Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati rahbari, Farhod Babashev savollarga javob berdi
Abituriyent | Axborot portali
❓ Savol: Men qo‘shni davlatdan o‘qishimni ko‘chirdim. Shu o‘quv yilining 2 semestri uchun kontrakt puli to‘lanadimi?
✅ Javob: O‘qishini qo‘shni davlatlardan ko‘chirgan talaba bahorgi semestri uchun o‘quv yili uchun belgilangan kontrakt summasining yarmi miqdorida kontrakt to‘laydi.
❓ Savol: Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirgan talabalar masofaviy ta’limda ishtirok etadimi? Men karantin sababli hujjatlarimni to‘liq topshira olmadim, endi nima bo‘ladi, 1-aprel kuni o‘qishimiz boshlanishi kerak edi? O‘qishni ko‘chirish natijalarini qayerdan bilsa bo‘ladi?
✅ Javob: Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirish uchun 15-fevralgacha hujjat topshirgan talabalar oliy ta’lim muassasalari tomonidan 1-aprelda boshlangan masofaviy ta’limga jalb etilgan.
Sizda ma’lumot bo‘lmasa o‘zingiz hujjat topshirgan oliy ta’lim muassasasiga murojaat qilishingiz lozim. Jumladan, dastlabki ma’lumotni OTM rasmiy saytidan olishingiz mumkin.
✅15-fevraldan keyin hujjatlarini topshirgan talabalar natijalari Davlat komissiyasi tomonidan yaqin kunlarda tasdiqlanadi. Shundan keyin ushbu toifadagi talabalar ham masofaviy ta’lim jarayonida ishtirok etadi. Karantin muddati yakunlangach, sizga tegishli hujjatlarni to‘liq topshirish imkoniyati beriladi.
❓ Savol: Shu vaqtgacha oxirgi 6 oylik to‘lov shartnomasini oilaviy sharoitim tufayli to‘lay olmadim. Meni talabalar safidan chiqarishlari mumkinmi?
✅Javob: Karantin sabab to‘lov-shartnoma shartlarini bajarishga ulgurmagan talabalarga (shu jumladan, 1-kursning 2-yarmi uchun to‘lovlarga) rektorlar tomonidan qo‘shimcha muddat beriladi.
❓ Savol: Men oliy ta’lim muassasasida talabaman. Ko‘z kasalligi bo‘yicha 2-guruh nogironiman. 16-martdan ta’til e’lon qilindi. Biz o‘qiyotgan OTM biz ta’tilda paytimizda, ya’ni 18-mart kuni akademik qarzdor talabalarni kursdan qoldirish bo‘yicha buyruq chiqargan. OTM talabalar ta’tilda paytida talaba ustidan buyruq chiqarishga haqlimi?
✅Javob: 2019/2020 o‘quv yilining bahorgi semestri 4-fevralda yakunlangan va qarzdorliklarni topshirish muddati 1-oyligini hisobga olsak, Siz 4-martga qadar fanlardan qarzdorligingizni yopishingiz shart edi. Belgilangan muddatda qarzdorligingiz mavjud bo‘lgan fanlarni o‘zlashtirmasangiz, shu asosida Sizni kursdan qoldirish bo‘yicha buyruq chiqariladi.
❓ Savol: Onlayn ta’lim shakliga o‘tilishi munosabati bilan mart-aprel oylari uchun kontrakt summalarini miqdorini qayta ko‘rib chiqiladimi, u kamaytiriladimi?
✅Javob: Bugungi karantin kunlarida oliy ta’lim muassasalari xodim va professor-o‘qituvchilariga ham o‘z vaqtida oylik maoshlari, ta’til pullari va talabalarga stipendiyalar mos ravishda Davlat byudjeti va oliy ta’lim muassasalarining kontrakt mablag‘lari hisobidan to‘lab berilmoqda.
Shuningdek, 2020-yilning 1-aprelidan boshlab, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun masofaviy ta’lim berish joriy etildi. Shu bilan birga, 16-martdan OTM tomonidan masofaviy ta’limning moddiy bazasi va dasturiy platformasi, o‘quv mashg‘ulotlarining elektron resurslari yaratilmoqda.
Masofaviy ta’lim bevosita o‘quv jarayoni grafigini bahorgi semestrining ikki oyi bo‘yicha kiritilyapti. Ya’ni bahorgi semestrda ko‘zda tutilgan o‘quv dasturlari to‘liq o‘qitiladi va o‘quv yilini o‘rnatilgan tartibda yakunlash uchun barcha sharoit yaratiladi (o‘quv dasturlari qisqarmaydi). Istisno tariqasida shu davr o‘tkazilishi lozim bo‘lgan laboratoriya darslari o‘qishning keyingi semestrida o‘tib beriladi.
Ko‘rinib turibdiki, joriy o‘quv yili uchun belgilangan kontrakt shartlari ikki tomonlama to‘liq bajarilishi lozim. Kontrakt asosida o‘qitish qiymatining asosiy qismini tashkil etuvchi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar xarajatlari o‘zgarmagan, shuningdek, bazaviy kontrakt qiymati ijtimoiy himoyalangan miqdorda belgilanganini eslatib o‘tamiz.