ChILONZOR TUMANI YoShLARINING STARTAP LOYIHALARINI SARALASh VA QO‘LLAB-QUVVATLASh BO‘YIChA
“MENING ILK LOYIHAM” TANLOVI NIZOMI
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizom Chilonzor tuman hokimligi tomonidan Chilonzor tumani yoshlarining startap loyihalarini saralash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkaziladigan “Mening ilk loyiham” tanlovining (keyingi o‘rinlarda “tanlov” deb yuritiladi) maqsadi, vazifalari, o‘tkazish tartibi, ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar, saralash mezonlari va g‘oliblarni rag‘batlantirish shartlarini belgilaydi.
1.2. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2026 yil 24 fevraldagi yoshlar bilan uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan yoshlarning loyiha va startaplarini qo‘llab-quvvatlash, ularni iqtisodiy kuch sifatida rivojlantirish vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.
1.3. Tanlovda ishtirok etish ixtiyoriy va bepul hisoblanadi.
1.4. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar mazkur Nizom bilan tasdiqlangan Tashkiliy qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi.
1.5. Tanlov haqidagi ma’lumot tuman hokimligi rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlar, mahallalar orqali keng jamoatchilikka yetkaziladi.
II. TANLOVNING MAQSADI VA VAZIFALARI
2.1. Tanlovning maqsadi: Chilonzor tumani yoshlarining innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini aniqlash, saralash va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar rag‘batlantirish va tadbirkorligini rivojlantirish, tumanda yangi ish o‘rinlari yaratish va yoshlar bandligini ta’minlashdan iborat.
2.2. Tanlovning vazifalari:
yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish;
innovatsion g‘oya va loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish;
yoshlar o‘rtasida startap madaniyatini rivojlantirish;
iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash;
tumanda startap tizimini shakllantirish;
yoshlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish.
III. TANLOV IShTIROKChILARIGA QO‘YILADIGAN TALABLAR
3.1. Tanlovda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, Chilonzor tumanida doimiy yashovchi yoki Chilonzor tumanidagi ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi yoki ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi startap jamoalari, innovatsion g‘oyaga ega bo‘lgan talabalar, magistrantlar, yosh olimlar va ixtirochilar ishtirok etishi mumkin.
3.2. Tanlovda ishtirok etish yakka tartibda yoki loyiha jamoasi ko‘pi bilan 4 (to‘rt) kishidan iborat bo‘lishi mumkin.
3.3. Bir ishtirokchi yoki jamoa tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taklifi topshirilishi mumkin.
3.4. Tanlov ishtirokchilari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
loyiha bilan ishlash uchun haftasiga kamida 10 soat vaqt ajratish imkoniyati mavjudligi;
tanlov doirasidagi barcha tadbirlarda (treninglar, seminarlar, taqdimotlar) faol ishtirok etish;
loyihani amalga oshirish bo‘yicha tizimli va mas’uliyatli ishlashga tayyorlik;
kreativ fikrlash va innovatsion yondashuvga egalik.
IV. LOYIHA YO‘NALIShLARI
4.1. Tanlovga quyidagi yo‘nalishlardagi startap loyihalari qabul qilinadi:
IT ishlanmalar va dasturiy ta’minot;
FinTech va moliyaviy xizmatlar;
Turizm va mehmondo‘stlik;
FoodTech (oziq-ovqat sanoati);
Energiya tejamkorlik va muqobil energiya manbalari;
Robototexnika va avtomatlashtirilgan tizimlar;
Tibbiyot, farmakologiya va biotexnologiyalar;
Transport va logistika xizmatlari;
Tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohasi;
EdTech, HRTech (Ta’lim va kadrlar texnologiyalari);
Ijtimoiy texnologiyalar (ekologiya, sport, xavfsiz shahar muhiti);
Ishlab chiqarish va qayta ishlash sanoati;
Xizmat ko‘rsatish va servis;
Boshqa innovatsion yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalar.
