Dasturlash haqidagi afsonalar
@apiuzTexnologiya sanoati paydo bo'lganidan buyon turli stereotiplar yuzaga kelgan: dasturlash qat’iy ravishda erkaklar mashg’uloti sanaldi, IT sohasidan uzoq kishilar ham ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarni buzib kira olishlari oddiy holatga aylandi.
Sohaga yangi kirib keluvchilar turli to’siqlarga duch kelishlari mumkin. Ularga yengillik yaratish maqsadida biz rivojlanishga xalaqit beruvchi dasturlash haqida eng keng tarqalgan afsonalarni sanab o’tamiz.
Juda aqlli bo’lish kerak
Bu IT yo'nalishiga endi qadam qo’yadiganlarni o’z dasturini yaratishda qo’rqitadigan eng asosiy afsona. Ko’pchilik dasturchi bo’lish uchun o’zini yetarlicha aqlli deb hisoblamaydi. Dasturchilar esa aslida robot yoki daholar emas. Shunday ekan, dasturlashni o’rganish unchalik ham qiyinmas.
Dasturchilarning o’zi esa kompyuter dasturlari, o’yinlari va ilovalarini yaratishga ishtiyoqi kuchli bo’lgan oddiy kishilardir. Kod yozuvchi mutaxassis uchun shunchaki motivatsiya, qiziqish va intizomli bo’lishi kifoya.
Agar siz yangilikka o’ch bo’lsangiz va bilimlaringizni amaliyotda qo’llashni istasangiz, dasturlash siz uchun nafaqat foydali, balki yoqimli mashg’ulotga ham aylanishi mumkin. Albatta, haqiqatdan-da murakkab vazifalar ham bo’ladi, ularni tajribangiz oshgani sayin hal etib borishingiz aniq.
Matematikani bilish kerak
Dasturchi matematikani yaxshi bilishi kerak - yana bir keng tarqalgan afsonalardan biri. Aslida, dasturlashdagi muvaffaqiyat to’g’ridan-to’g’ri matematik qobiliyatga bog’liq emas. Boshida oddiy maktabdagi algebrik bilimlar ham yetadi. Qoidasiga ko'ra, dasturlash – kompyuter uchun ma’lum bir vazifani bajaruvchi buyruqlarni yozish hisoblanadi. Xuddi tort tayyorlash uchun retseptni yaratishdek gap.
Hech qanaqa oliy matematika, integral va murakkab formulalar shartmas.
Boshqa tomondan qaraydigan bo’lsak, matematika katta rol o’ynovchi sohalar ham bor. Masalan, o’yinlar yaratishda trigonometriyadan xabardor bo’lish, differensial tenglikni hisoblash va matritsalar bilan ishlashni bilish kerak. Lekin yana o’sha – boshlang’ich bilimlar.
Agar sizda matematika yoki fizika bo’yicha ko’proq bilimlarga zaruriyat paydo bo’lsa, qo’shimcha o’qishingiz, internet yoki kitoblardan qiziqarli axborotlarni olishingiz mumkin.
Dasturlash ijodkor uchun emas
Aksariyat kishilar buni rad etsa-da dasturlash o’ziga xos ijod. Dasturchilar sayt, o’yin yoki ilovalar yaratish bilan shug’ullanishsa, yozuvchilar roman, esse va hikoyalar yozish bilan band bo’ladi. Dastur tuzish kishiga o’z ijodiy g’oyalarini, fikrlarini ifodalashga imkon beradi.
Bundan tashqari, texnik bilimlar ijodkorlarga o’z imkoniyatlarini kengaytirishga ham yo’l ochadi. Umuman olganda, dasturlash – istalgan sohada faoliyat ishlovchi kishining imkoniyatlarini oshiruvchi ijodiy faoliyat turidir.
Dasturlash “botaniklar” uchun
Dasturchilar haqidagi stereotiplarni uchratish uchun bir nechta filmlarni ko’rish yetarli: ko’zoynakli sochlari to’zg’igan yigit yerto’lada bir nechta monitor ro’parasida o’tiribdi va tezpishar lag’mon tanovul qilmoqda.
Ko’pchilik dasturlashga qadam qo’ysa shu ahvolga tushishdan qo’rqishadi. Ayniqsa, ayollar buni jiddiy qabul qilishadi. Dasturchilar bunday hayot kechirishi aniq qoida emas. Ular orasida musiqachilar, raqqoslar va sportchilar ham ko’p bo’lib, bir qarashda ularni boshqa kasbdagilardan ajratish mushkul.
