Buyrakda toshlar (urolitiaz)
Doctor MuxtorovBuyrakda toshlar — kishi kasallikning birinchi alomatlari namoyon bo’lishigacha (masalan, bel sohasida og’riqlar yoki buyrak kolikalari) seza olmaydigan patologiya hisoblanadi. Siydik-tosh kasalliigiga nima sabab bo’ladi va u qanday davolanadi?
Urolitiaz
Siydik-tosh kasalligi (urolitiaz) — bu siydik ajratish tizimida, ya’ni buyrakda, siydik pufagida va siydik yo’llarida toshlar (konkrementlar) mavjudligi bilan xarakterlanadigan surunkali, retsidivlanishga moyil bo’lgan modda almashinuvi kasalligidir. Ba’zan urolitiaz va nefrolitiaz terminlari sinonimlar sifatida ishlatiladi, lekin nefrolitiaz deb faqatginda buyrakda toshlar mavjudligini atash mumkin (boshqa siydik ajratish tizimi bo’limlarida emas).
Siydik-tosh kasalligi boshlanishi va rivojlanishining asosiy sababi modda almashinuvi buzilishi bo’lib, bu toshlarni shakllantiruvchi erimaydigan tuzlarning hosil bo’lishiga olib keladi. Toshlarning soni va ularning joylashishi juda turlicha bo’lishi mumkin. Siydik-tosh kasalligi shifoxonalarning urologik bo’limiga gospitalizatsiya sabablarining 30-40 fozini tashkil etadi.
Yomon suv yoki bir xilda ovqatlanish, kishi yashaydigan mintaqaning iqlim xususiyatlari, masalan, juda issiq iqlim, ma’lum bir dori-darmonlar qabul qilish, siydik tizimining anomaliyalari va siydik yo’li strikturasi, giperparatireoz, A va D vitaminlarining yetishmasligi, siydik ajratish tizimining surunkali yallig’lanish kasalliklari (pielonefrit, sistit), shuningdek, irsiy omil ham siydik tosh kasalligi rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Toshlar shakllanishi sabablari va tarkibiga qarab, bir necha turga bo’linadi:
- kaltsiyli — 70% gacha;
- siydik kislotasili — 12% gacha;
- infektsiyalangan — 15% gacha;
- sistinli — 2-3% gacha.
Alomatlari
Toshning joylashgan joyiga qarab, bemorda turli xil belgilar kuzatilishi mumkin, ushbu kasallik uchun asosiy alomatlar quyidagilardan iborat:
- Paroksismal og’riqlar. Buyrakdagi tosh va siydik pufagining yuqori qismidagi tosh odatda orqa tarafdan yoki yon tarafdan qovurg’alarning ostidagi og’riq bilan xarakterlanadi. Og’riq kuchli va o’tmas bo’lishi mumkin, intensivligi 20-60 daqiqagacha davriylik bilan o’zgarishi mumkin. Ko’pincha og’riq boshlanishiga jismoniy stress, katta miqdorda suyuqlik ichish yoki siydik haydovchi preparatlarni qabul qilish turtki bo’ladi. Toshning siydik yo’llari bo’ylab harakatlanishi sayin og’riqning joyi o’zgaradi, og’riq beldan qorin, oraliq, sonning ichki qismiga, yorg’oq sohasiga o’tadi. Bu alomatlar tez-tez siydik chiqarishga undashlar bilan to’ldiriladi. Buyrak kolikalarini o’tkir xirurgik kasalliklar bilan adashtirmaslik juda muhimdir, masalan o’tkir appenditsit, o’tkir xoletsistit, o’tkir pankreatit, ichak o’tkazmasligi, churra qisilishi, bachadondan tashqari homiladorlik, oshqozon yarasi perforatsiyasi, o’n ikki barmoqli ichak yarasi. Shuning uchun bu belgilar mavjud bo’lganda darhol shifokor bilan maslahatlashish va kasallikning sababini imkon qadar tezroq aniqlash kerak.
- Siydikka qon aralashganligi. Siydik-tosh kasalligida siydik bilan qon kelishidan oldin buyrak kolikasi kuzatiladi. Cho’kmali loyqa yoki badbo’y hidli siydik ham toshning siljishini ko’rsatishi mumkin.
