ДИҚҚАТ ТАНЛОВ
Umumta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida
“Mening Prezidentim” mavzusida respublika ijodiy ishlar
tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-yilligi munosabati bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Mening Prezidentim” mavzusida respublika ijodiy ishlar tanlovini (keyingi o‘rinlarda – tanlov) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Tanlov Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.
2. Tanlov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
2-bob. Tanlovning maqsad va vazifalari
3. Tanlovning maqsadi:
Yangi O‘zbekistonda kuzatilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanish jarayonlarini o‘quvchilar tomonidan qanday qabul qilinayotganligini aniqlash;
o‘quvchilarda mamlakatimizda kechayotgan turli islohotlarga, uning kelajagiga nisbatan daxldorlik hissini shakllantirish;
ijodiy ishlar orqali o‘quvchilarning mamlakatimizda kuzatilayotgan rivojlanish jarayonlarida respublika hukumati va rahbariyatiga yo‘naltirilgan taklif va mulohazalarini aniqlash;
o‘quvchilarda yozish, o‘rganish, ijodiy, tanqidiy, nostandart fikrlash, notiqlik, o‘z fikrini ijodkorona yetkazib bera olish ko‘nikmalarini shakllantirish.
4. Tanlovning vazifasi o‘quvchilarning siyosiy ongi va madaniyatini rivojlantirishiga erishish, vatanparvarlik hissini yanada yuksaltirish va bu orqali ijodkor o‘quvchilarni rag‘batlantirishdan iborat.
3-bob. Tanlovni o‘tkazish tartibi
5. Tanlov Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi mas’ulligida 2020-yilning noyabr-dekabr oylari davomida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida quyidagi
4-bosqichda (maktab, tuman (shahar), hudud, respublika) o‘tkaziladi:
a) birinchi (maktab) bosqichda - maktabda xohish-istak
bildirgan 10-11-sinf o‘quvchilari ishtirokida 2021-yilning 20-noyabridan
– 4 dekabriga qadar maktab direktori, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, “O‘zbekiston tarixi” va “Ona tili va adabiyot” fani o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘quvchilarga “Yangi O‘zbekiston meni nigohimda” mavzusida hajmi 2 varaqdan oshmagan esse yozdiriladi. Esselar yozish ishchi guruh vakillari kuzatuvida, alohida sinf xonalarida tashkil etiladi.
Eng yaxshi deb topilgan esse (har bir maktabdan 1-nafar o‘quvchining ishi) maktab rahbari tomonidan tasdiqlangan ishchi guruhning bayonnomasi bilan (g‘olib o‘quvchining essesini ilova qilgan holda) 4-dekabrga qadar tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga taqdim etiladi.
b) ikkinchi (tuman-shahar) bosqichida - barcha umumiy o‘rta
ta’lim muassasalaridan aniqlangan g‘oliblardan 2021-yilning 6-dekabridan
– 14-dekabriga qadar tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri,
Ma’naviy-axloqiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sho‘basi mudiri, “O‘zbekiston tarixi”, “Ona tili va adabiyot” fani uslubchilari va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlaridan jalb etilgan 2 nafar mutaxassislardan iborat tuzilgan ishchi guruh tomonidan “Yangi O‘zbekiston
– yangi imkoniyatlar” mavzusida hajmi 5 varaqdan oshmagan insho yozdiriladi.
Insho yozish ishchi guruh vakillari kuzatuvida, alohida sinf xonalarida tashkil etiladi.
Eng yaxshi deb topilgan insho (har bir tumandan 1 nafar o‘quvchining ishi) tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan tasdiqlangan ishchi guruhning bayonnomasi bilan (g‘olib o‘quvchining inshosini ilova qilgan holda) 14 dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi/viloyat xalq ta’limi boshqarmalariga taqdim etiladi.
v) uchinchi (hududiy) bosqichda - barcha tuman (shahar)lardan aniqlangan g‘oliblar 2021-yilning 15-dekabridan – 20-dekabriga qadar tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etadi. Mazkur bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari/viloyat xalq ta’limi boshqarmalarining Ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, “O‘zbekiston tarixi”, “Ona tili va adabiyot” fani uslubchilari, viloyat “Bolalar kutubxonalari” direktorlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlaridan jalb etilgan
2 nafar mutaxassislardan iborat tuzilgan ishchi guruh shakllantiriladi.
Viloyat bosqichi ikki bosqichda tashkil etiladi, dastlabki bosqichda ishtirokchilar “Mening Prezidentim” mavzusida (Power point dasturida) taqdimotni tayyorlaydilar, ikkinchi bosqichda ishtirokchilar o‘z ishlarini
15 daqiqa davomida ishchi guruhga taqdimot qilib berishlari talab etiladi.
Mazkur mavzuni yoritishda ishtirokchilar tomonidan Davlat rahbarining mamlakatimiz taraqqiyotidagi faoliyatini ma’lum bir yo‘nalish yoki tarmoq misolida ochib berilishi talab etiladi.
Taqdimotlarni tayyorlash jarayoni kompyuterlashtirilgan sinflarda ishchi guruh vakillarning kuzatuvi ostida tashkil etiladi.