V. LOYIHALARGA QO‘YILADIGAN TALABLAR
5.1. Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
loyiha innovatsion g‘oya yoki yondashuvga asoslangan bo‘lishi;
loyiha Chilonzor tumani hududida amalga oshirilishi (dasturiy ta’minot loyihalari bundan mustasno);
loyiha aniq iqtisodiy yoki ijtimoiy samaraga ega bo‘lishi;
loyiha doirasida kamida 1 ta yangi ish o‘rni yaratilishi;
loyiha amalga oshirilishi real va aniq bosqichlarga ajratilgan bo‘lishi.
5.2. Loyiha rivojlanish bosqichidan qat’i nazar (g‘oya bosqichi, MVP – minimal mahsulot bosqichi, tayyor mahsulot bosqichi) tanlovda ishtirok etishi mumkin.
VI. TANLOVNI O‘TKAZISh TARTIBI VA BOSQIChLARI
6.1. Tanlovni tashkil etish
6.1.1. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish uchun quyidagi tarkibda Tashkiliy qo‘mita tuziladi:
Tashkiliy qo‘mita raisi – tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;
Tashkiliy qo‘mita kotibi – tuman Yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i;
Tashkiliy qo‘mita a’zolari – tuman adliya bo‘limi boshlig‘i, tuman Savdo-sanoat palatasi rahbari, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i, kelishuvga ko‘ra 2 nafar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari.
6.1.2. Tashkiliy qo‘mita qarori bilan loyihalarni baholovchi ekspert guruhi tarkibi tasdiqlanadi. Ekspert guruhi tarkibiga shartli ravishda tuman hokimligi, Yoshlar ishlari bo‘limi, Savdo-sanoat palatasi, banklar vakillari, shuningdek, mustaqil ekspertlar va tajribali tadbirkorlar kiritiladi.
6.1.3. Ekspertlar guruhi Tanlov nizomiga asosan loyihalarni baholash va g‘oliblarni aniqlash ishlarini amalga oshiradi.
G‘olib deb topilgan loyihalar Tashkiliy qo‘mita qarori bilan tasdiqlanadi.
6.2. Tanlov bosqichlari
Tanlov quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:
1-bosqich: Arizalar qabuli (2026 yil 16-19 mart)
Tanlov ishtirokchilari tomonidan belgilangan shaklda arizalar topshiriladi;
Arizalar Chilonzor tumani Yoshlar ishlari bo‘limi orqali qabul qilinadi.
2-bosqich: Hujjatlarni dastlabki ko‘rib chiqish va loyihalarni baholash (2026 yil 24-28 mart)
Taqdim etilgan hujjatlarning to‘liqligi va talablarga muvofiqligi tekshiriladi;
To‘liq bo‘lmagan yoki Nizom talablariga javob bermaydigan arizalar rad etiladi;
To‘liq bo‘lgan hujjatlar ekspertlar guruhi tomonidan loyihalar saralash mezonlari asosida baholanadi;
Baholash natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan 10-15 ta loyiha final bosqichiga o‘tkaziladi.
3-bosqich: Final taqdimot (2026 yil 1-4 aprel)
Finalga chiqqan ishtirokchilar o‘z loyihalarini Ekspertlar guruhi oldida taqdim etadi;
Taqdimot asosida g‘olib loyihalar aniqlanadi;
G‘oliblar soni mavjud grant mablag‘idan kelib chiqib belgilanadi (5 tagacha loyiha).
4-bosqich: G‘oliblarni e’lon qilish va grantlarni topshirish (2026 yil 10 aprel)
Tanlov natijalari tuman hokimligi rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilinadi;
G‘oliblar bilan grant shartnomalari tuziladi;
Grant mablag‘lari Yoshlar ishlari bo‘limi orqali o‘tkaziladi.
