Dada, men freelancer'man!
Алишер Касымов
Freelance (o'zbek tilida frilans deb o’qiladi). Juda tez orada tanilib, hammaning og'ziga tushgan bu so'z, hozirda yosh dasturchilarning qutqaruv bo'limiga aylangandek bo'lib qoldi. Kim bilan gaplashmay, hammaning yaqin bir yil ichidagi rejalari — freelancer bo'lib ishlash. Ammo ko'pchilik yoshlar ish uslubining qiyinchiliklari, kamchiliklari, foydalari haqida hech narsa bilishmaydi. Uydan turib ishlash uslubining bunday tanilishiga sabab albatta Internetdir. Butun Internet Freelance'ning qanchalik zo'rligini, ish boshlashi bilan odam juda katta pul topa boshlashini gapiradi. Keling, bugun Siz bilan aynan shu yo'nalish haqida suhbat qursak.
Boshlanishiga freelance'ning internetda sanab o'tiladigan ustunliklari haqida gapirib, keyin shu ustunliklar orqasida turuvchi qiyinchiliklar haqida gapirib o'tamiz:
Ish vaqtini to'liq o'zingiz belgilaysiz. Ish vaqtining aniq chegaralanmaganligi hisobiga siz o'z vaqtingizni o'zingiz taqsimlaysiz. Ha, bu juda zo'r imkoniyat, xohlasangiz kunduzi ishlang, xohlasangiz kechasi. Ammo hali proektlar bajarilish, topshirilish tartiblarini bilmagan odam uchun vaqtning tartibsizligi ish boshida juda katta qiyinchiliklar olib keladi. O'zining dasturchilikdagi qobiliyatlarini bilmagan odam uchun esa bu o'ta xatarli imkoniyatdir — yosh dasturchi hali o'z qobiliyatlarini anglay olmaydi, shuning uchun proektni bajarishga beriladigan vaqtni to'g'ri taqsimlay olmaydi.
O'zingiz xohlagan ishni bajarasiz. Bu imkoniyatni eshitiboq, yosh dasturchi darrov o'zi qiziqqan ishlarni saralay boshlaydi, ammo birmuncha vaqt o'tgach tushunib yetadi-ki, freelance bozorida asosan bir xil tipdagi ishlar bo'ladi. Buning sababi oddiy – freelance bozori hech qachon katta proektlar bajarish maydonchasi bo'lmagan. U yerda asosan katta-katta proektlarning kichik bir qismini bajartirishadi. Xuddi, siz mas'uliyatlik ishni umuman tanimagan odamga ishonmagandek, katta kompaniyalar ham o'z ishlarining hammasini notanish odamga berib qo'yishmaydi. Albatta, bu yerda istisnoli holatlar ham mavjud, ammo bu holatlarda yosh dasturchiga umuman "non" qolmaydi, chunki u yerda katta dasturchilar o'zini ko'rsatib bo'lshgan bo'ladi.
Oylikka qarab qolmaysiz. Albatta, bu gapni eshitishi bilan hamma yoshlar – "Shunday ishlasam, zo'r bo'lardi", deb o'ylashadi, lekin boshlanishiga oylikka ishlashning yaxshiligini tushuna olishmaydi. Umuman olganda, aynan dasturchining ish haqqi haqida alohida maqola yozsa bo'ladi, chunki bu masala ham odatda katta tushunmovchiliklarga olib keladi. Lekin, yosh dasturchi bir narsani tushunishi kerak – Freelance yo'nalishida ish boshlashdan oldin dasturchi proekt o'zi nimaligi, qanday narxlar belgilanishi, qanday qilib vaqtlar taqsimlanishini kompaniyada ishlab turib bilib olishi lozim! Ikkinchidan, yosh dasturchi uchun katta bir xatar mavjud – bozordagi katta dasturchilar hamma yaxshi mablag'li proektlarni "terib ketishadi" va natijada yangi freelance'ga kirib kelgan odam $400-500 uyoqda tursin $100 ni ham topa olmay qoladi. Bu esa hozirda eng pastki junior ham oylikka olmaydigan mablag'.

Butun proekt o'z qo'lingizda bo'ladi. Dasturchi hali yosh bo'lganida har doim butun proektni o'zi qilgisi keladi. Unga proektni bir necha odam bajaradi degan gap ko'pincha yoqmaydi. Bu tabiiy hol. Ammo dasturlash dunyosida Team Lead, Project Manager, Quality Assurance, Development Unit va boshqalar kabi lavozimlar bekorga o'ylab topilmagan. Har bir yo'nalish o'z ish uslubiga, ishda kerak bo'ladigan bilim va ko'nikmalariga, va eng asosiysi, ish jarayonidagi qiyinchiliklariga ega. Hali tajribasi yo'q odam bu lavozimlarni o'zida sinab ko'rishga qiynalishi ham mumkin, ammo proektlar aynan shu qadamlardan iborat bo'lsagina yaxshi bajarilib, foydalanuvchiga topshiriladi. Tajribamda katta ishlarga qo'l urib, keyin qiynalgan anchagina odamlarni o'zim ko'rganman, yanayam qizig'i karyeram boshida o'zim ham aynan shu xatolikka yo'l qo'yganman. Imkoniyatlarimdan katta proektni bajarishga olib qo'yib, so'ng uni qo'ldan chiqargan paytlarim ham bo'lgan.
Ish joyiga bog'lanmagan bo’lasiz. O'zimning tajribamdan kelib chiqib aytaman-ki, ofisda, hamma dasturchilar bilan bir joyda, ma'lumot va tajriba almashgan holda ishlashga hech narsa yetmaydi. Freelancer uchun umuman ish joyi belgilanmaganligi tufayli u ko'pincha o'z uyida bir o'zi ishlaydi. Bu esa ish unumining o'ta pasayishiga olib keladi.

Men unda nima qilay?
Yosh dasturchilarga men kompaniyalarga ishga kirishni maslahat bergan bo'lar edim, chunki aynan kompaniya ichida dasturchi juda katta tajriba oladi. Dasturchi ishlash paytida:
- proektning yuritilish tartiblrini;
- har bir teparoqda sanab o'tilgan lavozimlarning ish lavozimlari, majburiyat va mas'uliyatlarini ko'radi;
- proekt bajarilish davridagi qiyinchiliklar qanday tartibda bartaf etilishini;
- proektlar qanday qilib tanlanishi, muddatlarning belgilanishi haqida chuqur fikrga ega bo'ladi;
- proektning mijozdan qabul qilinib, mijozga tayyor dasturning topshirilish tartibarini ko'radi.
Freelance'ga esa kami bilan bir-ikki yildan keyin kelsa, ish unumi ham katta bo'ladi, proektlar bajarish ham oson bo'ladi. Shundagina dasturchi (ayniqsa, O'zbekistonning tanish-bilish uslubidagi) freelance bozorida o'z o'rnini tez topa oladi.
Ishingizga omad!