DAVLATLAR BIRLIGI – DIL YAQINLIGI

DAVLATLAR BIRLIGI – DIL YAQINLIGI


Almaz ULVI,

turkolog olima

Ozarbayjon

Men o‘zimni ozarbayjonlik o‘zbekday his qilaman. Chunki O‘zbekistonga o‘z uyimga borganday boraman, begonalik his qilmayman. O‘zbekiston bilan bog‘liq bir yaxshi xabar eshitsam, vatanim haqida eshitgan mujdam kabi quvonaman.

Yaqinda O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari­ning Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolashi esa yuragimga nurday kirdi. Bu ishda qadrdon do‘stlarning quchoqlashib ko‘rishgani kabi samimiyat bor. Ushbu Ittifoqchilik shartnomasi et bilan tirnoqday bir-biriga jipslashib ketgan o‘zbek va ozarbayjonlarning dil birdamligi bo‘lib imzolangani shubhasizdir.

Qardosh o‘zbek xalqiga Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin! Do‘stlik rishtalari uzilmasin!

 

 

Abdulhaq RAHIMIY,

tadqiqotchi

Afg‘oniston

 

O‘zbek va afg‘on xalqlari bir-biriga yon qo‘shni – jon qo‘shni. Hazrat Navoiy, shoh va shoir Bobur hamda juda ko‘p tarixiy allomalarning ikki yurtni ham yurtimiz deb bilgani bugun xalqlarimiz birdamligi va yaxshi qo‘shni bo‘lishiga asosdir.

Keyingi yillarda qo‘shnichiligimiz mustahkamlanib, ham davlatlarimiz o‘rtasida, ham xalqlarimiz orasida bordi-keldi munosabatlari sur’ati ortib bormoqda. Yaqin oylardagi O‘zbekiston hukumati vakillarining Afg‘onistonga tashrifi, shuningdek, Afg‘oniston hukumati vakillarining o‘zbeklar yurtida bo‘lib, juda ko‘p sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘llari bo‘yicha kelishuvlarga erishgani ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida rivojlanib borayotganidan dalolatdir. O‘zbekiston va Afg‘oniston davlatlarining azaliy do‘stligi abadiy bo‘lsin! Xalqlarimiz tinch-xotirjam bo‘lsin! O‘zbekiston davlatining erki, hurriyati, istiqloli zavol ko‘rmasin, Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!

 

 

Zaynobiddin ABDIRASHIDOV,

Anqara Hoji Bayram Vali universiteti professori

 

Abdurauf Fitrat Turkiston muxtoriyati haqida “Temur xoqoni­ning chin bolalari yoninda, Turkistonning tubchak turklari orasinda, mundan g‘ururli, mundan muqad­das, mundan suyunchli bir so‘zning borlig‘iga ishonmayman”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, hurriyat, mustaqillik so‘zlarining eshitilishi, tuyu­lishi o‘zgacha. Yana Fitratdan iqtibos keltiradigan bo‘lsak, “Turkiston turkining qonini qaynatg‘uchi, imonini yuksaltguchi bir quvvat bor esa, yolg‘uz shu so‘zda bordir: Turkiston muxtoriyati”.

O‘zbek xalqi 150 yil ezildi, tahqir etildi, qo‘l-­oyog‘i bog‘landi, tili kesildi, og‘zi yopildi, yeri bosildi, mol-mulki talandi, huquqi tajovuzga uchradi, insonligi oyoqosti qilindi. Lekin o‘zbek xalqi to‘zimli turdi, sabr qildi. Bu so‘zlar quruqqina emas, balki butun vujudi bilan mustaqillikni orzulagan jadidlarning yurak tubidan chiqqan so‘zlar edi. Ular millat butun borlig‘idan ajralgan bo‘lsa-da, faqat bir fikrni, orzuni yurak tubida saqladilar: Mus­taqillik, Ozodlik, Hurriyat!

Inqilob bo‘ldi. Yuraklarda, qalblarda inqilob bo‘ldi. Bundan 33 yil oldin O‘zbekiston to‘la mustaqil bo‘ldi. O‘zligiga qovushdi. Jadidlar orzulagan, jonlarini fido qilgan kun kelgan edi. Oradan yillar o‘tdi, mustaqillikning dastlabki mashaqqatli, suronli yillari ortda qoldi. Bugun o‘sha chekilgan mashaqqatlarning mevalari terilmoqda. O‘zbekiston barcha jab­halarda muvaffaqiyatga erishmoqda.

Ammo bir narsani unutmasligimiz kerak: bir millatning mustaqilligi faqatgina uni e’lon qilish bilan bitmaydi. Mustaqillikni saqlamoq, qo‘rimoq kerakdir. Bu ishlar millatning vazifasidir. Mustaqil O‘zbekiston shu kungacha erishgan barcha yutuqlarini saqlash barobarida uni yanada ilgarilatish, yanada kuchli qilish, jadidlar aytganidek, taraqqiy etgan davlatlar, millatlar qatorida, bir safda qadam tashlashi uchun butun kuch, g‘ayratimizni safarbar qilish – ajdodlar oldidagi bizning muqaddas burchimizdir.

Mustaqilligimiz butun o‘zbek xalqiga muborak bo‘lsin. Hurriyatimiz abadiy bo‘lsin!

 


“Jadid” gazetasining 2024-yil 30-avgustdagi 36-sonida

Report Page