Bolalarda ovqat allergiyasi

Bolalarda ovqat allergiyasi

Doctor Muxtorov

Oziq-ovqat allergiyasi – organizmning ba’zi mahsulotlar tarkibiga kiruvchi komponentlarga immun reaksiyasi. Odatda bolalar, xususan emizikli go‘daklar bu xastalikdan aziyat chekadi. Kattalarda ovqat allergiyasi kamroq uchraydi. Allergiyaning xatarli tomoni allergenning ozroq miqdori ham inson hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligida.

MKB bo‘yicha ovqat allergiyasi quyidagi kodlardan biri bilan belgilanadi:

  • L 20.8 – boshqa atopik dermatitlar (allergen sababli teri yallig‘lanishi);
  • L 27.2 – ovqat tufayli kelib chiqan dermatit;
  • L 50 – eshakyemi;
  • T 78.1 – ovqatga reaksiya tufayli paydo bo‘ladigan patologik reaksiyalar. 

Oziq-ovqat allergiyasida boshqa kishilar uchun mutlaqo bezarar bo‘lgan yangi mahsulotlar kimgadir salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Odatda ular terida ko‘rinsa, kamroq holatlarda ovqat hazm qilish tizimida namoyon bo‘ladi. Kuchli allergiyada bemorda anafilaktik shok yuz berishi mumkin va bu hayot uchun nihoyatda xavfli hisoblanadi va e’tiborli tomoni ovqat allergiyasida reaksiyaning mazkur turi kamroq uchraydi.

Oziq-ovqat allergiyasiga immun hujayralarining anomal reaksiyasi, oziq-ovqat mahsulotlariga qarshi jismlar hosil bo‘lishi (reaginlar yoki E klassdagi immunoglobulinlar) va ularning birikmasi sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun oziq-ovqat allergiyasi tasnifiga:

  • Reaginlar hosil bo‘lishi natijasidagi reaksiyalar (eshakyemi, rinit, kon’yunktivit, astma xuruji, ichaklar buzilishi, anafilaktik reaksiyalar);
  • Aralash variantlar (dermatit, oshqozon-ichak tizimi buzilishi);
  • Hujayra patologiyasi ko‘rinishlari (ichaklar yallig‘lanishi yoki shamollashi).

Ovqat allergiyasi sabablari

Oziq-ovqat allergiyasi kattalar va bolalarda mahsulotlar tarkibidagi oqsillar, ba’zan oqsilsimon moddalar – gaptenlar ta’sirida vujudga keladi. Bunday oqsil molekulalari tarkibida inson immunitet o‘zgarishining genetik darajasidagi himoya reaksiyasini chaqiruvchi qismlar mavjud.

Shuningdek, oshqozon va ichaklar holati ham muhim ahamiyatga ega: allargenlar kasallangan mahal immunokomponent hujayralar yoki aksil jismlarga reaksiyasi ortib, ta’sirchanlik kuchayadi.

Bolalarda ovqat allergiyasi

Aksariyat hollarda bolalardagi ovqat allergiyasiga onaning homiladorlik mahali yoki emizikli davrida noto‘g‘ri ovqatlanishi sabab bo‘ladi. Misol uchun, homiladorlik paytida ayolning haddan ziyod tuxum iste’mol qilishi ma’lum muddatdan keyin bolada aynan mazkur mahsulotga nisbatan allergiya paydo bo‘lish ehtimolini keltirib chiqaradi.

Ammo allergiyaning asl sababi – immunitetning genetik darajada buzilishi hisoblanib, u nasl suradi yoki favqulodda paydo bo‘lishi mumkin.

Odatda bolalarda ovqat allergiyasi quyidagi omillar sabab yuzaga keladi:

  • Bolaning ko‘krak suti bilan boqilmasligi, ularni turli sigir yoki echki suti oqsillari saqlaydigan sun’iy aralashmalar bilan oziqlantirilishi;
  • Chala tug‘ilish;
  • Oshqozon-ichak tizimi kasalliklari, o‘t yo‘llari yoki jigar xastaligi.

Sigir suti oqsiliga allergiya 2-3% emizikli bolalarda uchraydi. 5 yoshga kelib 80% ga bolalarda bu holat yo‘qoladi, 6 yoshga kelib esa 100 ta bolaning 1 tasidagina sigir sutiga nisbatan allergiya uchrashi mumkin.

