Dasturlashga endi kirganlarga dasturlashga sal oldin kirgan bir odamdan tavsiyalar

Dasturlashga endi kirganlarga dasturlashga sal oldin kirgan bir odamdan tavsiyalar


  1. Ingliz tilini o'rgan. Bu eng jiddiy maslahat.
  2. Qiziqmasang - qilma. O'z yo'nalishingni o'zing tanla. Kimdir yaxshi soqqa qilganiga qarab ko'r-ko'rona shu yo'lga kirib, 2 oydan keyin dasturlashdanam boshqasidanam ko'ngling sovimasin. Qiziqsang - qil. Hammadan so'rab yurma "mana bu yaxshimikan yo bu" deb. Ikkalovini sinab ko'r, o'zing uchun kashf qilasan haqiqatni. Kim uchundir yoqimsiz tuyulgan narsa sen uchun eng yaxshisi bo'lishi mumkin.
  3. Har qanday savolingga sen balki tug'ilmasingdan oldinroq javoblar topib qo'yilgan. Internetni ishlat, googleni ishlat. Internetdan topa olmagan narsangni kimdandir so'rashda bunga amal qil: savolni batafsil yorit, chiqqan xatolikni to'liq ko'rsat, o'zing urinib ko'rgan yo'llarni ko'rsat.
  4. Hozir dasturlashni boshlayman, 5-6 oy o'rganib keyin mana buncha pul ishlab boshlayman degan narsani xayolingdan chiqar. Realist bo'l. Tajriba undan ko'proq vaqtni talab qiladi. Balki 1-2 yil, balki undan ko'proq sarflarsan. Mehnatdan qochmasang, sen uchun ish bor har doim. Har bir ishingdan pul olaman deb maqsad qilma. Odamlar senga pul berishlari uchun avval ishingni ko'rishlari kerak. Portfolio uchun ishlashni ham o'rgan.
  5. Qizlar ortidan quvma. Ko'ngil ochish uchun qizlarni bezovta qilma. Ertaga mana shu kunlaring seni bezovta qilishi mumkin. Unda afsus qilasan. Qizlarni hurmat qil. "Nopok xotinlar nopok erkaklar uchundir. Nopok erkaklar esa nopok xotinlar uchundir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchundir." "Nur" surasi, 26-oyat.
  6. Telefoningdan Pubg kabi o'yinlarni, TikTok kabi eng bemaza vaqt kushandalarini o'chir, o'yin o'ynashni sal keyinga qoldir, qo'lingda puling, o'zing xohlagan ishing, vaqting bo'ladi. Ota-onang senga bog'lab berilmagan, ertaga ulardan ayrilasan. O'sha vaqti oyog'ingda turolishing kerak. O'yinlar-u ijtimoiy tarmoqlar qutqarmaydi seni u vaqtda. Hozirgi kuningning yaxshiligi ko'zingni xira qilmasin.
  7. Kuchli bo'l. Dasturchi hayoti sen o'ylaganingdan ko'ra zerikarliroq, yolg'izroq bo'lishi mumkin. Profilingga "qiynaldim, aldamchi dunyo..." va h.k. rasmlar, yozuvlarni qo'yganing - bu sening irodang bo'shligidan. Bu yo'l bilan sen g'irt begonalarga muammolaring bilan dod-voy solyapsan, hayoting o'z yaqinlaringdan boshqa hech kimga qiziq emas, vaqt o'tib o'zingga erish tuyuladi bu qilgan ishlaring. Ruhan dalda beradiganlar sening yaqin do'stlaring bo'lishadi. Muammolaringni eng yaqin do'sting, do'stlaring bilsin, ular siringni saqlaydi, ustingdan kulmaydi, dalda beradi.

Report Page