CHILLA

CHILLA


Bu yil yoz qaynoq keldi. Sersuv о‘tgan bahordan keyin yashillanib yashnagan gul-giyohlarni jazirama о‘z taftiga oldi. Tomorqada suvsizlikdan sarg‘ayib, bandini kо‘tarolmay qolgan kо‘chatlarni, qilt etgan shabadasiz karaxt qotgan daraxtlarni, soya izlab о‘zini qay burchakka urishni bilmay loxas yurgan hovlidagi it-mushuklarni, ariq bо‘yiga oshiqayotgan jonsarak qushlarni kо‘rib, ayaning yuragi kuydi. Kimsasiz qolayotgan uyiga bir zum tikilib turdi-da, qaltiroq qо‘llari bilan hassasiga qо‘l uzatdi. Sо‘ng qarshisida mung‘ayib turgan qiziga, “Chilla kirdi, bolam” dedi asta.

Bu uyda eri rahmatlikning navqironligi, о‘zining yoshligi, о‘g‘il-qizining bolaligi о‘tgan. Har bir g‘ishtida, guvalasida qancha yaxshi xotiralar bor axir. Shu yoshda ostona hatlash, ketish uchun insonga qanchalik bardosh kerak? Ketish bu kechish deganimi о‘zi? Agar shunday bо‘lsa u avvalo о‘zini о‘zi yengishi, iztiroblardan aziz xotiralarini ustun qо‘ymog‘i kerakmasmi? Yana u ona bо‘lsa! Qaysi ona о‘z bolasidan xafa bо‘libdiki, aya arazlasa. Bundoq kо‘ngliga quloq tutsa, dili chindan ham og‘rigan. Lekin qay barmog‘ini tishlasa ham og‘riydi, shunday ekan bolasi, chidamay qayga borsin. Aya ortiga bir qarab qо‘ydi-da, eshik ilgichini omonat ildirib qizi va kuyovi yordamida hovlidan chiqdi.

О‘zi palakat bosib, qizi kelib qolmaganda jimgina yotuvdi ayvonda. Ta’til bо‘lgani uchun kichkinalar qarindoshlarnikida, kelin esa kenjasini kо‘tarib onasinikiga ketgan. Nonushtani shoshib tayyorlagan kelini, xayrni ham nasiya qilib shoshganicha chiqib ketgan, aya ertalab ayvonga chiqarilgani bо‘yi qolib ketgandi. Baland qilib solingan imoratga kо‘rk berguvchi ochiq ayvonda toza havoda tevarakni kuzatib о‘tirish, ayniqsa tepangda qaldirg‘ochlarning chug‘ur-chug‘uri bо‘lib tursa qanday totli. Aya to peshin vaqtigacha shu yerda о‘tiradi. Quyosh tikkaga kelib kuydira boshlagach, kelinimi, nabiralarimi kо‘tarib soyaga о‘tkazib qо‘yishadi. Ungacha birov yoniga kelmaydi, vaqtlari yо‘q hech birisining. Aya xolsiz kaftlari bilan xira pashshalarni haydab, bir nimalarni g‘о‘dranib о‘tiradi. Goh nabiralariga hovli chetidagi rayhonlardan uzib berishini sо‘rasa, gohi tomog‘i qaqrab choy damlab berishlarini sо‘raydi. Eshitishsa-ku yaxshi, eshitib eshitmaganga olsa, chora yо‘q.

        Yurolmay qolganidan beri ayaning dardi dunyosi qorong‘i. Yо‘q, u oyoq og‘riqlari bora-bora shunday holga tushirishini bilardi, bunga u tayyor edi. Namozini ham о‘tirgan joyida о‘qishga tayyor, lekin uni har kuni yuvib-tarab qо‘yadigan qizi bormi yonida. Gulsum narigi qishloqda bо‘lsa, nabiralaring hammasi о‘g‘il bola. Kelini qozon-tovoqdan bо‘shamaydi. Shu tomonini о‘ylab, vijdoni sil bо‘ladi ayaning. Yana bir tomoni, uni yaqinlarining kо‘zlaridagi malol qiynaydi. Keliniga, о‘yin-kulgiga о‘ch nabiralariga, eng yomoni о‘g‘liga malol kelishidan qiynaladi. Har kuni oshkor aytishmasa ham, nigohlardagi sо‘zlarni yashirish mushkul axir.   