Bir yoshgacha bo‘lgan davrda bolalarning 17% da bir marta bo‘lsa ham allergiya holati kuzatiladi.

Kattalarda ovqat allergiyasi

Kattalar ham ba’zan allergiyadan aziyat chekadi va u turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin. Ularning bir qismi ham kattalar, ham bolalarda bir xil bo‘ladi:

  • Immunitetning genetik darajada buzilishi;
  • Oshqozon-ichak tizimi jarayonlaridagi yallig‘lanish parchalanmagan yegulikning ichaklar devori orqali so‘rilishiga olib keladi;
  • Oshqozonosti bezi faoliyatining buzilishi moddalar so‘rilishi tezligini kamaytiradi shuningdek, o‘t chiqarish yoki ichak yo‘llari diskineziyasi;
  • Noto‘g‘ri ovqatlanish tartibi oshqozon gastriti yoki boshqa xastaliklarga sabab bo‘ladi (bu odatiy allergiya yoki soxta allergiya paydo bo‘lishiga olib keladi).

Ba’zi kishilarda ovqat qo‘shimchalarining ayrim turlariga allergiya bo‘lishi mumkin. Qo‘shimchalar oziq-ovqat mahsulotlari hidi, rangi va ta’mini yaxshilash hamda saqlash muddatini uzaytirish uchun qo‘llanadi.

Allergiyasi bor kishilarda tartrazin – mahsulotga sariq-tillarang ko‘rinish beradigan qo‘shimcha aksariyat hollarda muammo tug‘diradi. Shuningdek “qora ro‘yxatga” go‘sht va kolabasa mahsulotlariga chiroyli qizg‘ish-alvon tus beruvchi natriy nitratini ham kiritish mumkin. Konservantlar orasida ko‘proq natriy glyutamat va salitsilatlarni ham qayd etish lozim. Ovqat allergiyasidan aziyat chekadigan kishilarning 5-7%, sog‘lom kishilarning 1000 kishidan 1 tasi aynan oziq-ovqat qo‘shimchalariga allergiya kuzatiladi.

Allergik reaksiyaga sabab bo‘ladigan mahsulotlar

E’tiborli jihati, oziq-ovqat mahsulotlari orasida faqat tuz va shakargina allergen hisoblanmaydi. Qolgan har qanday yegulik yoki oziq-ovqat mahsulotining u yoki bu ma’noda allergiyaga sabab bo‘lish ehtimoli bor. Ayniqsa, allergiyaga moyilligi bor kishilar bu holatga alohida e’tibor qaratishlari kerak. Shu o‘rinda ko‘proq tadqiq qilingan va kuchli allergenlar ro‘yxatiga kiritilgan ayrim mahsulotlar haqida mulohaza yuritsak.

Sigir suti

Keng tarqalgan allergenlardan biri. Sut tarkibida taxminan, 20 turdagi oqsillar bo‘lib, ularning har biri qaysidir ma’noda allergiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Qaynatish jarayonida ularning bir qismi parchalanib ketadi, biroq qolgan qismi yuqori haroratga bardoshli. Shu bilan birga, sutga allergiyasi bor kishilar kishilar uchun mol go‘shti kamdan kam holatlarda allergenlar sirasiga kirtiladi.

Tovuq tuxumi

Tuxum ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. Tibbiyot amaliyotida hatto bir dona tuxumning anafilaktik shok yoki boshqa jiddiy salbiy oqibatlarga sabab bo‘lgani holatlari qayd etilgan. Gap shundaki, tuxum tarkibidagi proteinlar ichak devorlari orqali o‘zgarmagan holatda qonga so‘rilish xususiyatiga ega.

Tuxum oqi va sarig‘i turlicha antigen xususiyatga ega bo‘lib, ba’zi kishilar tuxum oqini bemalol iste’mol qilishi barobarida, uning sarig‘ini ko‘tara olmaydi yoki aksincha. Tuxum qaynatilgan yoki qovurilganda tuxum oqining antigen xususiyati kamayadi.

Tovuq tuxumiga allergiyasi bor bemorlar o‘rdak yoki g‘oz tuxumini iste’mol qilishlari vaziyatni o‘zgartirmaydi, chunki allergen xususiyat har ikkala keyingi parranda tuxumida mavjud. Tuxumga allergiyasi bor kishilarning aksariyatida tovuq katagi yoki parranda fermasi hidiga allergiya holati kuzatiladi.

