#manaviyatli insonlar

#manaviyatli insonlar

#yangi_O'zbekiston_mening_tasavvurimda

#eng_yaxshi_insho


Buxoro Davlat Universiteti Fizika-matematika fakulteti matematika yo’nalishi

 1-4 Mat 19 guruh talabasi Sohibova Gulnoza



             YANGI O'ZBEKISTON - MENING TASAVVURIMDA.

                            Reja:

1.Kirish. 

 O’zbekistonning mustaqillikkacha bo’lgan mashaqqatli davri.

2. Asosiy qism.  

I. Vatan sajdagoh kabi muqaddas.

II. Vatanimning tabiiy boyliklari.

III. O’zbekiston dunyo nigohida .

IV. Vatan qalbiga monand qadri baland avlod maskani.

3. Xulosa.

Vatanim faxrim mening.

     “Vatanni sevmoq

Iymondandir (Hadisdan)

   Vatan - kindik qonimiz to’kilgan , jonga jondosh, qalbga sirdosh eng ulug’ kalom. Tarixdan bizga ma’lumki, qadim zamonlardan  boshlab u yoki bu mintaqalarda yirik imperiyalar vujudga  kelib, ko’plab xalqlarni o’z manfaatlariga bo’yinsundirgan. Biroq ularning barchasi mazlum xalqlarning ozodlik, mustaqillik uchun kurashlari natijasida parchalanib ketgan. Dunyodagi yirik imperiyalardan biri bo’lmish SSSRning parchalanishi ham ana shu tarixiy qonuniy jarayonning natijasi bo’ldi. O’zbekiston Respublikasi  Davlat  mustaqilligining qo’lga kiritilishi ham ana shunday qonuniy-tarixiy jarayonlardan biri bo’ldi. O’zbekiston xalqi va rahbariyatining donishmandligi, sabotliligi va qat’iyatligi, uzoqni ko’ra bilishi natijasida uning davlat mustaqilligi tinch, demokratik, parlament yo’li bilan, ijtimoiy larzalarsiz, qurbonlar va vayronagarchiliksiz amalga oshdi. Jahon hamjamiyati O’zbekistonni quchoq ochib qabul  qildi. Qisqa davr ichida O’zbekiston xalqi mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib o’rin egallashiga asos bo’luvchi ulkan yutuqlarni qo’lga kiritdi. 

    Vatanparvarlik  qadimiy tuyg’ulardan hisoblanadi. Aflotunning so’zlariga ko’ra, “Vatan ota va onadan qimmatroqdir”. Sharq mutafakkirlarining asarlarida vatanga bo’lgan muhabbat, eng oliy qadriyat sifatida qaraladi. Vatan tuyg’usi bo’lgan kishidagina vatanparvarlik jo’sh uradi. Respublikamiz birinchi Prezidenti  I.A.Karimov aytganidek: “Vatanga muhabbat hissi odamning qalbida tabiiy ravishda tug’iladi. Ya’ni, inson o’zligini anglagan, nasl-nasabini bilgani sari yuragida vatanga bo’lgan  muhabbat tuyg’usi ildiz  otib, yuksala boradi. Bu ildiz qanchalik  chuqur bo’lsa, tug’ulib o’sgan Vatanga  muhabbat shu qadar cheksiz bo’ladi”.  

   Yurtimizni  qancha ta’riflasak ham so’zlar yetmaydi. O’zbekistonning  yer osti va yer  usti boyliklari  bisyor.  Inson  tabiatdan  oladigan  barcha moddiy boyliklar  -   yer-osti  boyliklari, suv, havo,  tuproq,  o’simliklar ,  hayvonat  olami va  boshqalar tabiiy resurs  (boylik) hisoblanadi.   O’zbekiston tabiati  va  tabiiy  boyliklarini  muhofaza qilish  - inson  uchun zarur  bo’lgan  qazilma  boyliklaridan oqilona foydalanish, suv va  havoni  toza saqlash ,  tuproqdan  eroziyadan  saqlash, o’simlik  va hayvonat  dunyosini  tabiiy  holicha  asrab  qolib,  qayta tiklashni  hamda  xushmanzara  joylar  (sharshara, shovva, ajoyib  manzaralar,  buloq  va  boshqalar)ni  tabiiy  holicha  saqlash  kabilarni  o’z  ichiga  oladi.  Biz yurtimizning  tabiiy  boyliklarini  qo’limizdan kelgancha  muhofaza  qilishimiz  kerak. 