Nodir qobiliyat kerak
Ko’pchilik dasturchi bo’lish uchun o'ziga xos qobiliyat bilan tug’ilish kerak deb hisoblaydi. Lekin dasturlash paydo bo’lgandan buyon bunday holat kuzatilmagan. Yaxshi dasturlar tayyorlash malakasi ishga sarflangan kuch natijasidir, xuddi sportchining muvaffaqiyatlari asosi tinimsiz mashg’ulotlar bo’lganidek.
Dasturlash – zerikarli mashg’ulot
Biror bir mashg’ulotdan olinadigan taassurot unga qanday yondashishga bog’liq. Dasturlashga qiziquvchilar uni zerikarli deb hisoblamaydilar, aks holda ular bu bilan shug'ullanarmidilar?
Kishi dasturiy ta’minotdagi o’ziga ma’qul sohani tanlashi kerak: mobil ilova, sayt yoki web-ilova yaratish bo’ladimi yoki kosmik mashinalar, samolyot va avtomobillar uchun dasturiy ta’minot yozishmi, farqi yo’q. Dasturlashdagi bilimlarni turli sohalarda ishlatish mumkin: qishloq xo’jaligidan tortib raketa qurilishigacha. Bu zerikarli bo’lishi mumkinmi?
Kishilar bilan muloqot qilishdan to’xtaysiz
Dasturchilar faqat kompyuter qarshisida boshqalardan ajralib hayot kechiradilar, degan afsona ham yo’q emas. Dasturlash haqiqatdan ham ishga alohida e’tibor bilan yondashishni talab etadi lekin bu boshqa jiddiy sohalarda ham bor.
Ish davomida dasturchilar o’z hamkasblari bilan ko’p muloqot qilishlariga to’g’ri kelishini esa rad etib bo’lmaydi. O’z tajribalarini boyitish uchun dasturchilar turli konferensiyalarda qatnashishlari, qiziqishlar bo’yicha klublar tashkil etishlari va o’z sohalaridagi professionallar bilan muloqot qilib turishlari sir emas.
Ko’p narsani eslab qolish kerak
Dasturlash tili chet tili emas, uni tushunish va ishlash uchun eng ko’pi 2000 ta so’zni eslab qolsa yetarli. Bundan tashqari, eslab qola olmagan ma’lumotlaringizni istalgan paytda internet orqali topishingiz mumkin. Ma'lumotlarni eslab qolish majburiy emas balki ular doimiy bajarilaverib refleksga aylanadi. Ba’zi mashhur dasturchilar ham oddiy algoritmlarni eslab qola olmayotganliklaridan noliydilar.
Barcha algoritmlarni bilish kerak
Algoritmlar – dasturlash asoslaridir. Ulardan ba’zilari oddiy, boshqalarini tushunish uchun qo’shimcha bilim talab etiladi. O’z navbatida, siz ularni yoddan bilishingiz zarur emas. Amaliyotda ishlash davomida eslab qolish yaxshilanadi.
Zamonaviy dasturlash dasturiy ta’minot yaratish bilan bog’liq ishlarni soddalashtirdi. Bu esa dasturchining kundalik ishlarini kamaytirib haqiqatdan-da foydali vazifalarni yechishi uchun vaqt ajratish imkonini berdi. Lekin shunda ham algoritmlarni o'rganish kerak.
Shuncha kodni yozishga sabrim yetmaydi
Mukammal dasturlar o’n minglab qator kodlardan iborat bo’lib bu boshlang’ich dasturchilarni qo’rqitadi. Shunga qaramay, dastur ishlab chiqaruvchilar deyarli o'xshash usullarni ishlatadilar. Bu xuddi chet tilidek: turli so’z va tushunchalarni birlashtirish orqali siz istalgan kishi bilan suhbatlashishingiz mumkin. Dasturlash ham shunga o’xshash jarayon. Nima bo’ladiganini 80 % tushunish uchun dasturchilar 2000 ta so’zni bilishlari yetarli.
Albatta, dastlabki paytlarda yirik dasturlarni yaratish qiyin, biroq tajribangiz oshib boraverishi bilan ishingiz unumdorligi ham ortib boraveradi, avvaliga kuniga bir necha yuzlab qator kodni yozsangiz keyinroq soatiga shuncha kod terishingiz mumkin. Amaliyotni to’liq o’zlashtirib olganingizdan keyin 10 000 qator bolalar o’yinidek bo’lib ko’rina boshlaydi.
Dasturlash jiddiy ish emas
Bu gapni eshitgan bo’lishingiz mumkin. Misol uchun, konlardagi og'ir ish bilan dasturlashni taqqoslaganda bu kasb jiddiy emasdek ko'rinishi tabiiy. Biroq, dasturlash yordamida shaxtalarda bajariladigan ishlarni avtomatlashtirish, jarayonni yanada unumdor va xavfsizroq qilish mumkin. Hali ham dasturlashni jiddiy emas deb hisoblaysizmi?
