DAVLAT VA QISHLOQ XO‘JALIGI VAZIRLIGI STIPENDIYASI SOVRINDORLARI BILAN UCHRASHUV

DAVLAT VA QISHLOQ XO‘JALIGI VAZIRLIGI STIPENDIYASI SOVRINDORLARI BILAN UCHRASHUV


2023-yilning 11-fevral kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Chinorkent” ko‘ngilochar dam olish maskanida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning agrar sohadagi oliy ta‘lim muassasalarida ta’lim oluvchi davlat hamda vazirlik stipendiyasi g‘oliblari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Toshkent davlat agrar universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti va Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti stipendiatlari ishtirok etdilar.

Mazkur oliy ta‘lim muassasalarida bugungi kunda, jami 29 032 nafar talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Ulardan 27 730 nafari bakalavr va 1302 nafari esa magistratura bosqichlarida o‘qimoqda.

Ilk marotaba o‘tkazilgan, agrar soha oliy ta‘lim muassasalari talaba va magistrlari uchun ta‘sis etilgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi tanlovida vazirlik tasarrufidagi oliy ta‘lim muassasalaridan jami 116 nafar talaba-yoshlar ishtirok etdi. Ikki bosqichli tanlov natijalariga ko‘ra, komissiya qarori bilan ishtirokchilarning 16 nafari g‘olib bo‘lib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi sovrindori bo‘ldi.

Dilshod Ismoilov, Toshkent davlat agrar universiteti talabasi:

“Ushbu stipendiya tanlovi uchun taqdim etgan loyihamizda tuproqlarimizda to‘planadigan tuzning miqdori hamda yuviladigan suv miqdorini aniqlab, suv sarfini kamaytirish, almashlab ekishni joriy etgan holda tuproqda ko‘proq organik modda qoldirish o‘z aksini topgan. Tuproqda organik modda ko‘p miqdorda bo‘lsa, ekin ekilganida unga qo‘shimcha mineral o‘g‘it talab etilmaydi. Loyihamizni amaliyotga tatbiq etish uchun hamma sharoitlar yetarli. Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari bu borada o‘z yordamini va ko‘magini berdi. Endi loyihani Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etamiz”.

Shuningdek, tadbir doirasida mutaxassislar tomonidan motivatsion treninglar o‘tkazildi. Bu esa kelajakda yoshlarning faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘ngilochar dam olish maskanida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, tadbir davomida havaskor ijrochilar tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar, mushohada yuritishga chorlovchi interaktiv savol-javoblar, dor yo‘li orqali toqqa ko‘tarilib, tabiat manzarasidan bahramand bo‘lish talabalarga ko‘tarinki kayfiyat bagishlash bilan birga bu tadbir ularning  yodida uzoq vaqt saqlanib qolishiga xizmat qiladi.  

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2021-2022-o‘quv yillarida ushbu tizimdagi iqtidorli talaba-yoshlarning 15 nafari turli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat stipendiyasi sohiblari bo‘lgan bo‘lsa, 2022-2023-o‘quv yillarida ularning soni 5 nafarga oshib, jami 20 nafarni tashkil etdi.

Ma‘lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta‘lim muassasalarida 2022-2023-o‘quv yili bo‘yicha Prezident va boshqa davlat stipendiyalari bilan taqdirlangan talaba-yoshlar va ilmiy tadqiqotchlarning jami soni

20 tani tashkil etadi. Ulardan: 8 ta talaba Toshkent davlat agrar universiteti, 1 ta talaba Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, 4 ta talaba Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, 4 ta talaba Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti va 3 ta talaba Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olib kelmoqda.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov rivojlangan davlatlarning qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, rivojlanish bosqichlari va istiqbollari haqidagi ma‘lumotlari bilan ham o‘rtoqlashdi. Shuningdek, hozirgi kunda qishloq xo‘jaligida erishilayotgan yutuqlar va kelgusida amalga oshiriladigan islohotlar haqida so‘zlab, ushbu sohaga qadam qo‘yayotgan talabalarga o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda yo‘nalishlar berdi.

Shuningdek, talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan, jumladan, vazirlik tomonidan yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, tizim tashkilotlarining faoliyat yo‘nalishlari, vazirlik tizimida amaliy malaka oshirish uchun mavjud sharoitlar bo‘yicha savollarga javob oldilar hamda kelajakdagi rejalari va maqsadlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Sardor Xayrullayev, Toshkent davlat agrar universiteti tayanch doktorantura bo‘limi doktoranti:

"Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan ajoyib tadbir bo‘lib o‘tyapti. Men ham stipendiyaga sazovor bo‘lgan talabalar qatorida ishtirok etyapman. Taqdim etgan loyihamning mavzusi bilan 1-bosqich magistraturaga tahsil olganimdan beri shug‘ullanaman. Talaba yoshlar o‘zlari qiziqqan va boshlagan mavzularini boshidan olib chiqib, qiziqish bilan oxirigacha yetkazishsa, yetarlicha yutuqlarga erishish imkoniyati bo‘ladi".

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbir iqtidorli stipendiya sohiblariga sertifikatlar topshirish va esdalik sovg‘alari topshirilishi bilan yakunlandi.


Report Page