqidagi fikrlarini eshitsangiz, savol bering – ular iqtisodiyotni o’rganishganmi? Mutaxassislarning maqolalarini o‘qiganmi? Agar javob yo‘q bo‘lsa, ularqanchalik muvaffaqiyatli biznesmen bo‘lishidan qat‘iy nazar so‘zlarini jiddiy qabul qilmang – ehtimol, ular nima haqida gapirayotganini o‘zlari ham bilishmaydi.
Telegram: @economist_Martin , @Fan_choyxonasi
Tarjima ishlarini qo‘llab quvvatlash uchun: 8600030418967430 (Muxammad Turniyozov)