VII. LOYIHALARNI BAHOLASh MEZONLARI
7.1. Loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
Mezon
Mazmuni
Maksimal ball
Innovatsionlik va dolzarblik
Loyiha g‘oyasining yangiligi, muammoning dolzarbligi va taklif etilayotgan yechimning o‘ziga xosligi
20
Iqtisodiy samaradorlik
Loyihaning daromadliligi, rentabelligi, investitsiya qaytimi muddati
25
Ijtimoiy ahamiyat
Yaratiladigan ish o‘rinlari soni, ijtimoiy muammolar yechimiga qo‘shgan hissasi
20
Amalga oshirish realligi
Loyihaning aniqligi, bosqichma-bosqich rejasi, marketing strategiyasi
20
Jamoa salohiyati
Loyiha muallifi va jamoasining kompetensiyasi, tajribasi va loyihaga sodiqligi
15
JAMI:
100
7.2. Qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi ballar (loyihaning ekologikligi, eksport salohiyati, ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi va boshqalar uchun) berilishi mumkin.
VIII. ARIZA TAQDIM ETISh TARTIBI VA TALAB QILINADIGAN HUJJATLAR
8.1. Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
Belgilangan shakldagi ariza (1-ilova);
Loyiha taqdimoti (prezentatsiya) – 10-15 slayddan iborat;
Loyiha biznes-rejasi (qisqacha shaklda);
Loyiha jamoasi a’zolarining ro‘yxati va ularning kompetensiyalari;
Loyiha muallifining pasport nusxasi.
8.2. Ariza shaklining barcha maydonlari to‘ldirilishi shart. To‘liq to‘ldirilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
8.3. Arizalar quyidagi manzil orqali quyidagicha tartibda qabul qilinadi:
Chilonzor tuman hokimligi binosi, Bunyodkor shox ko‘chasi 50-uy, Yoshlar ishlari bo‘limiga qog‘oz shaklida (bunda barcha hujjatlar A4 taboqda chop etilib, A4 taboqdagi konvertga joylanib, konvert yelimlangan va arizachi tomonidan yelimlangan joyi imzo bilan tasdiqlangan bo‘lishi hamda ariza konvertning ustki qismiga (stepler yordamida) tikilgan bo‘lishi lozim.
Yoki elektron shaklda https://t.me/tilla2111 telegram manzil orqali pdf formatda ariza beruvchining ismi sharifi bilan nomlangan WinRAR arxiv shaklida.
8.4. Arizalar 2026 yil 16 martdan 2026 yil 19 martgacha (shu kun ham) soat 9.00dan 18.00ga qadar qabul qilinadi.
IX. GRANT MABLAG‘LARI VA ULARDAN FOYDALANISh TARTIBI
9.1. Tanlovning umumiy grant jamg‘armasi 100 000 000 (bir yuz million) so‘mni tashkil etadi.
9.2. Grant mablag‘lari 5 tagacha g‘olib loyihalar o‘rtasida loyihaning qiymatidan kelib chiqib taqsimlanadi. Har bir loyihaga ajratiladigan grant miqdori Ekspertlar guruhi qarori bilan belgilanadi.
9.3. Grant mablag‘lari faqat quyidagi maqsadlarda ishlatilishi mumkin:
asbob-uskuna va jihozlar sotib olish;
xom ashyo va materiallar xaridi;
dasturiy ta’minot yaratish;
veb-sayt va mobil ilova ishlab chiqish;
marketing va reklama xarajatlari;
patent olish va intellektual mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish;
loyihani amalga oshirish uchun zarur boshqa xarajatlar.
9.4. Grant mablag‘laridan maqsadli foydalanilmagan taqdirda, Chilonzor tuman hokimligi grant mablag‘larini qaytarib olish huquqiga ega.
9.5. G‘oliblar grant mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida belgilangan muddatlarda (3 oy va 6 oy) hisobot topshirishlari shart.
X. MONITORING VA HISOBOT BERISh
10.1. Chilonzor tuman hokimligi grant asosida moliyalashtirilgan loyihalarning amalga oshirilishi monitoringini olib boradi.