Gulsum tuproqlari kо‘pchigan kо‘chadan terlab-pishib kirib kelarkan, eshikdan kirishi bilan kо‘zi birdan ayvonda yotgan onasiga tushdi. Tushlik payti bо‘lganidan havo qizigandan-qizigan, onasi bо‘lsa kо‘zlarini yumgancha devorga suyangancha qotib о‘tirardi. Onasini bu ahvolda kо‘rib, Gulsum bir kor xol yuz berdimi deb, “dod!” lagancha о‘zini otdi. Sо‘ng kо‘zlarini xiyol ochgan onasini kо‘rib, yig‘lay ketdi.

– Shu kunlarga qoldingizmi, onajonim? Issiqlarda kuyib-yonib о‘tirishingizni qarang. Soyaga olib qо‘yishsa bо‘lmaydi, joning chiqqurlar. О‘zlari salqinga kirib uxlab yotishibdimi? – deya tо‘rdagi ukasining xonasiga qarab vaysagancha ayani kо‘tarib uyga olib kirdi. Issiq ancha о‘tgan ekan, aya ha deganda о‘ziga kelolmiy, loxaslanib, piyoladagi sovuq choyni sekin-sekin xо‘pladi. Gulsum esa qarg‘ana-qarg‘ana;

– Qaramasa, ana menikiga borasiz. Oftobga qoqi bо‘ladigan onam yо‘q mening. Bu birinchi marta emas, qachon kelsam, na choyingiz bor, na tayin joyingiz. Bizni katta qilaman deb shu dardlarga giriftor bо‘ldingiz. О‘t bormi, suv bormi kechib, otamdan keyin mashaqqat chekib, endi kuchdan qolganingizda shumi oqibat. Olib ketaman, bugunoq olib ketaman, – dedi qizi hiqillab.

Aya ezilib yig‘layotgan qizining rо‘moli ostidan chiqib turgan sochlarini, qavarib ketgan qо‘llarini siladi. Qiz bola-da, birovning xasmi, yig‘lashdan bо‘lak nima qilsin? Onamlab yig‘laydiganim shu, deya о‘yladi aY.

– Endi uyda odam yо‘qligi uchun shunday bо‘ldida, unday dema qо‘y bolam. Senikiga qanday boraman, kuyovdan uyat bо‘larey. Ikkita gunggursdek о‘g‘li bо‘la turib, menikiga sig‘indi bо‘ldi demaydimi, qarog‘im. El-yurt eshitsa yaxshi bо‘lmas, – dedi apil-tapil onasining kiyimlarini tugunga solayotgan qizining shashtidan tushirishga urinib. Gulsum bо‘lsa kо‘nmadi. Erini chaqirtirib, narsalarni tugib, mashinaga joyladi. Aya ancha о‘ylandi. Yostig‘i tegidan dastrо‘moliga tugilgan pulni olarkan, о‘g‘li Sodiqjonning tunov kungi jerkishi yodiga tushib, kо‘ksi muzladi.

О‘sha kuni uyga pochtachi Saidg‘ani nafaqa pulini olib kelgan, “Bu gal maoshingiz ancha salmoqli aya, nafaqalar oshdi. Endi Sodiqjon sizni Makkaga olib bormasa bо‘lmaydi” degandi og‘zi qizib. Bu gapni atay aytganini о‘g‘li sezdi. Chunki yaqinda qо‘shnisi Murodjon onasini nafaqa pulini yig‘ib, qolganiga qо‘shib Haj safariga yuborganini eshitgandi. Onasi unday uzoq safarlarga borolmasa ham ziyoratgohlarga olib borishini istashini biladi. Lekin unga vaqt qani, quntchi? Sodiqjon pullarni sanab olarkan, “Bu pullar ayamning bitta dorisiga yetmaydi-yu, Makkatillo deysizmi Saidg‘ani aka?” dedi.  Keyin о‘ziga hayron boqib turgan pochtachiga, “Shu о‘tirishida ayamning harajatini bu uyga oyda bir kelib siz qayerdanam bilardingiz. Gapiraverasizda” dedi kinoya bilan. Choy quyib uzatayotgan kelini esa, “unday demangey, ayam xafa bо‘ladilar” degani, “Xafa bо‘lmaydi, bо‘lsa nima, tо‘g‘rida. Ayam ham bitta boladek gap. Kasal kasal emas, kasal boqqan kasal, deyishadiyu” deganini, pochtachi esa, “Hah ukamey. Men bir yaxshi niyatda aytimda. Ammo sen bekor qilding uka” deya dо‘ppisini boshidan olib kaftiga qoqib chiqib ketganini esladi. Aya hozir shularni xotirlarkan, savol nazari bilan qarab turgan kuyovi Nasimjonga sezdirmadi, boshqa gap aytdi.

