DEVONANING KUNDALIGI: RIZQ.
ALisher Zohid04.05 - 22:01. Syujet uzildi… Begona joyda uyg’ongandek, bir muddat sarosimaga yaqin holatda, shiftga savol to’la nigoh bilan tikildim. Qattiq charchoq va kuni bilan davom etgan bosh og'rig'i hali ham men bilan. ) Ba’zan reallikdan uzilib, atrofdagi shovqinni o’chirishning yagona yo'li bo'lgan uyquning tubsiz olamiga chekinib ham ulardan qutula olmabman. Afsus... Odatda, tunda uyg'onganimdan keyin qayta uyquga ketish deyarli imkonsiz bo'ladi. Yagona taskin berayotgan narsa bu - “google calendar” ko'rsatayotgan sana va xaftaning kuni. Ertaga, ya'ni ikki soatdan keyin yakshanba. Demak, bemahal uyqim va uning asorati bo'lmish bedorlikni ma'naviy foydaga aylantiririb ko’rsa bo’ladi. Ko'chaga ketdim…
04.05 – 22:27. Biroz salqin. Odatdagidan ko'ra kuchliroq shamol va ustiga tushib turgan oyning shu'lalaridan norozi bo'lganday qovog'ini solib, vahimali uyilib turgan qora bulutlar. Ularning ostida esa men kabi, manzilini unutib qo'yganlardek uyiga shoshilmayotgan odamlar... Tunda chiroqning atrofida parvona bo'layotgan kapalaklardek ular. Yorug'lik manbai va nafs magnitining vazifasini o'tash uchun barcha sabablarni qoyil qilgan do'kon va yemakxonalar atrofidagi odamlarni tomosha qilib turgan devonaning hayollari uzoq-uzoqlarga suzib ketdi...
Qiziq. Xozir o’ylab qarasam, sohamdagi izlanishlar davomida yig’ilgan ma’lumotlar, o’qilgan kitoblar, yozilgan darsliklar va maqolalar – “Rizq talabi va sabablarini qilish mahorati” degan katta qo’llanma mutolaasiga o’xshar ekan. Avval o’zimga eslatma uchun “Rizq o’zi nima?” degan savolga mukammal, lo’nda javob topib, uni qoniqarli darajada qabul qilishim kerak. Buning uchun esa javobdan avvalo nafs, keyin esa ruhda “QABUL QILINDI” degan chiroqchani yoqadigan, ratsional va emotsional qarorlar o’rtasida muvozanat saqlay oladigan tiniq aql zarur edi. Og’rib turgan bosh bilanmi? Ok! Tadqiqot boshlandi…
04.05 - 23:07. Erinibgina yomg'ir tomchilay boshladi. Kunduzi bitmagan ishlarim esga tushib, avtopilotda uy tomon shoshmay yura boshladim va umuman ishlagim kelmayotganini sezdim. Bu menga qiziq tuyuldi, sababi ishimni juda yaxshi ko'raman va umuman olganda buni "ish" deb atash ham biroz erishdek tuyuladi. ) Asosiysi, bu - vaqtinchalikmi yoki davomiymi? Nimaga? Nima uchun? Savollar, savollar, savollar... Qani edi bir soatga bo'lsa ham savollar tinch qo'ysa. Lekin sababini bilishim muhim. Kompyuterimni yoqib, 3 ta barauzerda (Google, Yandex, Bing!!! 3ta!!!) ochilgan sahifalar, yopilmagan 3-4 ta word documentlar va Canvada yangi maqola uchun tayyorlangan shablonga qarab bezovtaligim sabablarini ko’rganday bo’ldim. Umumiy suratni shakllantirishi kerak bo’lgan rejalarimning pazllari yig’ila boshladi. Olingan javoblardan taskin topganday bo'ldim va boshlangan narsa davom etdi...
05.05. 01:26. Xo’sh, men uchun rizq o’zi nima? Uning rizq ekanligi va u aynan menikiligini qayerdan bilaman? Javob berishga harakat qilib ko’raman va o’ylaymanki bu javob nafsim, ruhim va hatto isyonkor aqlimni ham qoniqtiradi. Qoniqtirmagan taqdirda ham, kamida u haqida tafakkur qilishga chorlaydi. Buni aniq bilaman.
Demak, rizqim yozib qo’yilgan. U faqat va faqat meniki. Uning kelishi, xozir meni hatto o’ylantirmaydigan darajada odatiy bo’lib qolgan, bir-birini quvib, tobora so’nggi manzilimga yaqinlashtirib kelayotgan kunlarim kabi - aniq. Bular mening har tonggi ilk olgan nafasimdan tortib, tunda yotish nasib qilgan o’rnimgacha bo’lgan barcha narsalar. Umuman olganda esa: “Bu tirikligimning va unga xoh salbiy, xoh ijobiy bo’lsin, ta’sir qiladigan hamma sabablarni o’zida jam qilgan hodisalar ketma-ketligidir”.
