DASTUR IJROSI ASOSIDA 25 TA GAZ TAQSIMLASH MOSLAMASI MUKAMMAL TA’MIRLANADI
Xalqimizning turmushini yaxshilash, ularga sifatli xizmat ko’rsatish har bir tizimning asosiy vazifalaridandir. Bu albatta quvonarli holdir. Iste’molchilar korxona tomonidan ko’rsatilayotgan xizmatdan minnatdor bo’lsa, yuzidagi quvonchni ko’rsangiz, ishga bo’lgan mehringiz yanada ortadi. Hayotda kimgadir nafingiz tegayotganidan mamnun bo’lasiz. Fuqarolarimizga qulaylik yaratish maqsadida chora-tadbirlar, qaror va dasturlar imzolanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martda qabul qilingan "2022-2026-yillarda "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ham aynan sohalar yo’nalishida qilinishi lozim bo’lgan aniq vazifalar qayd etilgan. Qaror mohiyatiga ko’ra hududlardagi yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlarida qurilish, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish, ularda istiqomat qilayotgan aholining turmush sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi belgilab berilgan.
Dastur ijrosini ta’minlash maqsadida barcha sohalar qatori gaz ta’minotida ham qilinishi lozim bo’lgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 2022-yilda poytaxtimizda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarida gaz ta’minotini yaxshilash borasida 25 km gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash, tartibga keltirish ishlari belgilangan bo’lsa, 74 ta gaz taqsimlash qurilmasini joriy ta’mirlash hamda 25 ta gaz maromlash qurilmalarini mukammal ta’mirlash ishlari rejaga kiritilgan.
“Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali tomonidan dastur ijrosi bo’yicha poytaxtimizning barcha hududlarida tizimli ishlar boshlab yuborildi. Hozirgacha 1,5 kilometrga yaqin gaz quvurlari tartibga keltirilib, bo’yoqlandi. 8 ta gaz maromlash qurilmalari esa taftish qilindi. Dastur doirasidan tashqari ham belgilangan tartibda ishlar olib borilmoqda. Toshkent viloyati hududidan poytaxtga o’tgan mahallalardagi 14 km gaz quvurlari bo’yoqlandi, 15 ta gaz maromlash qurilmalari texnik taftishdan o’tkazildi. Quvonarlisi, poytaxtimizning barcha tumanlarida gaz ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida chora-tadbirlar rejasiga aniq amaliy vazifalar belgilab olingan.
Dastur ijrosining ta’minlanishi poytaxtimizdagi mahallalarning obod bo’lishi bilan bir qatorda xalqimizning turmushini yaxshilashga xizmat qiladi.
✍️“Hududgaz Poytaxt” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati