Cheksiz imkoniyatlar sari
Media+
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida “Inklyuziv ta’lim” ilmiy-amaliy laboratoriyasining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur maqolada biz taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolgan insonlarning bilim yo‘lini porloq va charog‘on qilish yo‘lida oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritamiz.
Ushbu dargohda bugungi kunda 58 nafar nogironligi bor talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar faoliyat olib bormoqda. Bu esa maxsus inklyuziv ta’lim ilmiy-amaliy laboratoriyasini ochishga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltirdi. Natijada 2023-yil oxirida universitet rektori, filologiya fanlari doktori, akademik Shuhrat Sirojiddinov va Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor Odinaxon Jamoliddinova nogironligi bor talabalarning ta’lim olishlari uchun teng imkoniyatlar yaratish maqsadida “Inklyuziv ta’lim” ilmiy-amaliy laboratoriyasini tashkil etish g‘oyasini ilgari surishdi.
Natijada 2023-yilning 19-dekabr kuni ushbu oliy o‘quv yurtida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar, talabalar hamda tadqiqotchilarning o‘quv-ilmiy faoliyatida yuzaga keladigan muammolarga samarali yechim topish maqsadida maxsus laboratoriya ochildi. Uning rahbari etib universitet o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Munavvara Qurbonova tayinlandi. M.Qurbonova bundan oldin ham bir necha grantlarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan va jamoatchilik, professor-o‘qituvchilar hamda talaba yoshlarning hurmatiga sazovor bo‘lgan.
Jumladan, 2020-yilda “Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy grant loyihasiga rahbarlik qilgan. Loyiha doirasida mamlakatimizda birinchi marta sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan o‘zbek nutq sintezatori, ya’ni elektron matnni ovozli xabarga aylantiruvchi kompyuter dasturi yaratildi. Mazkur dastur elektron matnni o‘zbek tilining fonetik qonuniyatlari, adabiy talaffuz me’yorlariga muvofiq tarzda aks ettiradi. Dastur ko‘zi ojiz shaxslarning o‘zbek tilidagi elektron hujjatlar bilan mustaqil ishlashi uchun qulay interfeys hisoblanadi. U orqali nogironligi bo‘lmagan shaxslar ham jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish jarayonida vaqtdan unumli foydalangan holda elektron matn ko‘rinishidagi manbalarni tinglab ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldi.
– Universitet olimlari va yosh tadqiqotchilari tomonidan shu kunga qadar “Ko‘zi ojiz talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audio kitob ta’minotini yaratish” davlat amaliy granti loyihasi doirasida “O‘zbek tili tarixi”, “Umumiy tilshunoslik”, “Matn lingvistikasi”, “Sotsiolingvistika”, “Psixolingvistika”, “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fanlarining “Fonetika”, “Leksikologiya”, “Sintaksis” bo‘limlariga oid o‘quv adabiyotlarining audio kitob shaklidagi nusxalari, mutaxassislik fanlari bo‘yicha kurs ishi, magistrlik dissertatsiyasini yozishga doir audio kitob shaklidagi uslubiy ko‘rsatmalar, tilshunoslikka oid dissertatsiya, monografiya va maqolalar mazmunini aks ettiruvchi audio ma’lumotlar to‘plamlaridan iborat 14 nomdagi audio mahsulot tayyorlandi. Shuningdek, 100 dan ortiq badiiy adabiyotning audio kitob shaklidagi nusxalari yaratildi, – deydi M.Qurbonova. – Tayyorlangan mahsulotlar O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalaridagi yirik davlat kutubxonalari, Oliy, o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar axborot-resurs markazlari, “ZiyoNet” portali hamda telegram kanali orqali foydalanuvchilarga yetkazildi.
