Bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish javobgarlikka sabab boʻladi
Nurafshon shahar hokimligi axborot xizmati
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ–823-son, 15.03.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi
Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, Oʻzbekiston fuqaroligiga ega bolani ota, ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish:
BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha (3 mln soʻmdan 15 mln soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shunga koʻra, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda koʻpi bilan 30 kunlik muddat belgilanib, sud ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs zimmasiga bolani chet davlatdan Oʻzbekistonga qaytarish yoxud huquqbuzarlikni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrish majburiyatini yuklaydi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda Oʻzbekistonga qaytarilishini taʼminlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Oʻsha qilmish ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, uni sodir etgan shaxs 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Ushbu normalar mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach amalga kiritiladi.