Bu kunlarni 10 yil kutganman...

Bu kunlarni 10 yil kutganman...

Shavkat Doʻstmuhammad

Dadam yuk moshinada butun Oʻzbekistonni kezib yurdi koʻp yillar. Muntazam uyqusizlik sogʻligʻiga taʼsir qilib, oʻtgan yildan beri uyda edi. Bir yildan buyon Toshkentga obkelishga harakat qilardim, kelmasdi. Ayamni obkevoldim bir-ikki oy. Uyda bir oʻzi qoldiyam, Toshkentga kelmadi. Negadir kelishni istamaydi. 

Dadam bilan juda qattiq hazillashamiz. Dada degan bolani gapiga kirsa-da, deb kuyinardim, dada boʻlganingda koʻramiz, derdi hazil aralash. Keyin ayamni qaytarib joʻnatib yuborardim.

Sovchilikka borib kelishayotgandayam Toshkentda olib qolishga urindim, unnashmadi.

10 yil mobaynida oʻqishdan yo ishdan oilam yoniga shoshib borishga ichikdim. Ijarauyga qaytishdan maʼni yoʻqligi bois ishxonada yotib qolardim koʻpincha. Kvartiraga qaytsam ham, atay allamahalgacha sandiroqlab koʻcha kezib yuraman. 10 yil shu maromda intiqish bilan oʻtdi. 

Xullas, kechadan beri uyga shoshaman. Oilam bagʻriga! Oila! Mening oilam! Ota-onam! Juda koʻp marta ularni sogʻinganimni, ular qattiq sogʻinganini his qilganman, hammasiga qoʻl siltab, qishloqqa ketib qolishimgayam juda koʻp marta bir bahya qolgan. Shu kunga nasib qilgan ekan, dadam bobomning maslahati bilan rozi boʻlib, Xudo xohlasa, butunlayga Toshkentga kelishdi...


Bugun kun boʻyi yosh boladay irjayib yurdim... 

Ota-ona uchun farzand har doim – bola. Kechadan beri yosh boladay tergashadi...


Koʻz tegib qolmasin ishqilib.


P.s. Har qanday muhabbat oilaga muhabbatdan boshlanadi. 

Keyingi xursandchiliklarni boʻlishguncha – xayr!

Report Page