Boshqaruv usullari

Boshqaruv usullari

Javlon Juraev

Har qanday davlat o‘z vazifalarini bajarish uchun, boshqaruv kuchiga – alohida shaxslarning ustidan hokimiyatga ega bo‘lishi kerak. Odamlarni o‘z izmiga sola bilmagan davlat o‘z ishini qila olmaydi va barham topadi.

Davlat alohida shaxs irodasini o‘ziga bo‘ysundirish uchun turlicha usullardan biri yoki bir nechtasini ishlatishi mumkin. Eng primitiv va tez ta’sir qiluvchi usul – bu qo‘rqitishdir.

Avvalgi suhbatlarimizdan ma’lumki, qo‘rquv – eng qadimgi va tabiiy kuchli tuyg‘ulardan biri. U bizga yashab qolishga yordam beradi. Agar davlat ana shu tuyg‘uni boshqara olsa – shaxs deyarli to‘lig‘icha uning izmida bo‘ladi.

Tarixdagi har qanday harbiy qudratga asoslangan davlat xalqini qo‘rquv yordamida boshqargan. Avvaliga dushmanni qo‘rqitish va yengish uchun yaratilgan harbiy qudrat barcha g‘animlar yengilgandan keyin, xalqni nazoratda saqlashga qaratiladi va bunda qo‘rqitish usulidan keng foydalaniladi. Rim imperiyasining qudrati – uning xalqni qo‘rquvda tutadigan harbiy kuchi bo‘lgan. Sharqda bu usuldan Xitoy imperatorlari ustalik bilan foydalanishgan. Mo‘g‘il xonlarining ham asosiy boshqaruv usuli qo‘rquv bo‘lgan.

Mexanik davlat tuzilmasi asosida qurilgan hukumatlar ham qo‘rquvni asosiy boshqaruv quroli sifatida ishlatadilar. O‘z davrida fashistlar Italiya, Ispaniya va Germaniyada qo‘rquv yordamida hokimiyatni tutib turgan. Sovet Ittifoqining ichki qudrati ko‘p jihatdan xalqni qo‘rqitishga asoslangan. Stalin boshlab bergan bu siyosat ikkinchi jahon urishi sabab o‘ta harbiylashgan ulkan mamlakatda mustahkam o‘rnashgan.

Tabiiyki, bu usulning bir yaqqol xavfi bor: qo‘rquv bilan boshqarilgan xalq kuchsiz shaxslardan tashkil topadi, chunki qo‘rquv hukmron bo‘lgan jamiyatda ojiz shaxslar yetishib chiqadi. Bunday jamiyat tanazzulga yuz tutishga mahkum.

Xalqni kuchli milliy g‘urur yordamida ham boshqarish mumkin. Faqat bunda milliy g‘urur tabiiy usulda shakllanishi, uni hech kim majburlab xalqqa o‘tkazishga urinmasligi kerak. Bu usuldan qadimgi yunon shahar-davlatlari foydalanishgan. Ularda har bir shahar-davlat o‘z madaniyati, diniy udumlari, yashash tarzi va, eng asosiysi – o‘z milliy g‘ururiga ega bo‘lgan. Aynan ana shu boshqalarga o‘xshamagan bo‘lishdan faxrlanish tuyg‘usi ularni o‘z davlatlariga va hokimlariga sodiq bo‘lishga undagan.

Inglizlar bilan asriy urushlar sabab fransuzlarda ham o‘ta kuchli milliy g‘urur shakllangan va avvaliga qirollar, keyinchalik respublika hukumati xalqni nazorat qilishda ana shu g‘ururdan ustalik bilan foydalangan. Kichik nemis davlatlari yagona Germaniya tarkibida birlashganda, hukumat sun’iy ravishda nemis milliy g‘ururini shakllantirishga zo‘r bergan. Keyinchalik ana shu sun’iy milliy g‘urur ta’siri ostida nemislar ikki jahon urushini boshlab, ikkisida ham yutqazganlar.

Anglab turganingizdek, milliy g‘urur ustiga qurilgan davlat boshqa xalqlar bilan doimiy dushmanlikka, o‘zlaridan boshqa hammani g‘anim deb yashashga mahkum. Bunday jamiyatni tashkil qilgan shaxslarda milliy muhimlik juda yuqori bo‘ladi va bu ularga o‘zlari va boshqalar bilan kelishib yashashga xalal beradi.

Uchinchi tur boshqaruv erkinlik yordamida amalga oshiriladi. Bu boshqaruv usullari ichida eng yoshi va juda aqlli tashkil qilingan usuldir. Bunda hukumat xalqni erkin tashlab qo‘yib boshqaradi – shaxs o‘zini erkin his qilishi uchun yetarli sharoit yaratiladi va shu bilan shaxsning sergakligi o‘ldiriladi. Bunday jamiyat vakili o‘zining boshqaruv ostida ekanini ko‘p hollarda sezmaydi.