Menga kuchli kompyuter kerak
Ko’pchilik dasturlash uchun kuchli kompyuter va 5 ta monitor kerak degan fikrda. Unday emas. Dasturlashdagi boshlang’ich bilimlarni o’yin uchun mo’ljallangan oddiy kompyuterda ham olish mumkin. Kompyuter o’yinlari yoki brauzer boshlang'ich kodni ishga tushiruvchi dasturlardan ko’ra ko’proq kompyuter quvvatini talab qiladi. Kompilyator va interpretator dasturlari yirik ekran joyini talab qilmaydi, shu bois bir nechta monitorlar sizga shart emas.
Kompyuter kodlari tushunish uchun juda qiyin
Bir qarashda kompyuter dasturlari juda murakkab va tushunarsiz ko’rinadi. Unday bo’lsa Xitoy iyerogliflariga qarang. Yer yuzidagi taxminan 1,3 mlrd kishi xitoy yozuvlarini o’qiydi, yozadi va tushuna oladi. Dasturlash tilini esa ovoz chiqarib o’qish yoki u tilda so'zlashish shart emas, bitta dasturlash tilining asosiy qo’llanmalari esa 50-100 tadan oshmaydi.
Men web-sayt yaratdim, demak men dasturchiman
Aslida bunday emas. Sayt yaratish ko’pincha HTML va CSS bilimlarini talab qilmaydi. Professional web-dasturchilar ko’plab dasturlash texnologiyalari va tillarini biladilar.
Bir oy yoki shunga o'xshash qisqa muddat ichida mukammal dasturchi bo'lishga kafolat beruvchi web-kurslar borligi afsonadir. HTML, CSS, PHP, JavaScript ma'lumotlar bazasi, mijoz-server texnologiyasi bo'lsa, SQL, Apache, Git - web-dasturchilar har kuni duch keladigan texnologiyalarning kichik bir qismidir. Bularni o’rganish unchalik ham qiyin emas, avval ta’kidlaganimizdek kuchli ishtiyoq va diqqat qilish bilan buning uddasidan chiqish mumkin.
Dasturchilar barchasini noldan boshlab yozadilar
Agar dasturchilar hammasini noldan boshlab yozganlarida edi biz shuncha foydali va har xil dasturlarni ko’rmagan bo’lar edik. Zamonaviy dasturlar minglab qator kodlardan iborat bo’ladi va ularning katta qismi boshqa dasturchilar tomonidan yoziladi.
Dasturchilar tez-tez tashqi manbalardan, o’zlari boshqa loyiha uchun yozgan kodlaridan foydalanib turadilar. Bu o’yinlar va operatsion tizimlar kabi yirik dasturlar yaratish jarayonini soddalashtiradi.
Kurslar tugagach o’qish yakunlanadi
Til o’zlashtirilganidan keyin o’qish tugamaydi. Aslida, tilning boshlang’ich malakalarini o’rganish qiyin ham emas, ularni amaliyotda qo’llash nisbatan murakkabroqdir.
O’qish hech qachon tugamaydi: agar siz o’rganishni to’xtatsangiz biroz vaqtdan keyin egallagan bilimlaringizni unutib yuborishingiz mumkin. Bunga yo’l qo’ymaslik uchun olgan bilimlaringizni hamisha amaliyot bilan mustahkamlab borishingiz kerak.
Chet tilini o’rganishdagidek uzoq vaqtli tanaffuslar yakuniy natijaga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Dasturchi bo’lish uchun universitetda o’qish kerak
Dasturchi bo’lish uchun universitetda o’qish shartmas. Zaruriy axborotni internetdan ham topsa bo’ladi. Onlayn kurslar, kitoblar, forumlar, shu mavzudagi saytlar – bilimlaringizni mustahkamlash imkonini beradi. Bu uchun hattoki uydan chiqishingizning ham keragi yo’q.
Albatta ba’zilar OTMda asosiy qoidalar va matematikani yaxshiroq tushuntirishadi deb hisoblaydilar, lekin avvalgi maqolamizda aytganimizdek, dasturlashda integrallarni hisoblash kerak emas.
Boshqa tomondan qaraydigan bo’lsak, tajribali ustozlar qoidalarni osonroq tushunib olishingizga yordam berishadi. Ammo bunga 4-5 yil sarflashning keragi yo’q. Shunchaki yaxshi murabbiy toping va u bilan individual tarzda shug’ullaning.
Ko’pchilik ish beruvchilar qo’l ostida diplomli mutaxassis ishlashini istashadi, lekin shu bilan birga, ishini yaxshi biladigan, tajriba va o’z portfoliosiga ega xodimni ishga qabul qilishni rad etmasliklari ham bor gap.
