Buxoroda “DELTA RUMINO” belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan jinsi shimlarning xaridorlari ortmoqda
Quvonarlisi, Buxoro shahrining “Sanoatchilar” ko‘chasida faoliyat yuritib kelayotgan ushbu “DELTA RUMINO” korxonasining barqaror rivoj topayotganida davlat soliq xizmati organlari xodimlarining ham munosib hissasi bor.
Mazkur korxonaga Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasidan “Soliqchi-ko‘makchi” dasturi doirasida biriktirilgan mas’ul xodimlar bu yerda korxonaning barqaror rivojlanishi, uning dastlabki buxgalteriyasini yuritish, ayniqsa, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘g‘ri hisobga olishga ko‘makdosh bo‘lyaptilar.
Ta’kidlash lozim, ushbu korxona o‘z faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, bu yerda “DELTA RUMINO” belgisi ostida ayollar va erkaklar uchun ishlab chiqarilayotgan jinsi shimlarga ichki hamda tashqi bozorda talab ortib boryapti.
Yaqinda ana shu maslahatlardan unumli foydalangan korxonaga 2021-yilda xarid qilgan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobga olingan 200 million so‘m qismi qaytarib berildi. Korxona ma’murlarining ta’kidlashicha, ular ushbu mablag‘ hisobiga ishlab chiqarish sexi uchun yangi uskunalar xarid qilinar ekan. Natijada bu yerda yana o‘nlab qo‘shimcha ish o‘rinlari vujudga keladi. O‘rni kelganda aytib o‘tish kerak, ayni paytda bu yerda 160 nafarga yaqin ishchi xodimlar mehnat qilmoqda.
E’tiborlisi, korxonaga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar bilan hamkorlik qilish, iqtisodiy jihatdan har tomonlama samarali bo‘lyapti.
Tahlillarga ko‘ra, Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlari joriy yilning yanvar oyida “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida jami 630 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektining turli muammolarini hal etishda amaliy ko‘mak berdilar.
Shundan, dastlabki buxgalteriyasini yuritish bo‘yicha 111 ta korxonaga, soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibini tushuntirish borasida 36 ta korxonaga hamda 14 ta korxonaga 5 milliard 801 million so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilishiga ko‘maklashildi.
Buxoro viloyati DSB
Matbuot xizmati.