    Zamon  shiddat  bilan o’zgaryapti. Ma’lumki,  mamlakatimizda  yoshlarga  oid  davlat  siyosati  izchil  davom  ettirilmoqda. Unib-o’sib  kelayotgan  yosh  avlodning  jamiyatda  o’z  o’rnini topishi  uchun  aniq maqsadli  dasturlar tatbiq  etilmoqda.  Ta’lim sohasida ham ko’p o’zgarishlar  bo’lyapti  masalan,  yurtimizda  “start-ap”lar  tobora  keng  joriy  etilmoqda.  Ular,  ayniqsa,  yoshlar  orasida  ommmalashgan. Masalan, 2021-yilning  mart oyida Yoshlarning  “start-ap” tashabbuslarini  qo’llab –quvvatlash  dasturiga  start  berildi. Unda  O’zbekistonning  turli  oliy ta’lim  muassasalaridan  mingdan  ziyod  talabalar ishtirok etdi. Keng  qamrovli  ushbu loyihada eng ko’p tashabbuslar elektron  tijorat,  ta’lim,  kommunikatsiya  va navigatsiya  texnologiyalari,  transport hamda yo’l infratuzilmasi,  tibbiyot  va  biotexnologiyalar  sohasiga  tegishli  bo’ldi.   BMT  tadqiqotiga  ko’ra,  O’zbekiston  2016 - yil  yakunlari  bo’yicha  inson  rivojlanishi  yuqori darajada  bo’lgan davlatlar qatoridan  joy oldi.

   Binobarin,  yurtimiz  dunyo tamaddunining  beshiklaridan biri sifatida  asrlar  davomida  Mag’rib  va Mashriq  o’rtasida  ko’prik  vazifasini  o’tab,  insoniyatning  madaniy va  ilmiy  boyliklarini  o’zida  jam qilgan. Jonajon Vatanimiz  ilm-fan va madaniyat  taraqqiyotiga  beqiyos  hissa  qo’shgan  Al-Xorazmiy,  Abu  Rayhon  Beruniy ,  Ibn  Sino, Mirzo Ulug’bek  singari  buyuk  alloma  hamda  mutafakkirlarni  yetishtirib  bergan. Ekspertlar  e’tirof  etishicha,  o’zbekistonliklar  azal-azaldan  nafaqat   uddaburon  tijoratchi,  iqtisodiyotni  boshqarishga  qodir,  pul topishni hadisini  olgan  kishilar  bo’lishgan, shu bilan  birga,  ilm-fan  dovrug’ini  yoyishga  ham katta hissa  qo’shgan.

    Xulosa  qilib  aytadigan  bo’lsak, biz yoshlarga  yaratib  berilayotgan  imkoniyatlar ,  puxta  bilim  olishimiz uchun olib  borilayotgan  say-harakatlarni  ba’zi  davlatlarda  yashayotgan  bolalar  hattoki  tasavvur  ham  qilisholmaydi. Ayrim  mamlakatalarda  maktabda  o’qish  bolalarning  katta  orzusi  hisoblanadi.  Shunday  ekan  biz  ham  bu imkoniyatlarga  javoban  yaxshi  bilim olib, kelajakda vatanimiz  koriga yaraydigan,  hayotda  o’z o’rniga  ega bo’lgan, malakali kadrlar  bo’lib  yetishishimiz  kerak.

“…Dunyoda  hech qachon  eskirmaydigan,   yo’qolmaydigan  bebaho  bir  boylik  borki,  u ham bo’lsa,  farzandiga  bergan  bilim  va  hunardir”.    ( Shavkat  Mirziyoyev ).   



Report Page