Avvalo, sintaksisni to’liq o’rganish zarur
Dasturlash tilining sintaksisi bu dasturchilar dasturni yozadigan qoidalari hisoblanadi. Albatta, sintaksisni bilish biror vazifani yechimini topishda tilning imkoniyatlaridan to’liq foydalanishga yo’l beradi, lekin uning ichiga chuqur kirib ketish shartmas. Boshlang’ich til qurilmalari oddiy dasturlar yaratish uchun yetarli.
Zaruriyat tug’ilganda, foydalanadigan tilingiz bo’yicha bilimlaringizni boyitishingiz mumkin.
Amaliyotdan ko’rinib turganidek, yillab dasturlashni o'qish muvaffaqiyatni kafolatlamaydi, aksincha yangi axborotlar qo'shilgani sababli, olingan bilimlar yil sayin eskirib bormoqda.
Bir nechta darslarni ko’rib dasturlashni o’rganib olishim mumkin
Turli ta’lim muassasalar va o’quv kurslar bir necha soat yoki kun ichida dasturlashni o’rgata olish haqida va’dalar beradilar. Ammo, har bir kishi o’z imkoniyatidan kelib chiqib o’rganadi.
Dasturlashni o’rganish bo’yicha turli samarali usullar bor, lekin haqiqatdan-da dasturchi bo’lish uchun nisbatan ko’proq vaqt talab etiladi. Qisqa ma’ruza yoki YouTube’da videodarsni tomosha qilishning o’zi yetarli emas.
Dasturchi bo’lish oson
Reklamalarda qanchalik ishontirishmasin, dasturlashni o’rganish o’ylaganingizdan ko’ra qiyinroq. Agar siz rostdan ham malakali mutaxassis bo’lishni va shu sohada pul ishlashni maqsad qilgan bo’lsangiz buni uddasidan chiqish mumkin.
Shu bilan birga, dasturlash faqat bitta tilni bilishning o’zi emas. Bu bir qator malakalarga ega bo’lish hamdir: kodlar repozitoriysi bilan ishlash, yirik vazifalarni kichiklarga ajratish, hujjatlar yuritish, sinovdan o’tkazish, turli dasturlash tillarida kodlash.
Professional dasturchi bo’lish uchun ko’plab vaqt va kuch talab qiluvchi texnologiyalar va metodikalarni o’zlashtirish kerak. Bu kabi ishlarda qat’iyat va motivatsiya eng katta yordamchilar hisoblanadi.
Bu jarayon juda uzoq davom etadi
Birinchi dasturingizni yozishni o’qishni boshlaganingizdan 2-3 kun o’tiboq boshlashingiz mumkin. Turgan gapki, bu dastur kam foydaga ega bo’ladi hamda u orqali pul topib ham bo’lmaydi, lekin u sizning oldingizga qo’yilgan qandaydir kichik vazifani yechishi mumkin. Buning o’zi katta gap aslida.
Keng qamrovli dasturlar yozishga sal keyinroq kirishishingiz mumkin. Bunga ba’zida bir necha oylar ketishi mumkin. Agar dasturlashga ko’proq kuch va e’tibor qaratsangiz OTMlarda belgilangan 4 yildan avvalroq ham yaxshi pul topib ketishingiz mumkin.
Men hech qachon tajribali dasturchilar darajasiga yeta olmayman
IT’ga yangi kirib kelganlar ko’pincha “Anchadan buyon dasturlash bilan shug’ullanadigan mutaxassislar bilan qanday tenglashish mumkin?” degan savolni berishadi. Unchalik ham qiyin emas.
Texnologiyalar hamisha o’zgaradi, tajribali dasturchilarning bilimlari ham tez eskiradi. Raqobatga dosh berish uchun ulardan doimo o’rganish va mukammallashuv talab qilinadi.
Shunday ekan, asosiy bilimlarni egallaganingizdan keyin siz tajribali dasturchilar bilan deyarli teng darajada bo’lasiz.
Bundan tashqari, yangi texnologiyalar haqida gap borganda siz nisbatan ustunroq hamsiz. Dasturchilar odatda oxirigacha o’zlariga yaxshi tanish bo’lgan, anchadan buyon ishlatgan texnikalaridan foydalanishni ma’qul biladilar. Siz esa ommalashayotgan istalgan yo’nalishni oson egallab olishingiz mumkin.
Tajribangiz yo’qligidan yutuq sifatida foydalaning.
Dasturlashni o’rgatadigan eng yaxshi kurs yoki sayt bor
Internetda dasturlashni o’rganish bo’yicha hamda qanday qilib uni yengillashtirish bo’yicha minglab manbalar, fikrlar mavjud. Lekin barcha uchun eng yaxshi kurs, o’qituvchi yoki kitobning o’zi yo’q. Siz o’zingizga mos o’quv dasturini o’zingiz topishingiz kerak.