Mendan talab qilingani faqat – maksimal darajada qo’limdan kelgan sabablarni qilib, uni terib olishdir. U butun zamin bo’ylab sochilgan. U meni, koinotning nihoyatda bir kichik zarrachasi, ammo o’zida milliardlab “MEN”larni sig’dira olgan yer kurrasining istalgan burchagida kutib turgan bo’lishi mumkin va bunga aniq ishonaman! Bu juda qiziq… Bu - juda keng fikrni yoki shunchaki, iymon deb atalmish bir ne’matning borligini talab qiluvchi fakt! Shunchaki Iymon! Ajoyib…!!!
05.05 - 01:49. Derazadan go’yo maqsadsiz, lekin xozirgina olgan javoblarimni xazm qilib olish uchun ko'chani tomosha qilib turibman. Shamol kuchaydi, yomg'ir esa, ohirgi qarsaklargacha sahnaga chiqishni xohlamayotgan, e'tibordan erkalanib ketgan “Show biz” yulduzi kabi mag'rur qora bulutlar orasida yashirinib, ora-chora mo'ralab turibdi. Bosh og'riyapti...
Ha, rizq… Albatta, iymon keltirgan inson o’laroq, uning kelishini sabablarning kamligi, boring ana, umuman yo’qligi ham to’sib qo’yolmasligiga ishonaman. Aqidaning bu kabi ishonchsiz, apriori “komil iymon” bo’lolmasligi har bir aqli salim va qadriyatlarini meros qilib olmagan insonga kun kabi ravshan. Ammo, aynan o’sha sabablarni qilish, uning kelish yo’llari ko’p va aksariyati oson ekanligini bilib turib ham, qalb istagan tomondan talab qilishdek, go’zal imkoniyatni ochib beradi… Men uni o’zim istagan tomondan tanlab olishim mumkin! Bu mo’jiza emasmi?!
Aynan shu tanlov imkoniyati doimiy yuksalish yoki tubanlik, haqiqat yoki shirin va yoqimli bo’lsada, yol’gon o’rtasidagi nozik parda va chegaralar haqida ilm izlashga rag’batlantiradi. MEN - ikkinchi darajaga chiqadi. Dunyo-ohiratini obod qilish yo’lidagi sinovlarga kulib qo’yadigan “hazrati inson” jismoniy xohishlar ustidan g’alaba qozonadi. Hayotda mazmun, harakatlarda oliy maqsadlar sari tashlangan dadil qadamlar, istiqbolda esa vijdon azobi va xavotirli bedorlikdan holi kunu-tunlar ko’rinadi…
Aynan shu tanlov imkoniyati menga haqiqatning qaysi qirg’og’ida turganim haqidagi hayollarim ustida, bugun 2024 - yil, 05.05 kuni, tungi (yoki erta tongmi?) 02:17 da xozirgi, ha, aynan xozirgi so’zlarni yozish davomida, g’aflatda qolayotgan ongimni atrofimning zaharli va badbo’y sarqitidan tozalashga yordam beradi… O’zimni butun umr g’or ichida yashab, haqiqatni faqat uning devorlariga tushadigan soyalar orqali tanigan mahbusdek emas, o’sha soyalarning sababchilaridan biridek his qildiradi…
Bu hayollar natijasi kaminaga ba’zan vaziyatni nazoratga olgan hokim, ba’zan esa, o’sha vaziyatning asiri bo’lib qolgan mahkum ekanligini bildirib qo’yadi. Bu hayollar ortidagi tuyg’ular ham hayajonli, ham qo’rqinchli darajada, kutilmagan “sovg’alarga” boydir…
05.05 – 03:40. Quloqchinlarimni yechganimda yoqimli va tanu-jonimga orom beruvchi tovushlar eshitila boshladi. Beixtiyor eshik tomon yurib, yoqimli tuvushning sababchisini saxsan qarshi olish uchun ko’chaga chiqdim. Kundaligim bilan gaplashganim uchunmi, yoki osmondan shiddat bilan yog’ilayotgan rahmat sababidanmi, o’zimni ancha yengil his qilganimdan xursand bo’ldim.
05.05 – 03:46. Azon eshitildi… Osmondan rizqimning bir qismi bo’lgan yoqimli bahor yomg’iri yog’yapti. Demak ertaga boshim og’rimaydi… Nafsim, ruhim va hatto isyonkor aqlim, mayli, qisqa fursatga bo’lsada, orom topdi. Devonaning bugngi bedorligi bejiz bo’lmadi.
Sizchi? Ha do'stim, aynan siz. O'zingiz bilan 1 ga 1 qolishdan qo'rmaysizmi?
👉 Javobingizni izohlarda kutaman )
Assalamu alaykum!