Bola va ekran
Bek OlimjonMen 90-yillarda qishloq maktabiga borganman.
O’tgan kuni qishloqdagi do’stlar bilan choyxonada osh yedik.
Suhbat davomidagi bir narsa menga ancha ta’sir etdi.
Maktabimizda atrofdagi 5 ta qishloqdan o’quvchilar o’qir edi. Hamma bolalar maktabga birgalashib yoki do’stlari bilan piyoda kelib-ketar edi. Yo’l-yo’lakay shumtakalik qilinar, hazil-huzul bo’lar edi. To’da-to’da yurishar edi maktab bolalari.
Bir do’stimda maktab yoshidagi 2 farzandi bor, 14 va 8 yoshda. Ikkisini har kuni maktabga mashinada olib-borib kelar ekan. Uyidan maktabgacha masofa 1-1,5km. Nega bunday qilasiz desam aytarli sabab ko’rsata olmadi.
Keyin hozir qishloqda bolalar ko’chada eshak-mindi, dastak, pizzillaq va shunga o’xshash o’yinlar o’ynaydimi deb qiziqdim. Javob esa juda achinarli bo’ldi. Bolalar PUBG o’ynashar ekan…
AQShning qattiq rejimidagi qamoqxona mahbuslari bir sutkada ochiq havoga 2 soatga chiqishlariga ruhsat berilishi bor narsa. Ayni vaqtda o’rtacha maktab yoshidagi bola ochiq havoda sarflayotgan vaqti AQShning qattiq nazorat qilinadigan mahbuslarinikidan ham kam ekan. Mahbuslar kuniga 2 soat vaqt sarflasa, maktab yoshidagi bolalar o’rtacha 30 daqiqadan kam vaqtni ochiq havoda sarflashar ekan. Ekran uchun sarflaydigan vaqti 7 soat atrofida ekan.*

Tasavvur qilyapsizmi?
Mahbuslar ochiq havoda bolalarimizdan ko’proq vaqt o’tkazishi aytilmoqda.
Qush uyida ko’rganini qiladi deyiladi. Demak ota-onalar ham telefonga yopishib qolgan.
Biz mahbusdan erkinroqmizmi? Ochiq havoda 2 soatdan ko’p vaqt o’tkazamizmi?
Muammoni bilamiz. Nima qilishga kelganda oqsaymiz. Quyida men ekran vaqtini kamaytirish bo’yicha o’zim sinagan usullarni baham ko’rmoqdaman. Birinchi qism ota sifatida, ikkinchi qism oddiy foydalanuvchi sifatida.
Bolalarni tashqarida vaqt o’tkazishi bir qancha foydalarga ega.
- jismoniy rivojlanishini kafolatlaydi
- communication skills (muloqot ko’nikmalari) rivojlanadi. Bu matematikadan muhimroq
- bola tashqarida o’ynashi ularda miopiya (uzoqni yaxshi ko’ra olmaslik) rivojlanishiga to’sqinlik qiladi
- immuniteti baquvvat bo’ladi. Sababi immunitetni mustahkamlanishiga olib keluvchi turli bakteriya va viruslar bilan tana o’rtasida kontakt bo’ladi
- turli xil allergiyalar kamayishi mumkin
Ota-onalar nima qilishi lozim?
- bolalar maktabga piyoda borib kelsin. Kattasi kichiklariga mas’ul bo’lsin
- ochiq havoda o’ynasin. Qishloqlarda bunga imkoniyat hali ham bor
- bola ota-onasini qilganini qiladi. Buni ota-ona tushunishi zarur. Maktabdan piyoda olib keling agar o’zi borishga yoshlik qilsa
- oila bilan tabiatga chiqish muhim. Bu bola uchun juda yaxshi xotira bo’ladi. Bolalar uchun xotiralar muhim
- bola bilan to’p tepish, yer chopish, daraxt ekish muhim
- uyda oila bilan o’tirganda, ayniqsa dasturxon atrofida telefon ishlatmaslik muhim. Bu borada men xotinimdan so’kish eshitaman doim. Chunki men ham aybdorlardanman
Farzandi yo’qlarchi?
Bu ishlarni farzandi yo’qlar qilishi yanada oson.
- shaharda bo’lsangiz o’qish yoki ishdan ketayotib 2 bekat narida tushib qolib piyoda ketish mumkin. Tongda yoki tunda sayr qilish mumkin. Qishlog’ingizga borsangiz dalaga, toqqa ko’proq chiqing. Shaharlik bo’lib ketganingizda kamroq afsus qilasiz shunda
- uyqudan oldin telefonni oshxonada qoldiring. Bu uyquning sifatsiz bo’lishini kafolatlaydi. Telefonni oshxonada yoki narigi xonada qoldirish 2 ta vazifani bajaradi. a) uyqudan oldin miya tinchlangan bo’ladi, b) ertalab budilnik chalganida uni o’chirish qiyin bo’ladi
- oxirgi 1 oy davomida sizning buguningiz yoki kelajagingiz uchun foyda bermagan kanal va profillarga darhol unfollow (otpiska) qiling. Achinmaysiz.
- ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchidan ko’ra yaratuvchi bo’lish muhimroq. Sizning obunachilaringiz va siz obuna bo’lgan kanallar/profillar nisbati N:O bo’lishi eng ideal holat. Agar sizga obuna bo’lganlar soni siz obuna bo’lganlardan kam bo’lsa demak muammoli vaziyatdasiz. Vaqtingizni kimlarnidir boy qilish uchun behuda sarflamoqdasiz.
- 1-1,5 minutli videolarni ko’rib bilim olaman deyish bu katta xato. Inson miyasi ma’lumotlarni bu qadar tez o’zlashtirishga moslashmagan. Shunchaki qabul qiladi va esdan chiqaradi. O’zlashtira olmaydi. Bilim o’zlashtirilishi uchun takrorlash, savol berish va javob topishga harakat qilish muhim. Foydali bilim olish diqqat va vaqt talab etadi.
- telefoningizda siz ”foydali” deb o’chirishni xohlamayotgan narsalaringizning 80% qismi sizning zararingizga ishlayotgan bo’lish ehtimoli yuqori
- agar sumka olib yurishga odatlanmagan bo’lsangiz olib yurishni tavsiya etaman. Misol uchun ryukzak. Telefonni sumkada olib yurish avtomat ravishda cho’ntakdan chiqarib olish oldini oladi
- tik-tokni o’chirib tashlang. Usiz ham xayot yaxshi davom etish ehtimoli juda yuqori
- Youtubeni ham o’chirib tashlang. Kerak bo’lsa kompyuter bordir
- Instagramni ham
- Facebookni 3 yil avval o’chirish kerak edi
- Tabiiy suhbatlarni qadrlash zarur. Kamyob narsalar qadrli bo’ladi. Yigitlar telefon yordamisiz qizlar bilan gaplashib ko’ring, kamyoblar qatoridasiz :)
Biz mahbusdan battar bo’lishga rozilik berib qo’ydik. Nafaqat o’zimiz mahbus bo’ldik, beayb bolalarimizni ham mahbusdan battar bo’lishiga rozi bo’ldik. Odatlarimizni o’zgartirmas ekanmiz, tubanlikka sho’ng’ib boraveramiz.
Bek Olimjon
01.03.2024
Riga, Latviya