Bir nechta saytlarda ro’yxatdan o’ting va darsliklarni, videodarslarni ko’zdan kechiring, uyingiz, ishxonangizga yaqin dasturlash kurslari bilan tanishing, sinov darslarida qatnashing va shundan keyingina o’zingizga ma’qulini tanlang. Ular bir nechta usulda bo’lishi mumkin: onlayn-kurslar + kitob yoki o’qituvchi bilan mashg’ulot + maxsus saytlarda bu vazifani bajarish.
Muhimi, reklamalarga kamroq ishoning va ko’proq o’zingiz sinab ko’ring.
Dasturlashni o’rganaman, tezda ilova tayyorlab boyib ketaman
Millioner bo’lish – ajoyib maqsad. Dasturlash bunga yordam beradi, lekin oshirib yuborish ham yaramaydi. Bill Geyts, Makk Zukkerberg, Pavel Durov yoki Sergey Brin – ularning hech qaysi bir kunda millionerga aylanib qolmagan. Ular o'z vaqtida insonlarning muammosini dasturlar yordamida hal qilishning uddasidan chiqqanlar.
Siz o’qishni boshlaganingizning 2-haftasidayoq sifatli MMORPG’gizni, zo’r saytingiz yoki mobil ilovangizni yaratishni kutayotgan bo’lsangiz xafsalangizni pir bo’lishi mumkin: buning iloji yo’q.
Dasturlash oson va tez pul topish usuli emas, balki maqsadingizga erishishning vositasidir. Shunday bo’lsa-da dasturlash karyerangizning o’sishi va shaxsiy biznesingizni yaratish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ham unutmang.
Yaxshisi murakkab tillardan boshlash kerak
Birinchi sinfga qadam qo’yar ekansiz, hech kim sizga integrallarni o’rgatishni o’ylamaydi, hattoki ko’paytirishni 2-sinfga kelib o’rganasiz. Dasturlash ham shunday: motivatsiyangiz va ijobiy natijaga erishish ishtiyoqingizni saqlab qoling – Python, PHP yoki JavaScript kabi oddiy tillardan boshlang.
Dasturlashning boshlang’ich asoslarini o’zlashtirganingizdan keyingina C++ yoki Objective-C kabi nisbatan qiyinroq texnologiya va tillarga o’tishingiz mumkin.
Dasturlash bo’yicha barcha kurslar bir xil, istaganingizni tanlashingiz mumkin
Yo’q, barcha kurslar turlicha. Ularni har xil o’qitish metodiga va o’z tushuntirish uslubiga ega o’qituvchilar o’rgatadi. Eng yomoni yoki eng yaxshisi mavjud emas: siz yaxshisi o’zingizga eng ma’qul kelganini tanlang.
Ko’p hollarda sinov muddati yoki pulni qaytib olish imkoni bo’ladi. Shu uchun bir to’xtamga kelishdan oldin bir nechta variantlarni ko’rib chiqing.
Dasturchi bo’lish uchun kuniga 30 daqiqa sarflash yetarli
Afsuski, bu kamlik qiladi. Hattoki kuniga 2 soat shug’ullanish bilan ham faqat “o’zingiz” uchun dastur yaratishga yetadigan asosiy malakalarni egallashingiz mumkin.
Biroq, mashg’ulotingizni xobbi doirasidan chiqib, malakali dasturchi bo’lib yetishishni istasangiz dasturlash bilan jiddiy shug’ullanishingiz kerak.
Men dasturlashni o’rganish uchun qarilik qilaman
Dasturlashni o’rganish uchun juda qari yoki yosh bo’lish mumkin emas. Bu xohish yosh bilan cheklanmagan. O’qish istagi va o’rganilganlarni amaliyotda qo’llash yoshingizdan qat’iy nazar sizga ijobiy natijalarga erishish uchun yo’l ochadi.
Istalgan yoshda chet tilini o’rganish mumkin bo’lganidek, xohlagan paytingizda dasturlashni o’rganishingiz mumkin.
U dasturlash uchun juda yoshlik qiladi
Ko’pincha ota-onalar farzandi yoshini dasturlashni o’rganish uchun omil sifatida belgilashadi. Albatta, bolalarni va kattalarni o’qitish o’rtasida farq bor, lekin yoshning o’zi dasturlashni o’rganishga hech qanaqa to’siq bo’lmasligi kerak.
8-9 yoshdan bolalar dasturlashning asosiy konsepsiyalarini yaxshi tushuna boshlaydilar va o’zlarining ilk dasturlarini tuzadilar, masalan, Scratch tilida.
