DIQQAT TANLOV VA KO‘RGAZMAGA BIR HAFTA QOLDI
Marhamatpress18-aprel - Yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash xalqaro kuni (Xalqaro meros kuni)ga bagʻishlab, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi «Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi «Mingtepa» arxeologiya merosi obʼektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish toʻgʻrisida»gi 1059-sonli va xalq deputatlari Marhamat tumani Kengashi sessiyasining 2021-yil 26-dekabrdagi «Marhamat tumanidagi madaniy meʼros obʼektlarini saqlash va turizmni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida»gi VI-33-49-1-24-K/21-sonli qarorlarining ijrosini taʼminlashga koʻmaklashish, moddiy meros obʼektlariga aholining eʼtiborini qaratish va ular bazasida turizmni rivojlantirish maqsadida «Bizga ajdodlarimizdan bebaho madaniy meros qolgan» mavzusida tanlov va koʻrgazma oʻtkazilmoqda.
Ushbu tadbirda ona yurtining tarixiga befarq boʻlmagan hamyurtlarimiz ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov quyidagi yoʻnalishlarda oʻtkaziladi:
1) Siz yashayotgan hududdagi yodorliklar va tarixiy joylar, ziyoratgohlar, shifobaxsh buloqlar haqida maqola yoki badiiy asar.
2) Dovon (Davan, Day-yuan, Parkana) davlati, Mingtepa (Ershi) haqida maqola yoki badiiy asar.
3) Qadimiy Dovon (Davan, Day-yuan, Parkana) davlati va Mingtepa tarixini targʻib etishda Mannop Egamberdiyevning «Sariq ajdar hamlasi» tarixiy romanining ahamiyati haqida maqola.
4) Qadimiy Mingtepa shahar xarobasini oʻrganishda va targʻib etishda Boqijon Matboboyev hamda boshqa olimlarning ilmiy izlanishlari toʻgʻrisida maqola.
5) Mingtepa zaminida yashab ijod qilgan ulugʻ zotlar Samar Bonu, Mahdum Vosiliy, Muhammadali halfa, Shayx Muhammad Sodiq, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf va ularning ijodiy faoliyati toʻgʻrisida maqola.
6) Havaskor kolleksionerlarning, uy muzeylarining, hunarmandchilik mahsulotlarning koʻrgazmalari (numizmatika, tarixiy osori atiqalar, kulolchilik va uy-roʻzgʻor buyumlari, taqinchoqlar, ish qurollari, yozma yodgorliklar (kitoblar, maqolalar, gazeta va jurnallar, fotosuratlar...)ning asli yoki uning fotonusxasi maʼlumoti bilan).
7) Viloyatimizdagi yodgorliklar va tarixiy joylar boʻyicha sayyohlik yoʻnalishlari (sayohlik turining nomi, davomiyligi, jadvali, foto sharxi va videoroligi).
Tanlovda barcha toifadagi fuqarolar (maktab oʻquvchilaridan tortib to olimlargacha) ishtirok etishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etishni xohlovchilar yuqorida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha materiallarni muallifning manzili, telefon raqami va elektron pochtasi koʻrsatilgan holda Marhamat shahri, Ipak yoʻli koʻchasidagi 47-uyda joylashgan «Mingtepa - madaniy meros» jamoat fondiga yoki mingtepafond@mail.ru, info@mingtepa.uz, turon95@mail.ru elektron pochtalariga hamda +998 91 490-25-75, +998 90 548-21-27, +998 90 372-37-50 raqamlarining telegram manzillariga 2022-yil 16-aprel kuniga qadar yuborishlari kerak.
Tanlov natijalari 2022-yil 18-aprel kuni soat 9:30 da Marhamat shahri Ipak yoʻli koʻchasi 47-uyda joylashgan «Turon» oʻquv markazi nodavlat taʼlim muassasasining «Maʼnaviyat bogʻi»da 18-APREL -- YODGORLIKLARNI VA TARIXIY JOYLARNI ASRASH XALQARO KUNI (Xalqaro meros kuni)ga bagʻishlab, oʻtkaziladigan tantanali tadbirda eʼlon qilinadi.
Koʻrgazma yoʻnalishi boʻyicha ishtirok etishni xohlovchilar esa oʻzining koʻrgazma materiallari bilan tantanali tadbirda toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etishlari mumkin.
Ular shu kuni soat 8:30 gacha kelishlari talab etiladi.
Har bir yoʻnalish boʻyicha 1-2-3-oʻrinni egallagan ishtirokchilar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadilar.
Ilmiy va badiiy jihatdan ahamiyatga ega deb topilgan ishlar ommaviy axborot vositalarida, Mingtepa.uz saytida, tanlovga bagʻishlangan maxsus toʻplamda chop etiladi.
Izoh:
1. Maqoladagi tarixiy maʼlumotlarning manbalari koʻrsatilishi, avval matbuotda chop etilmagan boʻlishi shart.
2. Badiiy asar – hikoya, sheʼr, tasviriy sanʼat asari, foto surʼatlari va rivoyat boʻlishi mumkin.
«Mingtepa - madaniy meros» jamoat fondi.