DAVLAT SOLIQ QO‘MITASI RAISI O‘RINBOSARI BUXOROLIK TADBIRKORLAR BILAN OCHIQ MULOQOT O‘TKAZMOQDA

DAVLAT SOLIQ QO‘MITASI RAISI O‘RINBOSARI BUXOROLIK TADBIRKORLAR BILAN OCHIQ MULOQOT O‘TKAZMOQDA


Avval xabar berilganidek, joriy yilning 16-mart kuni Prezidentimiz Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, muloqot davomida soliq organlari tadbirkorlar bilan uchrashib ularni muammolarini tinglashi, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirishi yuzasidan topshiriq bergan edi.

Mazkur topshiriqdan kelib chiqib, Davlat soliq qo‘mitasi va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbariyati tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Belgilangan reja-grafikka muvofiq bugun Buxoro viloyatida ham Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ishtirokidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Buxoro shahar hokimligida o‘tgan uchrashuvda Buxoro shahar, Buxoro tumani va Romitan tumanlarida faoliyat olib borayotgan 300 nafarga yaqin tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, Kogon shahar hokimligida ham Kogon shahar, Kogon va Qorovulbozor tumanlaridan tashrif buyurgan 150 nafardan ortiq soliq to‘lovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda davlat soliq xizmati organlari “Soliqchi-tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarga bilmaganlarini o‘rgatib, ularning halol ishlashida ko‘makchi bo‘lib faoliyat olib borishi ta’kidlandi.

Shundan kelib chiqib, ochiq muloqotlarda soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan zarur tushuntirishlar berish bilan birga tadbirkorlarning savollariga batafsil javoblar berildi. O‘z navbatida muammoli masalalar bilan murojaat qilgan 30 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari vakillarining murojaatlari qisqa fursatlarda hal etilishi belgilandi.

Ta’kidlash lozim, joylarda ba’zi tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda. Ayrim hollarda ular turli qiyinchiliklarga ham duch kelishmoqda.

Jumladan, qariib 2000 dan ortiq tadbirkor faoliyat yuritayotgan Kogon shahar va Kogon tumanlari ham bundan mustasno emas.

Shu maqsadda kuni-kecha viloyat davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan Kogon shahar markazidagi Sohibkor dehqon bozorida “Tadbirkorga ko‘mak markazi” tashkil etildi. Bugundan esa mazkur markaz o‘z ish faoliyatini ham boshladi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdyiev buxorolik tadbirkorlar bilan uchrashuvi davomida mazkur “Tadbirkorga ko‘mak markazi” faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Tanishuv jarayonida markazga biriktirilgan davlat soliq xizmati xodimlariga ko‘proq hududdagi tadbirkorlarning og‘irini yengil qilish, soliqqa oid muammolarini tezkorlik bilan hal etish, xususan ularga soliq hisobotlarini to‘g‘ri yuritishga hamda boshqa texnik xizmatlarni ko‘rsatishga ko‘maklashish yuzasidan o‘zining tavsiyalarini berdi.

Aytib o‘tish joiz, ilgari ushbu hududdagi tadbirkorlar birgina nazorat kassa texnikasi bilan bog‘liq texnik nosozliklarni tuzatish uchun 15 km uzoqlikdagi viloyat markaziga borib kelishga majbur edilar. Quvonarlisi, ushbu markaz ishga tushirilishi bilan ularning nazorat kassa mashinalariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolari ham oson bitadigan bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda “Tadbirkorga ko‘mak markazi”ning aynan tadbirkorlarning yonida tashkil etilgani tadbirkorlarning muammolarini tezkorlik bilan ijobiy hal etish hamda ularga soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni muntazam yetkazib turishda muhim omil bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J.Abdiyevning buxorolik tadbirkorlar bilan uchrashuvlari ertaga G‘ijduvon va Qorako‘l tumanlarida davom etadi.

Buxoro viloyati DSB

Matbuot xizmati.



Report Page