Dasturlash ayollar uchun emas
Albatta, ayollarga qaraganda erkak dasturchilar soni ko’proq. Ammo bu ayollar dasturlash bilan shug’ullanishmaydi degani emas. Ko’plab muvaffaqiyatga erishgan ayol-dasturchilar bor.Shu o’rinda bir qiziqarli fakt: dunyodagi birinchi dasturchi Ada Lavleys ismli ayol kishi bo’lgan. Marissa Mayer esa Google dasturchilari jamoasiga birinchi qo’shilganlardan edi. Shunga qaramay, aksariyat ayollarni IT o’ziga jalb etmaydi, xuddi parfyumeriya sanoatiga qiziquvchi erkaklar kam bo’lganidek.Ta’kidlash kerakki, bu holat kasbning murakkabligi bilan emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy bosimlar va ayollarning shaxsiy qiziqishlari bilan bog’liqdir.Ayollarning dasturchi bo’lmasliklari uchun hech qanaqa obyektiv sabab yo’q. Ayollar va erkaklarning bu sohaning karyerasida yuksalish imkoniyatlari teng.
Barcha dasturchilar – xakerlar
Ba’zida dasturchilarni xakerlar bilan tenglashtirishadi. Bu esa salbiy holat. Xakerlar qonunlarni buzuvchilar bo’lib, ta’qiqlangan manbalarni ochishga harakat qiladilar, dasturchilar esa bu ma’lumotlarni saqlashga intiladilar.
Shu ma’noda dasturlashni o’rganish sizni “ma’lumotlarni buzib kiruvchi mutaxassis”ga aylantirib qo’ymaydi.
Hamma dasturchilar texnikalarni sozlay olishlari kerak
Siz o’zingiz bunday deb o’ylamasangiz ham qarindoshlaringiz, yaqinlaringiz va do’stlaringiz shunday fikrlashadi. Dasturchi ekanligingizni aytganingiz zahoti, ular sizdan printerni tuzatish yoki yangi noutbuk sotib olishga yordam berishingizni so’ray boshlashlari mumkin. Dasturchilar texnikalar, xususan kompyuterlarni tuzatishni bilishlari majburiy emas.
Boshqa tomondan qaraganda, qiziqishlar sizni tizim blokini sozlash, qattiq diskni almashtirish kabi ishlarni bajarishga undashi mumkin, lekin bu dasturchining asosiy vazifasi emas. Dasturchilar dasturlar tuzishadi, remont bo’yicha ustalar esa texnikalarni sozlashadi.
Bir til boshqalariga qaraganda yaxshiroq
Dasturchilar o’zlari ishlaydigan dasturlash tilini maqtashni yaxshi ko’radilar. Ko’pincha bir tilning boshqasidan yaxshi ekanligi haqida fikrlarni eshitish mumkin. Ammo gap shundaki, har bir til ma’lum bir maqsad uchun xizmat qiladi.
Shunday ekan, bir tilni butkul ikkinchisidan yaxshi deyishning imkoni yo’q. Bu italyan tili yaxshimi yoki fransuz degandek gap. Siz qaysi mamlakatda bo’lsangiz o’sha davlat tili sizga qo’l keladi.
Bundan tashqari, dasturlashni yangi boshlaganlar uchun mos keluvchi tillar ham bor, masalan Python. Lekin, siz o’rganishni Java, C# yoki C++ dan ham boshlashingiz mumkin.
Ba’zi tillar matemetik hisoblar, kompyuter resurslarini boshqarish uchun qulay. Shundan kelib chiqib, tilning yaxshi yoki yomonligi qaysidir vazifani bajarish doirasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Aynan shu sabab tillar bir-biriga qarshi emas, birga ishlashi kerak.
Barcha dasturlash tillari bir xil
Ko’pincha barcha dasturlash tillari bir xil vazifani turlicha yechish variantlaridir, deb hisoblashadi. Lekin doim ham unday emas. Turli dasturlash tillaridan har xil vazifalarni yechishda foydalaniladi.
Python o’rganish, saytlar yaratish va ma’lumotlarni qayta ishlashda yaxshi, JavaScript‘dan dinamik web-saytlar yaratishda foydalaniladi, C++ ni esa ishlab chiqarish muhim sohalarda qo’llagan ma’qul, PHP – saytlar yaratish uchun eng mashhur sayt, Swift esa iPhone uchun ilovalar yaratishda ishlatiladi.
Ko’rib turganingizdek har xil tillar turli vazifalarni yechishda ishlatiladi.