Yosh o‘tishi bilan, taxminan 10% bolalarda tuxumga allergiya yo‘qoladi.

Baliq

Baliq kuchli antigen va gistamiliberlovchi xususiyatga ega. Mazkur mahsulotga allergiyasi bor kishilarda nafaqat baliqni iste’mol qilish, balki uni tayyorlash mahali baliq hidi ham hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin ekan. Odatda, baliqqa allergiyasi bor kishilar organizmi har qanday turdagi baliq va baliq mahsulotlarini nihoyatda salbiy qabul qiladi. Ba’zan allergiya bir yoki bir necha tur baliqlarga taalluqli bo‘lishi va allergenlar sirasiga kirmagan baliqni inson bexavotir iste’mol qilishi ham umkin.

Qisqichbaqasimonlar

Qisqichbaqasimonlar uchun aralash antigenlik xarakterli bo‘lib: insonda bir turdagi qisqichbaqasimonga allergiya kuzatilsa, taomnomasidan har qanday turdagi qisqichbaqasimonlardan tayyorlanadigan mahsulotni chiqarib tashlashi lozim. Bu ro‘yxatga chuchuk suvda yashovchi mayda dafniya qisqichbaqasi ham kiradi. Ular odatda akvariumda boqiladigan baliqlar uchun maxsus quruq ozuqaga qo‘shiladi. Dafniyaning nafasni qisib qo‘yishgacha bo‘lgan reaksiyasini unutmaslik kerak.

Afsuski, dengiz mahsulotlari va baliqqa nisbatan allergiya bir umrga qoladi va ular bilan qisqagina to‘qnashuv ham anafilaktik reaksiyalarga sabab bo‘lish ehtimoli kuchli.

Bug‘doy va soya

Mazkur mahsulotlar ham ko‘p uchraydigan allergenlar sirasiga kiradi.

Go‘sht

Go‘sht tarkibida ko‘p miqdorda oqsil bo‘lib, mazkur mahsulot kamdan kam holarda allergiyaga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga ba’zi go‘sht mahsulotlari, masalan, parranda go‘shti boshqalariga nisbatan ko‘proq antigen xususiyatga ega. Kimdadir mol go‘shtiga allergiya bo‘lishi barobarida, qo‘y, cho‘chqa yoki tovuq go‘shtini xavotirsiz iste’mol qilishi mumkin.

Ziroat mahsulotlari

Ziroat mahsulotlari (bug‘doy, javdar, jo‘xori, guruch, arpa va boshq.) yengil allergiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Kamdan-kam hollarda ularni iste’mol qilish jiddiy asoratlarga sabab bo‘ladi. 5-6 yoshga kelib bolalarning teng yarmida bunday reaksiyalar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Sabzavot, meva va reza mevalar

Mazkur oziq-ovqat mahsulotlari orasida allergiyaga sabab bo‘ladiganlari bisyor. Kuchli allergiyaga ayniqsa, tsitrus mevalar (apelsin, greypfrut, limon), qulupnay va ertut sabab bo‘ladi. Allergiyasi bir mahsulotga bo‘lgan kishilarda aynan shu oilaga tegishli barcha mevalarga birdek reaksiya kuzatiladi.

Shu bilan birga, aralash reaksiyalar ham mavjud. Misol uchun, qayinsimonlarning gul changi (pollinoz)ga allergiyasi bo‘lgan kishilar aksariyat hollarda mutlaqo boshqa oilaga taalluqli olma va sabzi iste’mol qila olmasligi mumkin. Meva va sabzavotlarning antigen xususiyatini pishirish, qovurish yoki dimlash bir qadar kamaytiradi.

Yong‘oqlar

Ko‘pchilik yong‘oqqa ta’sirchan bo‘lib, mazkur mahsulotga reaksiya odatda anchagina kuchli ko‘rinish beradi. Yong‘oqning bir turiga reaksiyasi bo‘lganlar, boshqalarini bemalol iste’mol qilishi mumkin, ammo ba’zan bir yong‘oqqa allergiyasi bo‘lgan kishi umuman barcha yong‘oq turlaridan aziyat chekishi ehtimoldan xoli emas. Yong‘oqqa allergiyasi bo‘lganlarning aksariyati daraxtining changiga ham ta’sirchan bo‘ladi. Eryong‘oq kuchli allergen bo‘lib, ko‘p hollarda anafilaktik reaksiyaga sabab bo‘ladi. Atigi 20% bolada yosh o‘tishi bilan mazkur mahsulotga allergiya yo‘qolishi mumkin.

