Buyuk g‘alaba bayrami muborak bo‘lsin!

Buyuk g‘alaba bayrami muborak bo‘lsin!


Bugun Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmasida 9- may Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 79 yilligi hamda  Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan boshqarma boshlig‘i M.Tursunbaev boshchiligida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda afg‘on urushi faxriylari A.Obidov, B.O‘rinbayev, Sh.Jurayev, R.Raxmanov, O.Normirzaevlarga butun soha xodimlari nomidan samimiy muborakbod etilib, chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatildi va sovg‘alar topshirdi. Barcha faxriylarga sihat-salomatlik, uzoq umr va faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, ezgu tilaklar bildirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan boshqarmaning ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi o‘rinbosari M.Nurmatov: “Ushbu qutlug‘ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat ko‘rsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz”, - dedi.

“Jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilib, bugungi kunda ezgu duolari bilan hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lib kelayotgan qadrli urush va mehnat faxriylarimizga cheksiz tashakkurimizni izhor etamiz”, - dedi afg‘on urushi faxriysi, iste’fodagi podpolkovnik A.Obidov.

Tantanali tadbir yakunida minnatdor yoshlar faxriylar bilan esdalik uchun rasmga tushdilar.

Boshqarmaning Kasaba uyushmasi tashkillashtirgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada o‘tdi.


Matbuot xizmati.


Report Page