O’rganish jarayonida eng yaxshi qurilmalar ham qotib ishlaydigan bo’lib qoladi
Dasturchilar nafaqat boshqalar balki o’zlari uchun ham eng yaxshi dasturlarni yaratishga harakat qiladilar. Bunday dasturlardan biri aniq IDE bo’lishi mumkin. U dasturlash sohasida qo’llaniladi va foydalanuvchi (dasturchi) ga kod bilan ishlash uchun qulay interfeysni taqdim etadi. Ular o’zi sintaktik matnlarni tugatadi, shuningdek, xatolar va kamchiliklarni ham kuzatish imkonini beradi.
Bu dasturlar sizning o’rningizga kod yozadigandek bo’lib tuyulishi mumkin, aslida unday emas. Rul kuchaytirgichi bilan avtomobilni boshqarishingiz, mashina mustaqil o’zi burilishini bildirmaydi. Kod muharriri bilan ham xuddi shunday: asosiy ishni dasturchi bajaradi, u shunchaki yordam beradi.
Ba’zan professional dasturchilar sizni “qiyin” muharrirlardan, hattoki Vim’dan foydalanishga undashlari mumkin. Ammo, bloknot yoki Vim’dan foydalanish sizni yaxshi dasturchi qilib qo’ymaydi, xuddi shunday IDE’dan foydalanish sizni yomon dasturchi ham qilmaydi.
Yangi tillarni o’rganish kerak
Python 1991-yilda paydo bo’lgan, C++ esa 1983-yilda. Bu ularning eskirganini bildirmaydi, lekin yangi tillarni ham o’rganish zarur. Dasturlash tillari hamisha yangilanadi, ularga sintattik konstruksiyalar qo’shish bilan tarkibini kengaytirib boradilar. Bu xuddi avtomobillardek: ilk Mercedes’ni 100 yil avval yaratishgan, lekin har yili uning
yangi modellarini chiqarish davom etmoqda.
Aniq bir qo’yilgan vazifani hal etuvchi tilni o’rganing. Dasturlashni boshlamoqchimisiz, Python‘ni tanlang; saytlar tayyorlamoqchimisiz PHP yoki JavaScript yaxshi, mobil ishlanmalarga qiziqsangiz Swift (iPhone) yoki Java (Android)ni ko’rishingiz mumkin.
Haqiqiy dasturchilar C++ da yozishadi
Haqiqiy haydovchilar faqat mexanikadan foydalanadilar va haftasida bir garajda avtomobil dvigatelini ko’zdan kechiradilar. “Elita qatlam” dasturchilar ba’zi dasturlash tillarini qoloq deb hisoblaydilar. Masalan, ancha payt PHPga shunday yondashilgan, hozir esa server tomonidan JavaScript’dan foydalanishga shunday ta’rif berilmoqda.
Ta’kidlash kerakki PHP kuchli va mashhur tillardan bo’lib Facebook, Vkontakte kabi ko’plab saytlar aynan shu tilde yozilgan. Eng zo’r yoki qoloq tillar yo’q, shunchaki ma’lum bir vazifani yechishda bir til boshqasiga qaraganda yaxshiroq bo’ladi. Tilni tanlash dasturchiga qandaydir malaka yorlig’ini qadamasligi kerak. Barchasi o’zingizga bog’liq.
HTML va CSS’ni o’rgandim, demak men dasturchiman
Afsuski, HTML va CSS dasturlash tillari emas. Bu fakt uning muhimligi yoki web-ishlanmalarda keng tarqalganligini inkor etmaydi. Lekin HTML va CSSni barcha web-dasturchilar bilishlari kerak.
Ko’pincha dasturchilar aynan ular yordamida o’z karyeralarini boshlaydilar. Internet bilan qandaydir bog’liq kishi ham HTML va CSS’ni bilgani ma’qul.
Web-dasturchi jiddiy hech nima yaratmaydi
Facebook, Vkontakte va minglab boshqa saytlarga qarang. Ularni web-ishlanmalar bilan shug’ullanuvchi kishilar yaratishgan.
Professional bo’lish uchun bitta tilni egallash yetarli
Professional dasturchilar bir nechta dasturlar va ko’plab texnologiyalarni biladilar. Boisi, dasturlash degani faqatgina dastur yozish (kodlash) emas, bu ijtimoiy bilimlardan – hujjatlar va testlar yoza olish, katta vazifalarni kichiklarga ajratish va boshqalardan ham iborat.
Uncha katta bo’lmagan sayt yaratish uchun ham HTML, CSS, JavaScript, PHP yoki boshqa server tillarni bilish kerak.
Bir tomondan, professional dasturchining bir tilni bilishi kam ekanligi ranjitsa, boshqa tomondan bir tilni egallagach boshqa tillarni o’zlashtirish oson bo’lishini ham ta’kidlash mumkin.
Men tez pul topishim mumkin
Dasturlash bo’yicha ko’p kurslar oyiga 1000 dollar topadigan mutaxassis bo’lish uchun bor-yo’g’i dasturlashni o’rganish kifoya ekanligini uqtirishadi. Aslida unda emas. To’g’ri oyiga 1000 $ topishga erishish mumkin, lekin darrov emas.