- Umumiy ahvolning yomonlashishi, ayniqsa, ko’ngil aynishi, qayt qilish. Bu alomatlar ayniqsa yallig’lanishning boshlanishi — pielonefrit uchun xosdir.
- Qum yoki tosh chiqishi — tosh chiqqanda varaja va yuqori isitma paydo bo’lishi mumkin.
Buyrakda tosh bo’lganda o’tkaziladigan tekshiruvlar
Yuqorida keltirilgan shikoyatlar yuzaga kelganda, agar zarur bo’lsa, qo’shimcha tekshiruvlarni belgilaydigan va keyingi davolanish to’g’risida qaror qabul qiladigan urolog-shifokorga murojaat qilish kerak.
Asosiy tekshiruv quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Anamnezni yig’ish, bemorni tekshirish;
- Qon va siydikni umumiy klinik tahlil qilish;
- Siydik chiqarish tizimining ultratovush tekshiruvi. Ushbu noinvaziv, xavfsiz va og’riqsiz tekshirish usuli davolash davomida dinamik nazorat qilish uchun bir necha marta ishlatilishi mumkin;
- Ko’zdan kechirishli va ekskretor urografiya.
Qo’shimcha tekshiruvlar quyidagilarni o’z ichiga olishi mumkin:
- Multispiral kompyuter tomografiyasi: bu toshni ko’rish, uning zichligi, hajmini hisoblash, siydik tizimining arxitektonikasi, atrofdagi to’qimalarning holatini ko’rish imkonini beradi. Agar kerak bo’lsa, 3D-rekonstruktsiya amalga oshirish mumkin.
- Buyraklar funktsiyasini va uning buzilish darajasini o’rganishga imkon beruvchi dinamik va statik nefrostsintigrafiya.
- Antibiotiklarga sezuvchanlik bilan siydik ekish siydik yo’lidagi infektsiyani, yallig’lanish darajasini aniqlashi mumkin.
Buyrakda toshni davolash
Ko’rik natijalarini olgandan so’ng, urolog muayyan klinik holat uchun davolash taktikasini aniqlaydi. Bugungi kunda urologlar arsenalida turli xil davolash usullari mavjud, ular orasida:
- Toshning mustaqil chiqib ketishiga yo’naltirilgan dori-darmonlar;
- Toshni eritishga qaratilgan medikamentoz davolash;
- Ochiq jarrohlik aralashuvlar;
- Distantsion zarb-to’lqinli litotripsiya;
- Endoskopik kontakt litotripsiya;
- Teri orqali nefrolitotripsiya;
- Endoskopik jarrohlik aralashuvlar.
Yaqin vaqtgacha siydik-tosh kasalligini davolashda ochiq jarrohlik muolajalari yetakchi usul hisoblangan, ammo tibbiy asbob-uskunalarning rivojlanishi sababli ular ikkinchi darajali bo’lib qoldi va hozirda faqat qat’iy ko’rsatmalar mavjud bo’lganda qo’llaniladi. Distantsion zarb-to’lqinli litotripsiya, endoskopik usullar (kontakt litotripsiya), teri orqali nefrolitotripsiya kabi minimal invaziv usullarga ko’proq ahamiyat berilmoqda.
Siydik-tosh kasalligini davolash uchun «oltin standart» distantsion zarb-to’lqini litotripsiya bo’lib, u har qanday lokalizatsiyali siydik tizimidagi toshlarning 90 foizini olib tashlashga imkon beradi. Distantsion zarb-to’lqinli litotripsiyani amalga oshirishda zarbalar to’lqini to’qimalar orqali o’tib va ularni shikastlamasdan toshni kichik fragmentlargacha parchalaydi va ular keyinchalik asta-sekin siydik bilan biega chiqib keta boshlaydi. Barcha davolash usullari bir-birini to’ldiradi va har bir bemor uchun toshning muayyan lokalizatsiyasi, kattaligi, hajmi, zichligi, siydik tizimining ma’lum anatomiyasidan kelib chiqib individual davolash usullari tanlanadi.
Tibbiy yordam ko’rsatish usulini tanlash (kuzatuv, konservativ davo, jarrohlik aralashuvi) barcha turdagi siydik-tosh kasalligini diagnostika qilish va davolash uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan malakali urologlar tomonidan hal qilinishi kerak.