Buxoroda tadbirkorlar uchun soliq qonunchiligidagi o‘zgartishlar yuzasidan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi
Buxoro viloyati soliq boshqarmasida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi soliq qo‘mitasi mas’ullari ishtirokida soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan soliq qonunchiligidagi o‘zgartishlar yuzasidan tadbirkorlar uchun ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyatning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan 200 nafardan ortiq tadbirkorlik subyekti vakillari, soliq xizmati xodimlari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdilar.
Unda yildan-yilga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun yanada qulay sharoit yaratish, soha subyektlariga soliq yengilliklari berish borasida tub islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Jumladan, joriy yilda ham ushbu yo‘nalishda soliq qonunchiliga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar, ya’ni soliq kodeksining 46 ta moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgani aytib o‘tildi.
Seminarda O’zbekiston Respublikasining “2024-yil uchun O’zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi O’RQ-886-sonli hamda soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim Qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O’zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi O’RQ-891-sonli Qonuni bilan soliq kodeksiga kiritilgan qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar axborot stendlari, taqdimotlar va tarqatma materiallari orqali batafsil tushuntirib berildi.
Xususan, endilikda soliq hisobotini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni saqlash muddati besh yildan uch yilga qisqartirildi deydi, - soliq boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i E.Gadoyev. - Shuningdek, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatlari soliq davri tugaganidan keyin besh yildan uch yilga qisqartirildi hamda soliq kodeksining transfert narxini belgilashda soliq nazorati to‘g‘risidagi 194-moddasida tekshirish o‘tkazish muddati tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan yildan avvalgi “besh” kalendar yildan “uch” kalendar yiliga qisqartirildi. Bundan tashqari, soliq kodeksining 217-moddasidagi javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi agar soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran yoki mazkur huquqbuzarlik sodir etilgan soliq davri tugaganidan keyingi kundan e’tiboran va javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan paytga qadar uch yil (o‘tish muddati) o‘tgan bo‘lsa, shaxs soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.
Ko‘rgazmali seminarda, soliq to‘lovchilar tomonidan 30 dan ortiq savollar o‘rtaga tashlandi. Bu biznes vakillarining soliq islohotlari bilan tanishishga bo‘lgan katta qiziqishlarini bildiradi. Soliq qo‘mitasi va viloyat soliq boshqarmasi mutaxassislari barcha savollarga batafsil javoblar berdilar.
Seminar doirasida soliq qo‘mitasi va viloyat soliq boshqarmasi mas’ullari tomonidan “Soliqchi-tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarga ham e’tibor qaratilib, ularni hal etish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi.
Buxoro viloyati soliq boshqarmasi
Matbuot xizmati.