–Mayli, Sobitjonnikiga olib boraqolinglar, bir-ikki kun turib kelarman. Nabiralarimniyam kо‘rmaganimga allazamon bо‘ldida о‘zi. Sog‘indi odam. Keyin qariganingda yosh boladek bо‘lib qolarkansan, odam. Sal narsaga xafa bо‘lib, yig‘loqi bо‘lib qoldimmi deyman. Bir joyda yotaverib, bularni ham joniga tegamanda keyin, – dedi ohista. Nasimjon esa, “Biznikiga yuring oyi, bolalar xursand bо‘lishadi” dedi kulimsirab. Aya о‘g‘lidek bо‘lib qolgan kuyovining sо‘zlarida soxtalik sezmadi, yaxshi bola-da, kо‘nglida gidr yо‘q, о‘yladi aY.

Aya xira kо‘zlarini mashina oynasidan tashqariga tikib borarkan, о‘z-о‘ziga gapirgandek, Sodiqjonga ham oson emas, bir etak bola, yana kasalmand ona. Erta ketib kech qaytadi. Charchaganidanmi, ba’zan onasining yonigayam kirmaydi. Mayli, omon bо‘lishsin, о‘zing panoxingda asra xudoyim, dedi.  Gulsum esa hech narsa demas, pichirlab, kimnidir duo qilib ketayotgan onasiga qarab-qarab qо‘yar, bag‘ri ezilar, qо‘llari bilan onasining nozik kaftlarini silarkan, shu tobda akasi Sobitjon ularni qanday kutib olishini о‘ylardi. Jо‘jabirdek jon bо‘lishsa, yana kelnoyisining qavog‘i bor.

Tanish mahallaga burilarkan, kо‘cha boshida Gulsum velesopedda katta kо‘chaga chiqib kelayotgan akasini kо‘rib qoldi. Dо‘nglikdan pastlayotgan mashina chetga chiqib tо‘xtadi. Gulsum darrov mashinadan tushib, akasining yoniga bordi. Sobitjon mashinadagi onasini kо‘rdimi, kо‘rmadimi aya bilmadi biroq kutilmaganda kelayotgan mehmonlardan hayron bо‘lib, uning singlisi bilan xushlamay xо‘shlashgani sezildi.

– Shunaka gaplar, aka, shunga siznikiga kelayotgandik, – dedi Gulsum kо‘rganlarini kuyinib Sobitjonga aytar ekan. Akasi velesopediga suyanib, barmog‘idagi tamakini bir yutoqib tortib, chiqardi-da;

– О‘ylab gapiryapsanmi sen? Menikida nima qiladi ayam. Uyimga sovchilar qatnayotgan bо‘lsa, hademay tо‘y qilsam. О‘zi katta о‘g‘limni qayerga chiqarsam ekan deb turibmanu, ayamni qayerga qо‘yaman. Keyin kampir odam biznikiga kо‘nikolmaydi. Chaqirsam ham о‘ylab kelardiku, zinalaring baland, deb. Keyin bu yoshda arazni kim qо‘yibdi, ayamga. Bor, tez uyga qaytar. Odamlar nima deydi. Sobitjonning onasi u uydan bu uyga arazlab yurganmish, demaydimi? Sodiq bilan о‘zim gaplashaman.