Bunday maoshga yetishish uchun bir necha yil ter to’kishingiz ham mumkin. Dasturchi maoshi uning malakasi, tajribasi va portfoliosiga bog’liq, sohaga yangi qadam qo’yganlarda esa bular bo’lmaydi.
Ammo, shuncha oylikka erishish uchun bir qancha yilni o’tkazish kerakligi haqidagi fikrga qattiq bog’lanib qolmang.
Men hali-beri pul ishlab topmayman
Aksariyat yangi dasturchilar faqat professional bo’lgachgina pul ishlashim mumkin deb o’ylaydilar. Lekin, unday emas. Portfoliosiga ega tajribali dasturchilar ko’p pul topishadi, lekin bu bir necha yil qo’l qovushtirib ilk maoshni kutish uchun sabab bo’lmasligi kerak.
Fl.ru kabi saytlarda kichik loyihalar bo’ladi va boshlang’ich mutaxassislar unda o’z kuchlarini sinovdan o’tkazib ko’rishlari mumkin. Professionallar uchun bunday maydonlar zerikarli, siz esa u yerda tajribangizni oshirishingiz, birinchi daromadingizni topasiz.
Tajriba, bilim va portfoliongiz boyib borgani sayin nisbatan murakkab loyihalarni olishingiz hamda ko’proq pul ishlashingiz mumkin. Shuningdek, real loyihalar bilan shug’ullanuvchi korxonalarda amaliyotchi, stajer bo’lib ishlash ham tez o’rganishingizga yordam beradi.
Dasturchilarga bo’lgan talab yuqori, shuning uchun ham men tez ish topaman
Bozorda haqiqatdan ham dasturchilarga bo’lgan talab yuqori, lekin sohaga yangi kirib kelganlarga emas, tajribali mutaxassislarga. Aksariyat kompaniyalar 2-3 yillik tajribaga ega dasturchilarni izlashadi.
Shu uchun eng yaxshi variantlar o’rta yoki yirik tashkilotga stajer xodim sifatida joylashgan yoki kichik firmaga yosh mutaxassis sifatida ish boshlashdir.
Kompaniyalar portfolioga katta ahamiyat beradi. Agar siz dasturlash bo’yicha kursni tugatgan bo’lsangiz-u hech nima dasturlab ko’rmagan bo’lsangiz, boshqalar qolib o’zingiz uchun ham zerikarli kadrga aylanasiz.
Ish beruvchi o’zi meni topadi
Ko’plab OTM yoki kurslar bitiruvchilari dasturchilarga bo’lgan talab kuchli, shu bois ish beruvchilar ularni o’zlari topishiga va eng yaxshi sharoitlarni taklif etishiga ishonib kutib o’tiradilar.
Ular shunchaki kutish bilan band bo’lganlarida boshqa dasturchilar o’zlarini reklama qilishga o’tadilar, ularni qiziqtirgan kompaniyalarga rezyume yuboradilar, shaxsiy web-saytlarini yaratadilar, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini to’ldiradilar, GitHub loyihalarga ulanadilar.
GitHub bu dasturchilar uchun mo’ljallangan ijtimoiy tarmoq bo’lib, har bir mutaxassis boshqalar ko’rishi uchun o’z boshlang’ich kodini e’lon qilishi mumkin. Siz istalgan loyihaga qo’shilib, uni yaxshilashga hissa qo’shishingiz mumkin.
Ish beruvchilarga bunday ishlar juda yoqadi. Qaysi OTM yoki kursni tamomlaganingiz ahamiyatsiz, muhimi ish qidirishda faol bo’lishingiz kerak.
Barcha dasturlar allaqachon yozib bo’lingan
Bunday afsonaga maktab paytlari dasturchi bo’lish haqida gapirganingizda duch kelgan bo’lishingiz mumkin. Ammo shuncha yil o’tsa-da dasturchilarga bo’lgan yuqori talab aslo susaygani yo’q.
Yaqin orada ham bu holat o’zgarmaydi, chunki yozilgan kodni to’g’irlash, to’ldirish malakali kadrlarni talab qiladi.
Dasturlash bilimlari faqat dasturchilar uchun kerak
Dasturlash bilimlari nafaqat dasturlar yaratuvchilarga, balki boshqa soha vakillari: biologlar, siyosatshunoslar, iqtisodchilar, fiziklar uchun ham kerak. Dasturlash va boshqa mashhur sohalarni o’zlashtirib ular axborotni qayta ishlash va muntazam bajariladigan vazifalarni avtomatlashtirish imkoniga ega bo’ladilar.