CHUST TUMANI TAJRIBASI O'RGANILDI
"Chusttumangaz" gaz ta'minoti bo'limi tomonidan "Chust tumani tabiiy gaz ta'minotida erishilgan ijobiy natijalar" mavzusida seminar o'tkazildi. Unda "Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali direktori I.Mamadjanov, filial hamda uning hududiy bo'limlaridan tegishli mutaxassislar ishtirok etdi.
Seminarda gaz taqsimlash stansiyasi(GTS)dan qabul qilib olingan gaz hajmlarini iste’molchilarga yetkazib berishda yo‘lga qo‘yilgan tartib va qoidalar, bu borada Chust tuman tajribasini o‘rganish va viloyatning qolgan tumanlarida ham shu tartibni joriy qilishda nimalarga e’tibor qaratish yuzasidan fikr almashildi.
So'ng tumanning "Sadacha" MFY hududida joylashgan "Chust-1" gaz taqsimlash stansiyasi hamda "Do'stlik" mahallasiga borib, amalga oshirilgan ishlar ko'zdan kechirildi. Jarayon davomida, "Sadacha" mahallasi ikki bosqichli tizimga o'tkazilishi munosabati bilan GTSda RDUK-200 rusumli gaz taqsimlash punkti o'rnatilib, "Do'stlik" mahallasida esa tarmoqlar estetik jihatdan tartibga keltirilganligini guvohi bo'lindi.
Chust tumanida 17 000 dan ziyod xonadon, 229 ta ulgurji iste’molchi tabiiy gaz bilan ta’minlangan bo‘lib, so‘nggi yillarda tumanda tabiiy gaz ta’minotida samaradorlik va aniqlikni oshirish bo‘yicha katta natijalarga erishildi.
"Dastlab tumanimizda gaz quvurlarining gidravlik tahlili o‘tkazildi. Aniqlanishicha, quvur diametrlarining keskin o‘zgarishi oqim bosimida yo‘qotishlarga va gaz ta’minotidagi uzilishlarga olib kelgan. Tarmoqning muammoli nuqtalari qayta loyihalashtirildi.
Endilikda quvur diametrlari bosqichma-bosqich o‘zgarmoqda. Bu esa oqim barqarorligini ta’minlaydi.
Maxsus reduktorlar, kompensatorlar, klapanlar o‘rnatilib, gidravlik zarbalar, bosimdagi keskin o‘zgarishlar bartaraf etildi. Gaz bosimi va oqim tezligini aniq hisoblash uchun esa Bernulli va Darsi-Veysbax formulalari asosida hisob-kitoblar amalga oshirildi", deydi "Chusttumangaz" gaz ta'minoti bo'limi Mahallabay ishlash xizmati boshlig'i D.Ismoilov.
"Gaz hisoblagichlari to‘g‘ri bosim ostida ishlashi ta’minlangach, o'z-o'zidan hisob-kitoblarda xatoliklar yo‘qolishiga olib keldi. Qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida, bosim yetishmasligi tufayli yuzaga keladigan yo‘qotishlar keskin kamaytirildi. Gaz hisoblagichlari esa me’yoriy sharoitda ishlab, hisob-kitoblarga aniqlik kiritildi", deydi "Chusttumangaz" gaz ta'minoti bo'limi bosh muhandisi M.Xolmatov.
Seminar so'nggida, filial direktori I.Mamadjanov barcha xodimlarga qarata shunday dedi: "Eng avvalo, ahil jamoani shakllantirib, ishlarni to‘g‘ri taqsimlash kerak. Gaz taqsimlash stansiyalaridan qabul qilib olingan gaz hajmlarini iste’molchilarga belgilangan bosimlarda bir me'yorda yetkazib berish, gaz sizib chiqish holatlarini oldini olish, gaz tarmoqlarini estetik tartibga solish, noqonuniy foydalanishlarga yo‘l qo‘ymaslik, gaz hisoblagichlarni doimiy aloqaga chiqib turishini ta’minlash, kunlik qabul qilib olingan va iste’molchilarga yetkazib berilgan gaz hajmlarini tahlil qilib borish - mana shu ishlarning barchasi viloyatning shahar tumangaz bo‘limlarida birdek bajarilsa, GTS dan qabul qilib olingan tabiiy gaz hajmlari iste'molchilarga to'liq yetkazib berilishi ta'minlanadi. Demak, hamma shu yo'nalishda ish tashkil qilishi lozim!"
Mazkur jarayonlar Chust tumanida ilmiy yondashuv, muhandislik bilimlari va jamoaviy mas’uliyat asosida amalga oshirilgan islohotlarning samarasi o'laroq "Chusttumangaz" gaz ta'minoti bo'limining ish faoliyati filialning barcha hududiy bo'limlariga namunaviy tajriba qilib ko'rsatildi.
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati