Brifing savol javolblari

Brifing savol javolblari

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi

1. Ko‘chmas mulkni ommaviy baholashning asosiy maqsadi nima?

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholashning asosiy maqsadi:

– respublikadagi mavjud 9 milliondan ortiq turar va noturar joylar, 8 millionga yaqin yer uchastkalarining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlash;

– ko‘chmas mulk obyektining oldi-sotdi qilish, garovga qo‘yish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va boshqa holatlar uchun aniqlanadigan qiymati o‘zaro mutanosib bo‘lishini ta’minlash;

– ko‘chmas mulk bozoriga oid ishonchli, to‘liq va davriy ravishda yangilanib boradigan axborot bazasini yaratish;

– soliq solishda adolatlilik tamoyilini yanada keng joriy etishdan iborat.

2. Ommaviy baholash natijasida obyektlarning qiymati 7-15 baravarga oshdi endi soliqlar ham shunchaga oshadimi deyilgan?

Ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymatni soliq stavkasi yoki soliq summasi bilan tenglashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, turar joylarning mulk solig‘i bazasi etib kadastr qiymati belgilangan.

Ya’ni, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijasi bugungi kunda hech qanday huquqiy oqibatni keltirib chiqarmaydi.

Toshkent shahar natijalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi yakunlanib, “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan keyin, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan soliqqa tortish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, soliq siyosatidagi har qanday o‘zgarishlar aholi va tadbirkorlar manfaatlari, aholini ijtimoiy himoya qilish va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda alohida ko‘rib chiqiladi.

Ya’ni soliqlar keskin oshib ketadi degan xavotirga o‘rin yo‘q.

3. Ommaviy baholash natijalarini qayerdan ko‘rishim va o‘z fikrimni bildirishim mumkin?

Mulkdorlar o‘ziga tegishli ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymat bilan davreestr.uz yoki my.gov.uz portali orqali tanishishlari va baholash natijalari yuzasidan munosabat bildirishlari mumkin.

4. Ommaviy baholash natijasi yuzasidan munosabat bildirilmasa nima bo‘ladi yoki munosabat bildirgan taqdirda qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?

Ommaviy baholash natijasi yuzasidan mulkdor tomonidan munosabat bildirishi majburiy emas va bu hech qanday huquqiy oqibatni keltirib chiqarmaydi.

Shu bilan birga, ushbu jarayonga mulkdorlar tomonidan munosabat bildirishi baholash ishlarini yanada sifatli amalga oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Bunda, ommaviy baholash natijasi bo‘yicha munosabat bildirilmagan bo‘lsa, baholash natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi ya’ni o‘zgarishsiz qoladi.

5. Ommaviy baholashda uy-joyning ta’mirlanganlik holati hisobga olinadimi?

“Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyati”ga asosan obyektlarning bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashda barcha obyektlarning ta’mirlanganligi holati “o‘rta ta’mir holatida” deb qabul qilinadi va obyektlarning haqiqiy ta’mirlanganligi holati inobatga olinmaydi.

6. Ko‘chmas mulkni bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashda mulkdordan mablag‘ talab etiladi?

Ko‘chmas mulkni bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashda mulkdorlardan alohida haq undirilmaydi. Ommaviy baholash ishlari belgilangan tartibda davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi.

7. Ommaviy baholash ishlari faqat Toshkent shahrida amalga oshiriladimi yoki barcha hududlardami?

Ommaviy baholash ishlari bosqichma-bosqich barcha hududlarda amalga oshiriladi. Jumladan:

2025-2026 yillarda Toshkent shahrida;

2026-2027 yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida;

2027 yildan respublikaning qolgan hududlarida.

8. Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sodda qilib aytganda nima?

Ommaviy baholash bu ko‘p sonli ko‘chmas mulklarning qiymatini bir vaqtning o‘zida aniqlashning zamonaviy raqamli usuli.

9. Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash ko‘chmas mulk bozoriga qanday ta’sir qiladi?

Ommaviy baholash tizimi ko‘chmas mulk bozori rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. U quyidagi imkoniyatlarni beradi:

– bozor ishonchini oshiradi;

– davlat yoki xususiy sektor tomonidan sarmoya kiritishda ishonchi manba shakllanadi;

– bitimlarning yanada ochiq va tushunarli bo‘lishini ta’minlaydi;

– ko‘chmas mulk bozori haqida sifatli ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Ishonchli ma’lumotlarning mavjudligi investorlar va tadbirkorlar uchun qaror qabul qilishdagi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

10. Ommaviy baholashda obyektlarning bozor narxiga yaqin qiymati qanday amalga oshiriladi?

Dastlab ko‘chmas mulk bozori to‘g‘ridagi ma’lumotlar to‘planadi, tahlil qilinadi, bir-birga o‘xshash eng ko‘p obyektlardan namunaviy obyekt aniqlanib, hududlar narx bo‘yicha zonalashtiriladi hamda narxga ta’sir etuvchi omillar inobatga olingan holda obyektlarning bozor narxiga yaqin qiymati aniqlanadi.

11. Endi oldi-sotdi shartnomada obyektning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini ko‘rsatish talab etiladimi?

Yo‘q talab etilmaydi. Obyektlarning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlash aholining huquqlari va manfaatlarini cheklamaydi.

12. Agar mulk egasi yangi qiymatdan norozi bo‘lsa qayerga murojaat qilishlari kerak va qanday hujjatlar talab qilinadi?

Agar mulkdor baholash natijasidan norozi bo‘lsa davreestr.uz yoki my.gov.uz portali o‘ziga tegishli mulkni taxminiy qiymatini va o‘z munosabati bildirishi mumkin.

Mulkdorlar tomonidan bildirilgan har bir munosabat Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan atroflicha o‘rganiladi.


Report Page