Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi


Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 8-avgust kuni «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi. Ushbu Qonun 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.

Bugun viloyat davlat soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda agentlik xodimlari mazkur Qonun mazmun-mohiyatini boshqarma xodimlariga tushuntirib berdilar. 

Ta’kidlanishicha, endilikda mazkur Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestri yuritiladi va ularga nomzodlar ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.

Uchrashuvda agentlik xodimlari Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari, davlat fuqarolik xizmatchisining maqomi, huquqi, majburiyatlari hamda Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar ham o‘rnatilganligini aytib o‘tdilar.

Bundan tashqari, qonunda belgilanganidek, DFX belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi shart.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining rahbariga yoki yuqori turuvchi organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerak. Mazkur holatda ma’lumotlar olgan davlat organining rahbari yoki yuqori turuvchi organ ushbu to‘qnashuvni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishga majbur.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu Qonun davlat xizmatchilarining majburiyatlarini belgilash, shuningdek huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishda dasturil amal bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat mazkur qonun bilan davlat xizmatchilarining ijtimoiy himoya masalalari ham tartibga solindi. Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash unifikatsiya qilingan tizim asosida amalga oshiriladi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali mutaxassislari davlat soliq xizmati xodimlarining mavzuga oid savollariga malakali javob qaytardilar.

 

Buxoro viloyati DSB

Matbuot xizmati.

 



Report Page