"Bonu": milliat ayollarining iztirobi

"Bonu": milliat ayollarining iztirobi

Muhiddin


Jonim otashda tun-kun,

Yurakkinam toʻlmaydi.

Bu qizni sevish mumkin,

Lek uylanib boʻlmaydi.*

    

     Shoir ushbu nazmiy baytlari bilan o‘zbek mentaliteti insoniyatga yoki biror hodisaga bitta rakursdan qaray olmasligini, qalb va aql o‘rtasidagi jangdan tashqari atrofdagilar, xesh-aqrobalar fikri bilan ham hisoblashishga majbur ekanini ko‘rsatib beradi. "Bonu" romani esa xuddi shu "teorema"ni bandma-band isbot etishga urinib ko‘radi. Qaysidir ma’noda buning uddasidan chiqadi ham. 

Kitobni o‘qiy boshlasangiz, voqealar tizgini kardiogramma singari o‘ynab, goh aqlni, goh yurakni timdalab turadi. Xotira, kelajak va orzu bir-biriga tutashgan-tutashmagan chiziqlar bilan chalkashib ketadi.

 Va xayolingizning bir chetidan ushbu jumla sizib chiqadi: "Bonu" - sevgi haqidagi roman!

    Bonu kasallik yuqtirib olgach, maktabda ishlay boshlaydi. Tizimga yangi qon olib kirishga urinishlari sabab maktab direktori bilan o‘rtada ziddiyat yuzaga keladi. Ana shu mojaro kelib chiqqan chog‘da asar qahramonining ichidan quyidagicha fikr o‘tadi:

“Maktabda shunday bir toifadagilar ham bor ediki, ular maktabni shunchaki kun o‘tkazish uchun tirikchilik vositasi deb bilar, loqayd va befarq hayot tarzini maʼqul ko'rgan bu tepsa tebranmaslarga mening harakatim vahimali tuyilar, "Ertaga bir balo boshlanib, bizni ishlashga majbur qilishmasa go‘rga edi" degan tashvishlari bor edi" .

Ha, ta’limdagi ayni shu qatlam millatni ichdan yemiradi, "po‘lat" avlodni zanglatib, chirishiga sababchi bo‘ladi. Ayni shu tipdagi o‘qituvchilar tarbiyalagan yoshlar vaqti yetib bir "yo‘lini" qilib tibbiyotda, ta’limda, iqtisodiyotda ishlasa-chi? Undan teparoqqa joylashsa-chi? Unda Cho‘lpondan, Qodiriydan qolg‘on yurtning ertasi ne bo‘lg‘ay? Muallif o‘quvchi ongida ayni shu savollarga doyalik qiluvchi voqelikni ustalik bilan berib o‘tadi. Biroz e’tiborsiz bo‘lgan kitobxon buni payqamay qolishi ham hech gap emas. Keyin bir necha o‘n varoqlab sokinlik bilan o‘qirmonni navbatdagi kulminatsiyaga tayyorlarkan, o‘sha biroz salqi tortgan jarayon fonida ta’limni, uning kelajak uchun, yurt va o‘tmish uchun qanchalar kerakli unsur ekanini o‘ylashga imkon qoldirgandek tuyiladi.


Musofirlik bu - o‘z ixtiyoring bilan kelib, o‘zgalar ixtiyori bilan yashaysan degani...

   Romanning katta qismi Bonuning o‘ris yurtida ko‘rgan qiyinchiliklari, ayol boshi bilan vatanidan olislarda og‘ir mehnat qilishga majbur bo‘lganiga bag‘ishlanadi. U ko‘rgan xo‘rliklarni ko‘z oldingizga birma-bir tizib chiqqan muallif Bonuning iztiroblarini, tuyg‘ularini sizga his ettiradi, jarayonni davomiy bosh ko‘tarmasdan o‘qishga majbur qiladi. Yozuvchi yana shuni aytadiki(albatta, buni to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmaydi, voqealar, iztiroblar orqali so‘zlaydi) hech bo‘lmasa millat ayollariga olis yerlarda borib ishlashga majbur bo‘lmaydigan sharoit qilib bering, ey yuqoridagilar! Bir nima deng? Bir nima qiling axir?! - deya siz-u bizga tanish voqealar, siz-u bizga notanish iztirob va xo‘rliklar tili bilan tinimsiz hayqiradi. 

Men umrimda birinchi bora O'zbekistondan shunchaki sayrga chiqqan odamni ko'rib hayron-u lol edim.

Asar qahramoni tilidan yangragan ushbu gapning o‘zi ham asl holatni qisqa, keskin va keskir tushuntira oladi. Muallif voqealar davomiyligi bilan shu narsaga erishadi. Millatni tarbiyalaydigan ayollarning mutelikka ko‘nikishi, xizmatkor bo‘lib ishlagach buyruq berishlariga o‘rganib qolishlari, musofirlikning og‘ir yo‘llarida ayrimlari nomus va g‘ururlaridan ayrilishlari, ikkinchi darajali odam sifatida qarashlariga ko‘nikib ketishlari har qanday millat uchun eng dahshatli fojia emasmi? Bunday muhim xususiyatlardan ayrilgan ayollar tarbiyalagan avloddan sodiqlik, mardlik, oriyat kabi xislatlarni qay aql bilan kutasiz? Hech bo‘lmasa, yetishmovchilik sababli ayollar begona tuproqlarga ketishining oldini oling. Biror harakat qilsangizchi, biror nima desangizchi, - deya muallif qahramonlarning ahvoli, chekayotgan sitamlari orqali tinimsiz nola qiladi. Nolasi "yuqoriqoqqa" eshitilishi uchun borini berishga uringani seziladi.

Kitobni jon qulog‘i bilan o‘qigan odam esa hayqiraverib ovozi bo‘g‘ilgan muallifni asar so‘ngigacha eshitib turadi.

Va xayoliga ushbu jumla uzoqlardan, bo‘g‘iq ovozda takrorlanib kelaveradi:

  "Bonu" - sevgi haqidagi roman emas!


Muhiddin Nido


* - Iqbol Mirzo she’ri


Report Page