Eng yaxshi deb topilgan taqdimot (har bir viloyatdan 3 nafardan o‘quvchining ishi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri/viloyat xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlangan ishchi guruhning bayonnomasi bilan (g‘olib o‘quvchilarning taqdimotlarini ilova qilgan holda)
20 dekabrga qadar Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etiladi.
g) to‘rtinchi (respublika) bosqichida - har bir hududdan 3 nafardan g‘olib o‘quvchilar, jami 42 nafar o‘quvchi ishtirok etadi. Respublika bosqichi joriy yilning 21-25-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Respublika bosqichi ikki bosqichda tashkil etiladi, dastlabki bosqichda ishtirokchilar “Mening Prezidentim” mavzusida (Power point dasturida) taqdimotni tayyorlaydilar, ikkinchi bosqichda ishtirokchilar o‘z ishlarini
15 daqiqa davomida ishchi guruhga taqdimot qilib berishlari talab etiladi.
Mazkur mavzuni yoritishda ishtirokchilar tomonidan o‘zlari yashaydigan hududlarda so‘nggi 5 yil davomida Davlat rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ochib berishlari talab etiladi.
Taqdimotlarni tayyorlash jarayoni kompyuterlashtirilgan sinflarda hakamlar hay’ati vakillarning kuzatuvi ostida tashkil etiladi.
Respublika bosqichini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar Respublika ta’lim markazining ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha uslubchilari tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur bosqich yakunida 1-, 2-, 3-o‘rin g‘oliblari aniqlanadi.
6. Ijodiy ishlarni yaratishda foydalanish uchun “Yangi O‘zbekiston Strategiyasi”, “Mening Prezidentim”, “Vatan va millat qayg‘usi”, “Ilk va so‘ngi so‘zimiz: Vatan” hamda boshqa kitoblardan foydalanish tavsiya etiladi.
4-bob. Tanlovning respublika bosqichini baholash mezonlari
7. Tanlov ishtirokchilari hakamlar hay’ati tomonidan 100 ballik tizimda baholanadi.
a) 1- va 2-bosqichlarda baholash tartibi:
reja va maqsadlarning to‘liq ochib berilganligi – 20 ballgacha;
islohotlarning mohiyatini ochib berganligi – 30 ballgacha;
siyosiy atamalardan o‘rinli va to‘g‘ri foydalanganligi – 20 ballgacha;
so‘z boyligi, ifoda qurilishi va uslubi adabiy til talablariga mosligi
– 20 ballgacha;
savodxonligi va imlo yoki ishoralarning bexatoligi – 10 ballgacha;
b) 3- va 4- bosqichlarda ishtirokchilar 2 ta bosqich bo‘yicha quyidagi tartibda baholanadi:
1-bosqich – Taqdimotning texnik jihatdan to‘g‘ri yaratilganligi
va illustrasiyalardan o‘rinli foydalanilganligi - 30 ballgacha baholanadi.
2-bosqich – Ishtirokchi o‘z taqdimotini 15 daqiqa davomida nostandart fikrlash, notiqlik va ijodkorona yetkazib bera olish ko‘nikmalari yordamida ochib berishi, Davlat rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan o‘zining munosabati va takliflarini shakllantira olishi 70 ballgacha baholanadi.
5-bob. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash
8. Respublika bosqichi ishtirokchilarining barchasiga 1 tadan noutbuk topshiriladi, ushbu bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan tanlovning to‘rtinchi bosqich g‘oliblari (1-, 2-, 3-o‘rin) 2022-2023 yoki 2023-2024-o‘quv yilida respublikadagi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘lov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilingan taqdirda, ularning mos ravishda 1-o‘rin sohibiga 3 yillik to‘lov-shartnoma mablag‘larini, 2-o‘rin sohibiga 2 yillik to‘lov-shartnoma mablag‘larini, 3-o‘rin sohibiga 1 yillik to‘lov-shartnoma mablag‘larini to‘lab berish yoki grant asosida talabalikka qabul qilinsa mos ravishda 1-o‘rin sohibiga 3 yillik to‘lov-shartnoma mablag‘lari, 2-o‘rin sohibiga 2 yillik to‘lov-shartnoma mablag‘lari, 3-o‘rin sohibiga 1 yillik to‘lov-shartnoma mablag‘lari miqdorida mukofotlanadilar.
Tanlovning to‘rtinchi bosqichda 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan g‘oliblarning umumta’lim muassasasidagi ustozlari mos ravishda 30,0 mln., 20,0 mln., va 10,0 mln. so‘m pul mablag‘lari bilan mukofotlanadilar.
Shuningdek, tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari (1-, 2-, 3-o‘rin) ta’lim olayotgan umumta’lim maktablari direktorlariga bittadan noutbuk topshiriladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
9. Tanlovning to‘rtinchi bosqichi ishtirokchi va ularning kuzatuvchilarining Toshkent shahriga xavfsiz kelib-ketishi (samolyot, poyezd) bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari tomonidan qoplanadi.