Gulsum akasining og‘ziga angrayib turdi-da;

– Voy aka, nimalar deyapsiz, nima oyim uyingizga sig‘maydimi? Shunday demoqchimisiz? Odamlar deysizmi, siz onamni о‘ylasangizchi? Sodiqnikida qarashmayapti, tushunyapsizmi? Ukamga ayamning puli kerak. Doktorga olib bormasa, holing nima deb sо‘ramasa. Kо‘nglingiz nima tusayapti demasa. Nimaga о‘ylanasiz aka. Uy-joyingiz yetarli-ku. YO kelnoyimdan ruxsat olib beraymi?– dedi jaxl bilan. Sobit esa qо‘lidagi tamakini yerga uloqtirdi-da,

– Menga aql о‘rgatish senga qolmagan xо‘pmi? Xо‘sh, nega senikiga sig‘mayapti unda a? Juda mehribon ekansan, qara sen ham. Zahmatini tort, farzandisanku, – dedi akasi. Gulsum akasini birinchi marta kо‘rayotgandek kо‘zlarini katta-katta qilgancha bir zum qotib qoldi. Kaftini labiga bosib;

– Gapirmang, iltimos boshqa gapirmang, – dedi bо‘g‘ilib kо‘ksini changallagancha. Boyadan beri aka-singilning suhbatiga qо‘shilmay turgan Nasimjon esa shartta mashinadan tushdi-da;

– Gulsum bas qil, ketdik uyga! – dedi va sо‘kinib mashinani о‘t oldirdi.

Shu payt orqa о‘rindiq tomondan, “Xudoyim oyoqdan qoldirguncha, quloqdan qoldirsang bо‘lmasmidi-iii?!”, degan о‘kirik eshitildi. Sobit esa hozirgina singlisi chiqqan mashinaga shart о‘girildi-yu, katta xato qilganini sezib qoldi. Kо‘chaning u yuziga о‘tib, onasi tomonga oshiqarkan, jaxd bilan joyidan jilgan mashina ortidan tek qotgancha qarab qoldi.

Kun qizigandan qizib borar, kо‘kdan tushayotgan taft, yerdan kо‘tarilar, shu onda chilla havosi mashinani otashxonaga aylantirar, ochiq oynalardan issiq xovur kirar, ayaning kо‘ksi yonib, lablari qaqrab, yoshlaridan yuz-kо‘zi, yuragi kuyib borar, Gulsum ham onasiga qо‘shilib о‘ksib-о‘ksib yig‘lar, Nasimjon  esa har ikki ayolni ham ovutmas, asabiy ulovni tezlatgandan tezlatardi...

Marakaga tumonat odam yig‘ildi. Umri mehnatda, dili ibodatda о‘tgan ayani hurmat qilgan qishloq ahli marxumani sо‘nggi manzilga kuzatish uchun qо‘shni kentga janozaga kelishdi. Akasi gapirib, mahalla ahli aralashasa-da, Gulsum onasini ukasining uyidan chiqishiga kо‘nmadi. Tirigida izzat qilmagan, uvolidan chо‘chimagan, keyingi malomatlardan qо‘rqmay qо‘ya qolsin, deb turib oldi.  

Shu kuni akasi bilan tobutni dast kо‘targan Sodiqjon chunon yig‘ladiki, о‘pkasini bosolmasdi. Hamyurtlar qо‘lma-qо‘l qilib tobutni qabristonga eltisharkan, odamlar ichida pochtachi Saidg‘ani aka qovoqlari yig‘idanmi, uyqusizlikdan shishib ketgan Sodiqni yaqiniga keldi-da;

 – Bandachilik inim, oxirati obod bо‘lsin, ilohim, – dedi sekin. Keyin yon-veriga asta nazar tashlab;

– Ayangni yana ikki oylik nafaqasi beriladi. Shuni marxuma chiqarilgan uyga olib kelib bersam, nima deysan? – dedi ohista. Hozirgina burni shо‘lqillab, yoshini tiyolmay turgan Sodiq birdan atrofga olazarak qarab oldi-da;

– Nimalar deyapsiz, Saidg‘ani aka,  – dedi pochtachiga yaqin kelib;

– Sekinroq, pochcham eshitmasin. Pulni indamay har doimgi joyiga olib boravering, – dedi va yelkasini ezib borayotgan tobutni unga ortida yordamga kelgan Nasimjonga tutib, о‘zi mozorboshiga ildamladi. Pochtachi bu gal nima deyarini bilmay bir dam serrayib turdi, sо‘ng ufqqa ollanib botayotgan oftob tomon siljiyotgan tumonat sari og‘ir qadam tashladi...

 

Nargiza ASADOVA                 

    


Report Page