10.2. G‘olib loyihalar quyidagi muddatlarda hisobot topshiradi:
oraliq hisobot – grant mablag‘lari o‘tkazilgandan keyin 3 oy o‘tgach;
yakuniy hisobot – grant mablag‘lari o‘tkazilgandan keyin 6 oy o‘tgach.
10.3. Hisobotlar quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak:
sarflangan mablag‘lar to‘g‘risidagi moliyaviy hisobot;
loyihaning amalga oshirilishi bosqichlari;
yaratilgan ish o‘rinlari soni;
erishilgan natijalar (miqdori va sifati);
aniqlangan muammolar va ularning yechimlari;
kelgusi rejalar.
XI. INTELLEKTUAL MULK HUQUQLARI
11.1. Tanlov doirasida taqdim etilgan loyihalarga oid intellektual mulk huquqlari loyiha mualliflariga tegishli bo‘lib qoladi.
11.2. Chilonzor tuman hokimligi loyiha g‘oliblarining yutuqlarini o‘z veb-sayti va ommaviy axborot vositalarida yoritish huquqiga ega.
11.3. Tanlovda ishtirok etish bilan loyiha mualliflari o‘z loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (loyiha nomi, mualliflar, loyiha yo‘nalishi, erishilgan natijalar) Chilonzor tuman hokimligi tomonidan ommaviy ravishda e’lon qilinishiga rozilik bildiradi.
XII. YaKUNIY QOIDALAR
12.1. Tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirish mazkur Nizomning barcha shartlarini qabul qilishni anglatadi.
12.2. Ekspertlar guruhining qarorlari ustidan shikoyat qilish ko‘zda tutilmaydi.
12.3. Tanlov natijalari Ekspertlar guruhi majlisi bayoni bilan rasmiylashtiriladi va Tashkiliy qo‘mita qarori bilan tasdiqlanadi.
12.4. Mazkur Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Chilonzor tuman hokimining qarori bilan amalga oshiriladi.
ILOVALAR:
1-ilova:
Tanlov ishtirokchisi uchun ariza shakli
“MENING ILK LOYIHAM”
STARTAP LOYIHALARI TANLOVIGA ARIZA
Ma’lumot turi
To‘ldiriladigan maydon
Loyiha nomi
Loyiha yo‘nalishi
Loyiha muallifi (F.I.Sh., tug‘ilgan sana)
Pasport ma’lumotlari (seriya, raqam, kim tomonidan berilgan)
Yashash manzili
Telefon raqami
Elektron manzil
Loyiha jamoasi a’zolari (F.I.Sh., yoshi, vazifasi)
Loyihaning qisqacha tavsifi (100-150 so‘z)
Loyiha qanday muammoni hal qiladi?
Loyihaning innovatsion jihati nimada?
Maqsadli auditoriya
Loyihani amalga oshirish bosqichlari
Loyiha byudjeti (jami)
So‘ralayotgan grant miqdori
Loyiha hisobidan yaratiladigan ish o‘rinlari soni
Loyihaning ijtimoiy samarasi
Mazkur arizada keltirilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligiga kafolat beraman. Tanlov nizomi shartlari bilan tanishdim va ularga roziman.
Loyiha muallifi: _________________ (imzo) «___» ___________ 2026 y.
2-ilova:
Ekspert baholash varaqasi
Mezon
Maks. ball
Berilgan ball
Izoh
Innovatsionlik va dolzarblik
20
Iqtisodiy samaradorlik
25
Ijtimoiy ahamiyat
20
Amalga oshirish realligi
20
Jamoa salohiyati
15
JAMI:
100
Qo‘shimcha ballar:
Eksport salohiyati
5
Ekologiklik
5
UMUMIY BALL:
110
Ekspert: _________________ (imzo) (F.I.Sh.)
«___» ___________ 2026 y.