Qo‘shma Shtatlar o‘z tarixi boshida mana shu usulda barpo qilingan. Amerikaga ko‘chib borib o‘rnashgan odamlar asosan Yevropada qo‘nim topa bilmagan, eski dunyodagi boshqaruv tizimidan norozi tijoratchi va tadbirkorlar bo‘lgan. Ular yangi qit’ada kuchli asos qurib olgandan keyin, Yevropa tazyig‘idan batamom mustaqil bo‘lish istagi bilan chiqqanlar va erkinlikka asoslangan jamiyat tuzishga kirishganlar. AQSH hukumati erkinlik vositasida boshqarish usulidan hozirgacha keng foydalanadi: oddiy amerikaliklarni “shaxsiy erkinlik” yoki “shaxsiy huquqlar” kabi jumlalar yordamida deyarli har qanday mafkurani qabul qilishga ko‘ndirish mumkin.

Albatta, ko‘p davlatlar bir nechta boshqaruv usullarini uyg‘unlikda ishlatadilar. AQSH hukumati ham erkinlik bilan boshqarishni milliy g‘urur bilan kuchaytiradi. Fashist Germaniyasi sun’iy milliy g‘ururga asoslangan boshqaruvni qo‘rquv bilan mustahkamlagan. Bugun shunday yondashuv Rossiya hukumati tomonidan ishlatilmoqda. Fransuz davlati esa boshqaruvda milliy g‘ururni shaxsiy erkinlik bilan bir qatorda ishlatishga urinadi.

Bu usullarning har biri alohida shaxslardagi ojizlikdan foydalanib, ularni nazoratda saqlashga qaratilgan. Ammo qo‘rquv, g‘urur yoki haqparastlik kuchli shaxs belgilari emas. Kuchli shaxs irodasini qo‘rquv yordamida sindirib bo‘lmaydi, u milliy yoki diniy muhimlikka berilmaydi, u shaxsiy erkinlik nisbiy bo‘lishini yaxshi biladi. Ya’ni, kuchli shaxslardan tashkil topgan jamiyatni boshqarishda yuqorida ta’riflangan uch usuldan hech biri samara bermaydi.

Shaxs va davlat o‘rtasidagi munosabatlar barqaror va sog‘lom bo‘lishi uchun, ular qo‘rquvga, burch hisiga yoki ko‘r-ko‘rona minnatdorlik hisiga asoslanmasligi kerak. O‘z davlatidan qo‘rqqan shaxs samarali ish-faoliyat olib boradigan fuqaro bo‘la olmaydi. Davlati va millati oldida o‘zini burchli bilgan shaxs ham shu burch yukidan imkon qadar xalos bo‘lishga intilib yashaydi. Davlatiga sergakliksiz minnatdor bo‘lib yashagan shaxs esa yuzaki erkinligining etagidan tutib, davlatning noto‘g‘ri qarorlariga ham rozi bo‘ladigan xavfli fuqaroga aylanadi.

Shaxs va davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va ishonchga asoslanishi lozim. O‘z xalqi ishonchini yo‘qotgan davlat asosiy qudratidan ayriladi. O‘z davlati hurmatini yo‘qotgan shaxs davlatni va boshqa odamlarni o‘ziga dushman deb biladi. Xo‘sh, qanday qilib davlat bilan ishonchli munosabat o‘rnatish mumkin?

Avvalo, davlatni bizdan alohida, bizga begona bir tuzilma deb qabul qilishni to‘xtatish kerak. Davlat – bu biz bilan bir jamiyatda yashab kelayotgan boshqa odamlar. Ana shu odamlarga ishonch va hurmat bilan yondashishni, ular bilan muhimlikka berilmay muloqotda bo‘lishni uddalay olsak – davlat bilan oldi-berdimiz ham maromida bo‘ladi. Unutmangki, davlat – bu barchamizning umumiy istak va intilishlarimiz. Bir-birimizga tanlov berib yashasak – davlat ham mustahkam va barhayot bo‘ladi.

Eng samarali boshqaruv usuli – bu odamlarga tanlash erkinligini berishdir. Hayotda qaysi kasb egasi bo‘lishni, odamlarga qanday naf keltirishni, qanday e’tiqodga ergashishni, qaysi ma’lumotga ishonish-ishonmaslikni shaxslar o‘zi tanlasin. Shunda har kim eng samarali usulda jamiyatga foyda keltiradigan baxtli hayot tarzini tanlaydi.

Albatta, bu usul ta’riflanganday ishlashi uchun, jamiyat kuchli shaxslardan tashkil topgan bo‘lishi zarur. Bunga esa to‘g‘ri tarbiya va ta’lim orqaligina erishish mumkin. Har qanday kuchli jamiyat poydevori oiladagi tarbiya va maktabdagi ta’limdan boshlanadi. Farzandlarimizga kuchli shaxs bo‘lishga, jamiyat hayoti va davlat tuzilmasida o‘z o‘rnini topishga, boshqalarga hurmat nima ekani anglay bilishga yordam bersak – davlat organizmini yana-da kuchaytiradigan hujayralarni yetishtirgan bo‘lamiz.

O‘zaro ishonch va hurmatdan boshqa qadriyatga asoslangan shaxs-davlat munosabatlarida ikki tomondan biri yoki ikkisi mudom aziyat chekishga mahkum. Shaxsning aziyati – uning baxtsizligi bo‘lsa, davlatning mag‘lubiyati – uning ojizlashishidir. Bunda na shaxs yutadi, na davlat.

@yettiqadam


Report Page