Buxoro davlat universiteti olimlari xalqaro grant sohibi
@FFKBuxoro davlat universiteti Fransuz filologiyasi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), xalqaro miqyosda fransuz tili eksperti Bobokalonov Odilshoh Ostonovich va Parij Sorbonna universiteti bitiruvchisi, kafedra ilmiy tadqiqotchisi Akramov Bekzod Qahramonovich hamda Organik va fizkolloid kimyo kafedrasi mudiri, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Abduraxmonov Sayfiddin Fayzullayevichlar O’zbekiston taʼlim muassasalari o’qituvchilari uchun “STEM fanlarini fransuz tilida o’qitish” mavzusida malaka oshirish, hamkorlikda faoliyat olib borish uchun xorijiy OTMda ta'lim berish hamda ochiq darslar tashkil etish maqsadida Fransiyaning O’zbekistondagi elchixonasi tomonidan ta'sis etilgan granti sohibi bo’ldilar.
Fransiyaning O’zbekistondagi elchixonasi tashshabusi doirasida taqdim etilayotgan mazkur ta'lim granti Fransiya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Globallashuv, madaniyat, ta'lim va xalqaro rivojlanish bo'yicha Innovatsion loyihalar uchun birdamlik jamg'armasi (FSPI - Fonds de solidarité pour les projets innovants) tomonidan ta'sis etilgan. Loyihaning asosiy maqsadi qisman yoki to'liq fransuz tilida o'qitiladigan fanlar bo'yicha fransuz-o'zbek oliy toifadagi elitalarni yaratishda ishtirok etish hamda fransuz tilida ta'lim berish uchun STEM fanlari o'qituvchilarini tayyorlashdan iborat.
Dastur doirasida Buxoro davlat universiteti olimlari dunyo reytingida top 300 talik ro'yxatda kiritilgan nufuzli Klermon-Overn universiteti (Université Clermont Auvergne) qoshidagi CAVILAM oliy maktabida malaka oshirishi belgilangan. Fransuz tili va professional ta'limni tashkil etish borasida yetakchi ilmiy tadqiqot markazi sifatida o'z o'rniga ega bo'lgan mazkur ta'lim muassasasi Fransiya Respublikasining Vishi (Vichy) shahrida joylashgan.
Ma’lumot uchun, Vishi shahri Yevropadagi tabiiy noyob suv chashmalariga ega bo’lgan maskan bo'lib, YUNESKOning Butunjahon merosi obidalari ro'yxatiga kiritilgan. Napoleon III hukmronligi davrida eng katta taraqqiyotga erishgan markaziy poytaxt shaharga aylangan. Ikkinchi jahon urushi davrida tarixiy dahalariga putur yetkazganligiga qaramay, hozirgi kunga kelib Vishi shahrida keng ko'lamli modernizatsiya ishlari olib borilgan.
Buxoro davlat universiteti nomidan tadqiqotchi olimlarimizning ilmiy-ijodiy safariga omad yor bo'lishini tilab qolamiz!
Buxoro davlat universiteti axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.