Dam olish zonasi

Dam olish zonasi

Format

Baʼzida oʻquvchilarning shoʻxliklari, diqqatini jamlay olmasligi-yu tez zerikib qolishi oʻqituvchilarni qiynab qoʻyadi. Maktab yoshidagi bolalarning bunaqa giper aktiv boʻlishi tabiiy.

Bunday holatlarni yoʻlga solish uchun maktabda dam olish hududlari tashkil qilinishi lozim. Bu hudud bolalarning bilim olishi uchun toʻsqinlik qilayotgan koʻplab muammolarga yechim boʻla oladi. Maqolada dam olish hududi nimaligi, qanday boʻlishi kerakligi va uning foydalari oydinlashtiriladi.


Dam olish zonasi haqida qisqacha

Dam olish zonasi koʻplab ilgʻor maktablarning muhim qismi hisoblanadi. U bevosita bolalarning aqliy va ruhiy sogʻlomligiga xizmat qiladi. Unda turli mashgʻulotlar uchun sharoitlar va dam olish uchun qulayliklar mavjud boʻladi. Asosiy vazifalari oʻrganish davomidagi stresni yoʻqotish va darslar oraligʻida miyaga hordiq berish orqali diqqatni oshirishdir. Dam olish zonasi qandaydir xona, zal yoki kichik ochiq maydon-bogʻ koʻrinishida boʻlishi mumkin. Quyida hozir taʼkidlangan foyda va sifatlarga batafsilroq toʻxtalamiz. 


Ideal dam olish zonasi – bu paragraf uchun tanlangan yagona eng notoʻgʻri sarlavha.

Sababi ideal, hammaga birdek mos tushib ketaveradigan dam olish zonasi mavjud emas. Bunday hudud oʻquvchilarning umumiy holatiga asoslanib, individual takliflar ustida tashkillashtiriladi. 

Masalan, ayrim maktablar dam olish zonasida VR koʻzoynaklar foydalanadi, virtual oʻyinlar oʻtkazadi. Biroq agar siz AyTiga ixtisoslashgan maktab boʻlsangiz, uzoq vaqt davomida kompyuter displeyidan koʻz uzmagan oʻquvchilarga dam olish uchun ham yana elektron gadjetlar taqdim qilish notoʻgʻri qaror boʻladi. Aksincha ularni qisqa muddatga boʻlsa ham virtual  olamdan uzib, tabiatga yaqinlashtirgan maʼqul. 


Qulaylik – umumiy standart

Dam olish zonasi qaysi tamoyillarga koʻra yaratilmasin, bitta doimiy amal qilinishi kerak boʻlgan standart mavjud. Qulaylik istalgan psixologik holatga ega oʻquvchilar uchun muhimdir. 

  • Hududni oʻtirishga qulay oʻrindiqlar (divan, kreslo yoki binbeglar) bilan jihozlang. 
  • Devorlar koʻk va yashil kabi tinchlantiruvchi ranglarda boʻlishi kerak.  Yuqori kontrast tugʻdiruvchi ranglardan foydalanmang. 
  • Yorugʻlikka ham eʼtibor qaratish talab qilinadi. Oʻtkir chiroqlar oʻrniga tarqoq nur tarqatadiganlaridan foydalaning. Tabiiy yorugʻlikning boʻlishi yanada yaxshiroqdir.


Hammaga birdek qulay joylashuv

Dam olish zonasiga barcha kirishi qulay boʻlishi uchun maktabning markaziy qismida tashkil qilish lozim. Uni iloji boricha oʻyingoh yoki asosiy koridorlar kabi sershovqin joylardan uzoqroq tutgan maʼqul. Bu borada jismoniy kamchilikka ega oʻquvchilarni ham hisobga olib, lift yoki panduslar qoʻyish maqsadga muvofiqdir.


Shaxmat-shashka va stol-stulning oʻzi yetmaydi

Qulay joylashuv va mebellashtirish kabi fundamental talablardan tashqari maktab bolalari ishtiyoq va qiziqishlaridan kelib chiqib ayrim qoʻshimchalarni kiritsa boʻladi.

Masalan, stol oʻyinlari, kitob va jurnallar, qoʻl mehnati uchun rangli qogʻoz, boʻyoq kabi vositalar juda koʻpchilikka maʼqul kela oladi. Dam olish hududlari ochiq havoda boʻlishi yaxshi, aks holda xonaning oʻzida oʻsimliklar qoʻyiladi va yaxshi ventilyatsion tizimlar oʻrnatiladi. Xonada bolalarning hidga taʼsirchanligidan kelib chiqib, hushboʻylashtiruvchilardan foydalanish ham dam olish jarayonini maroqlilashtiradi.


Nazoratsiz nazorat

Dam olish zonasi malakali xodimlar nazoratida boʻlishi tavsiya etiladi faqat boshqaruvchi emas, yoʻlboshlovchi sifatida. Ular tartib saqlab turishadi, xavfsizlikni taʼminlashadi va bolalar yoki oʻsmirlar oʻrtasidagi potensial kelishmovchiliklarni oldini olishadi. Muhimi, ular doʻstona munosabatda boʻlishlari lozim.


Doimiy vazifalar

Hudud doim toza tutilishi kerak. Foydalanuvchilardan muntazam ravishda xulosa hamda taassurotlarni yigʻib borish dam olish zonasini optimallashtirishga yordam beradi. Hududdagi turli atributlarning oʻrnini tez-tez almashtirib turish kerak. Shunda zerikarli va doimiy bir xil muhitdan qutulish mumkin. 


Oʻquvchiga nima naf, maktabga nima naf?

Yuqoridagi kabi dam olish zonalarining mavjudligi oʻquvchilarning akademik koʻrsatkichlariga ijobiy taʼsir qiladi. Bolalar talabchan darslar orasida ruhiy-aqliy zoʻriqishlardan xalos boʻlish uchun biroz chalgʻishlari lozim. Biroz chalgʻigan miya keyingi darslarga yaxshi diqqat qaratadi va yangi maʼlumotlarni qabul qilishi osonlashadi. 

Dars davomida serharakat bolalar oʻzlariga ham tengdoshlariga oʻrganishga xalaqit berishadi. Dam olish zonalarida esa ular bemalol oʻz energiyalarini sarflashlari, oʻyinqaroqliklarini qondirishlari va darsda xotirjam oʻtirishlari mumkin.

Bunday zonalar bola hayotidagi asosiy funksiyani ham bajaradi. Yaʼni bolalar bu hududda oʻz emotsiyalari ustidan nazorat oʻrnatishadi, doʻst orttirish va muloqot koʻnikmalarini mustahkamlashadi. Bu orqali kelajakdagi virtual qaramlikni oldini olish va ijtimoiylikni kafolatlash mumkin.


Ishtiyoq va sogʻlom aql bilan oʻqiydigan bolalarning esa natijalari baland boʻladi. Bu esa maktab reytingiga taʼsir qilmay qoʻymaydi. Oʻquvchilarning maktabga nisbatan muhabbati ham oshib boradi. Shunday qilib dam olish zonalari ikki tomonlama foydalidir.


Agar postda xato topsangiz @Format_Admin Telegram akkauntiga yozing.
Telegram kanalimizga qoʻshiling > bosing

Report Page