Bunday keng ko‘lamli amalga oshirilgan ishlar universitet professor-o‘qituvchilari va talabalarida mazkur yo‘nalishdagi xayrli ishlarni davom ettirish uchun kerakli salohiyatni shakllantirdi hamda yangi maqsad va vazifalarni amalga oshirishga chorladi. “Inklyuziv ta’lim” ilmiy-amaliy laboratoriyasi konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Laboratoriya mehnat jamoasi tomonidan nogironligi bor talabalar hamda tadqiqotchilarga ilmiy maslahatlar berish, innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar, zamonaviy tadqiq usullariga asoslangan inklyuziv mahsulotlar yaratish bo‘yicha jahondagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish;
ta’lim tizimida nogironligi bor o‘quvchilar va talabalar tomonidan doimiy foydalanilishi uchun zarur va qulay holatdagi axborot manbalari hamda vositalariga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish;
integrativ ta’lim tizimi uchun mo‘ljallangan mahsulotlarning ma’lumotlar bazasini kengaytirish, o‘quv-ilmiy adabiyotlar va maxsus kompyuter dasturlarini yaratishga doir loyihalar tayyorlash, ularni amalga oshirish, bu borada respublika va xorijiy davlatlardagi tajribali mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Ushbu laboratoriya faoliyati doirasida “Ko‘zi ojiz talabalar va tadqiqotchilar uchun “Aruz vazni qoidalari va mumtoz poetika asoslari” o‘quv qo‘llanmasini Brayl alifbosida chop etish”, “Ko‘zi ojiz talabalar uchun “O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi” fani bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish”, “Ko‘zi ojiz talabalarga turk tilini inklyuziv o‘qitish uchun” “Istanbul yabancılar için türkçe ders kitabı” o‘quv qo‘llanmasining audiokitob shaklidagi nusxasi va uning mobil ilovasini yaratish” mavzularida loyihalar tayyorlanib, yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha talabalar innovatsion startap loyihalari tanloviga taqdim qilindi, universitetda e’lon qilingan “Nodir ovozlar” hamda “Inklyuziv ta’lim: muammo va yechimlar” yo‘nalishidagi ijtimoiy roliklar tanlovida faol ishtirok etildi.
Eshitish bo‘yicha nogironligi bor shaxslar uchun lokal tarmoqda o‘zbek tilidagi audio manbalarni elektron matnga aylantirib o‘qish imkonini beruvchi nutqni aniqlash dasturini ishlab chiqish borasida ilmiy izlanish olib borilmoqda. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejasiga “Inklyuziv ta’lim. Gospital pedagogika” fani ham kiritildi.
– Inklyuziv ta’lim laboratoriyasida faqatgina audiomatnlarni yozish jarayonlari amalga oshirilmaydi, – ta’kidlaydi o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi Rayxona Sharofova, Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Paralimpiya o‘yinlari ishtirokchisi.
– Bu yer biz uchun yangi kreativ g‘oyalar tug‘iladigan, yanada yuqori marralarni zabt etishga ilhomlantiradigan maydonchaga aylandi. Biz yaratayotgan audio mahsulotlar respublika bo‘yicha ommalashtirilmoqda, bu esa bizni boshqa ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan nogironligi bor talabalar bilan maqsadlarimizni yanada mushtarak qilmoqda. Umid qilamanki, bu laboratoriya hali ancha kengayadi va chuqur, jamiyatga foyda keltiradigan ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladigan maskanga aylanadi.
Inklyuziv laboratoriyalarning ish yo‘nalishlaridan biri – bir qator art-terapiya mashg‘ulotlaridir. Uning davomida talabalar psixoemotsional holatiga ta’sir qiluvchi san’at asarlarini eshitadi. Bunday tadbirlar doirasida yoshlar badiiy texnik vositalari yordamida (izoterapiya, ertak terapiyasi, musiqa terapiyasi) o‘zlarida ijobiy hissiy munosabatlarni shakllantiradi, hayotga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlaydilar va kelajak sari dadil qadam qo‘yish uchun kuchli motivatsiya oladilar. Sport va ilm-fan yo‘nalishida ular erishayotgan yutuqlar esa bu so‘zlarning isbotidir.