Shokolad

Shokoladni kuchli allergiya chaqiruvchi deb hisoblashsada, bu mahsulot kuchsiz antigen xususiyatga ega. U kuchsiz reaksiya chaqiradi va bu xususiyat kakaoga ham talluqli.

Ovqat allergiyasi belgilari

Oziq-ovqat allergiyasi bolaning yoshi va immunteti holatiga bog‘iq. Quyida allergiyaning asosiy alomatlari va uning ko‘rinishlari keltiriladi:

  • Terida toshma, qichish, shish yoki achishish;
  • Og‘iz bo‘shlig‘ida shilliq pardaning shishishi;
  • Allergik rinit (burun bitishi, aksa va burundan suv kelishi);
  • Yo‘tal (ba’zan balg‘amli);
  • Nafas qisishi (tomoq shishishi oqibatida);
  • Ko‘zlarning yoshlanishi va qizarishi;
  • Ko‘ngil aynishi va qayt qilish, qon aralash va shilliq ich ketishi;
  • Qorin sohasida og‘riq.

Allergiya mahali odatda, toshma – eshakyemi ko‘rinishida bo‘lib, uncha ko‘p bo‘lmagan qattiq o‘zakli qizil tusli toshma, shish va qichishish bilan kechadi.

Emizikli bolalarda ovqat allergiyasi atopik dermatit sabab qator qo‘shimcha alomatlarga ega:

  • Teri qurishqoqligi;
  • Bola axlat chiqarish teshigi sohasida emizgandan keyin kuchayadigan qizarish.

Maxsus ovqatlanish tartibiga amal qilinganida odatda, allergiya reaksiyalari izsiz yo‘qoladi.

Allergiyani davolash

Allergiya davosi avvalo, to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga amal qilishda. Bemor butunlay allergen chaqiruvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan voz kechishi lozim. Parhez orqali sekin-asta, ammo ishonchli ravishda allergiyani yengish mumkin. Biroq maxsus ovaqtlanish tartibiga holatingiz yaxshilanganidan keyin ham ma’lum muddat amal qilishingiz foydalan xoli emas. Bolasini emizadigan ayollar ayniqsa mazkur tartibga to‘liq rioya etishlari shart.

Umuman olganda, ovqat allergiyasida ikki turdagi parhezga amal qilinadi:

  1. Nospetsifik parhez (allergiyaga sabab barcha oziq-ovqat mahsulotlaridan voz kechish). Mazkur parhezga allergiyaga nima sabab bo‘lgani hali aniqlanmagan, dastlabki alomatlardanoq amal qilish talab etiladi;
  2. To‘liq parhez (reaksiyaga sabab o‘ladigan barcha mahsulotlardan, hatto juda kam miqdordagisidan ham voz kechish).

Parhez allergiya profilaktikasining yagona yo‘li bo‘lib, bunga kattalar ham, bolalar ham amal qilishi zarur. Bemor yoshiga ko‘ra kasallik bilan kurash bir haftadan to‘rt haftagacha davom etadi.

Bolada sigir sutiga allergiya kuzatilsa, unga echki sutini berish ham taqiqlanadi. Qo‘shimcha ozuqa sifatida oqsil va aminokislotalari yuqori gidrolizlangan tayyor aralashmalardan foydalanish kerak. Sut mahsulotlariga allergiyasi bo‘lgan 90% bolalarda mazkur aralashmalar patologik reaksiyalarga sabab bo‘lmaydi.

Allergiya sezilar-sezilmas darajada, yengil shaklda yuz ko‘rsatganida ham, mutaxassis shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi. Allergiya alomatlarida quyidagi dori vositalari qabul qilish mu mumkin:

  • Sorbentlar (allergenlarni organizmdan chiqarishni rag‘batlantiradi);
  • 2-avlod antigistamin preparatlar (shish va yallig‘lanishlarni kamaytiradi);
  • Anafilaksiya ro‘y berganida tez tibiy yordam brigadasi bemorga epenifrin, prednizolon yuborib, uni kasalxonaga yotqizadi.

Kasallik qaytalanmasligi uchun allergolog mutaxassi ko‘rigidan o‘tish, xavfli mahsulotlarni aniqlash va ularni iste’moldan chiqarish talab etiladi. Dori preparatlarini doimiy ravishda ichish tavsiya etilmaydi.



Report Page