Bugun – 1-avgust!
Sherzodxon Qudratxoʻja, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori 
Bu kun millat kelajagiga qarshi oʻyinlar kuni sifatida tarixda qolsa, ajabmas…
Yaqin-yaqingacha 1-avgust kelsa, barchaning yuragi taka-puka boʻlardi.
Azim kent poytaxtimizda shu kuni goʻyoki hayot toʻxtagandek boʻlar, shahar har taraflama yopilardi, erta tongdan uyali aloqa vositalari deyarli oʻchardi, koʻngillarni vahima chulgʻardi. Koʻchalarga chiqqan ogʻir zirhli harbiy maxsus texnika va qora niqobli askarlarning avtomat koʻtarib yurishlari goʻyoki terrorchilar tahdidi borligidek tuyulardi. Tuni bilan chekka tuman va olis qishloqlardan kelgan abituriyentlar oʻz davlatining sevimli poytaxti emas, oʻzga yurtning qahri qattiq imtihon poligoniga kelib qolgandek his qilardi bamisoli.
Shu bilan birga bu sana bir yil intizorlik bilan kutadigan baʼzi bir ucharlarning kuni edi – «kartoshka pishiqchiligi» yoki «hosil bayrami» deb atalardi. Kimlar uchun xursandchilik, yana kimlar uchun alamli kun boʻlardi. Qabul jarayonlaridagi nohaqliklar, turli «oʻyin»larni barchamiz bilar edig-u, ammo hech qayerda lom-mim deya olmasdik. Eng achinarlisi, katta hayotga katta umidlar bilan qadam qoʻyayotgan yoshlar bu nohaqliklarni koʻrib, shu bosqichdan oʻtishga majbur ekanliklari taʼlimdagi fojiamiz edi. Koʻchada koʻz-koʻz qilinayotgan shovqinli hushyorlikdan farqli ravishda OTM hududidagi sokin «bunkerlar»da barchaning taqdiri hal boʻlardi, oldindan «salom-alik» qilganlarning ishi besh – ular byudjetga ilinishi uchun baland ballar qoʻyilardi. Ammo buning oqibatida oʻqigan, bilimga chanqoq yoshlar ballari sunʼiy tushib ketar va bu ularni qabul qizil chizigʻi ortida, bortdan tashqariga tushib qolishga olib kelardi. Soʻng oʻqishga kirolmagan qora koʻzlarimiz ish topolmay oʻzga yurtlarda qora ishlarda ketishga majbur boʻlishardi va buning asoratlari hali-hanuzgacha seziladi.
1-avgust kuni oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kiritish uchun «katta armiyaning toʻliq tarkibi» ishlardi, rektor roʻyxati – alohida guruhlar shakllantirilar, bular uchun barchasi VIP. Bunkerlar tizimning eng asosiy ogʻir artilleriyasi, yaʼni fanlar blokining oʻqituvchilari jamlangan xona boʻlib, oʻqituvchilar bir kun oldin bu xonaga qulflab qoʻyilar edi. Bunkerga test markazi bino boshligʻi, qavatlar rahbarlari, nazoratchi oʻqituvchilar hamda universitet xodimlaridan iborat maxsus yetkazuvchilar test varaqlarini olib kirib berishardi.
Jarayonlar esa turli xil usullar orqali boshqarilardi. Qaysidir auditoriyaning tartib raqamlari oxirgi partalarga joylashtirilardi, bir xil rangdagi kiyimlardan, dastroʻmollardan yoki test varaqasida xatolar mavjudligidan foydalangan holda ishlar olib chiqilib, bunkerga yetkazilar, u ishlanib, so‘ng qaytib olib kirib berilar edi. Bu jarayon 2015-2016-yillarda oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan paytlari edi, deyarli 80-90% ishlar bunkerlarda amalga oshirilgan. Qolgan ucharlar esa shpargalka, telefon bilan yoki kuzatuvchi maqomida kirib boʻlmaganda, bitta blokni ishlab chiqib ketishardi. Yana bir qoʻl keladigan usul – bu «parovoz»lar edi. Aqlli kalla atrofida uch toʻrt nafar abituriyentni birlashtirish, bunda ularning tartib raqamlari yonma-yon qilib yopishtirilardi.
Nimaga erishdik? Yoshlarimiz adolatni koʻrmay ulgʻaydi, bilimli yoshlar qolib, bilimsizlarga yoʻl ochdik. Qabul kvotasi ham sunʼiy ravishda oshirilmay 2016-yilgacha 9%lik koʻrsatkichda ushlab turildi, buning natijasida juda koʻplab yoshlarimiz Oʻzbekistonni tark etishdi. Oliy taʼlim tizimiga boʻlgan ishonch yoʻqolib bordi.
Bugun esa bunday holatlar yoʻq. «1-avgust» oʻz qadrini yoʻqotgan.
2017-yildan boshlab oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari tubdan isloh qilindi. Oʻtgan yetti yil mobaynida yoshlarning oliy taʼlimga qamrab olish ham 9 foizdan 43 foizga yetkazilgani hamda qabul jarayonlaridagi turli nohaqliklarga barham berilgani ham bugungi kunimizning yorqin voqeliklaridan biri desak, adashmaymiz. Mavjud 77 OTM soni 210 tadan ortdi.
Bu yilgi qabul jarayonlaridagi oʻzgarishlar ham eng avvalo taʼlim sifatining oshishiga turtki boʻladi, chunki abituriyentlar oldida tanlov mavjud, har bir yuqori ball toʻplagan abituriyent eng avvalo taʼlim sifati hamda texnik bazasi yuqori boʻlgan oliy taʼlim muassasasini tanlashi tabiiy. Bu esa oʻz navbatida, oliy taʼlim muassasalarining taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan haqiqiy poygasidan dalolat beradi, raqobat va eng muhimi adolat va halollikka yoʻl ochildi!
Sherzodxon Qudratxoʻja, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori