Bola, kitob va Minecraft

Bola, kitob va Minecraft

Bek Olimjon

Bolalarimiz kitob o'qishini xohlaymiz. Lekin bolani kitobga qanday qilib mehr qo'ydirish mumkin? Nega bolalar Minecraftni sevib o'ynashadi? Minecraftdan nima o'rganishimiz mumkin?

Keling shular haqida gaplashamiz.

Bu qisqa insho men bugun 4 yoshli bolam uchun o'qib beradigan kitoblar haqida post bevosita davomi, uni kengroq yoritilgan ko'rinishi.

Oltinsoch effekti

1837-yilda ingliz shoiri Southey bir hikoya nashr qiladi. Unda bir uysiz ayol uchta do'stona ayiq uyiga o'g'rilikka tushadi. Uchta ayiq bo'tqasini yeydi, biri juda issiq, biri juda sovuq yana biri yoqimli iliq bo'ladi. Uchta ayiq stulida o'tirib ko'radi, biri juda qattiq, biri o'ta yumshoq va biri yoqimli yumshoq. Bu ertak boshqalar haqqiga xiyonat qilmaslik haqida bolalar uchun yaratilgan edi. Vaqtlar o'tib yovuz kampir obrazini Oltinsoch (Goldilocks) qiz obraziga o'zgartirishadi.

Vaqtlar o'tib 20-asrda fanda "Goldilocks effect" degan ibora paydo bo'ldi. Uni "o'rtacha mo'tadillik" degan holda tarjima qilish mumkin. Buni "Oltinsoch effekti" deb tarjima qilamiz.

Misol uchun astronomiyadagi Oltinsoch effekti (Goldilocks zone) yer shari uchun ishlatiladi. Yerga nisbatan quyoshga yaqin bo'lgan sayyora (Venus) yashash uchun juda issiq, quyoshdan uzoq bo'lgan Mars sayyorasi yashash uchun juda sovuq. Yer shari esa o'rtadagi eng yaxshi balans deb qaraladi.

Biologiyada gomeostaz yoki inson tana haroratini 36 daraja atrofida bo'lishi. 38+ bo'lib ketsa ham, 35 bo'lib ketsa ham inson salomatligi jiddiy xavf ostida qoladi.


Bolalar rivojlanish psixologiyasida ham bu ibora keng ishlatiladi.

2012-yili Rochetster universitetida bir tadqiqot o'tkazishadi.

Unda 7-8 oylik bolalarga quti ichidan sakrab chiqadigan o'yinchoqlarni ko'rsatishadi.

  1. Juda oson. Bir quti ichidan faqat bir xildagi o'yinchoq chiqaveradi. Bola keyingi safar yana qanday o'yinchoq chiqishini aniq biladi. Bola uchun bu juda zerikarli. Bola diqqatini boshqa narsaga qaratadi.
  2. Juda qiyin. Bir vaqtda bir necha quti ichidan turli xil o'yinchoqlar chiqadi. Bola chal'gib ketadi va tartibni yo'qotadi. Bola diqqatini boshqa narsaga qaratadi.
  3. O'rtacha. O'yinchoqlar ma'lum bir tartibda chiqadi, ammo ba'zan o'zgarishlar bo'ladi. Mana shu o'zgarishlarni kutib bola diqqatini ushlab turadi.


Diqqatni ushlab tura olish qobiliyati bola rivojlanishidagi eng muhim omillardan biri. Bolani kitob o'qishga qiziqishini yuqori bo'lishi ham ana shu Oltinsoch effektini bor yoki yo'q ekanligi bilan uzviy bog'liq. Juda oson bo'lsa tez zerikadi, juda qiyin bo'lsa ham tez zerikadi.


Nega Minecraftni bolalar sevishadi?

Minecraft dizaynida mana shu Oltinsoch effektidan o'ta samarali foydalanilgan. U 6-7 yoshli bola uchun u qadar murakkab ham emas, huddi Black Ops kabi. Yoki u qadar sodda ham emas, huddi Tetris kabi.

Undan tashqari Minecraftda turli rejimlari bor. Ijodkorlik, sarguzasht va yashab qolish rejimlari. Bola uchun yashab qolish rejimi qiyinlik qilsa ijodkorlik rejimiga o'tadi. Sarguzasht qiyinlik qilsa yashab qolishga o'tadi va hok.

O'yin dizaynidagi eng muhim omil bu o'ynovchi uchun o'yin darajasini doimo hozirgi darajadan ko'ra sal qiyinroq ushlab turish. Juda qiyin bo'lib ketsa frustratsiya sabab o'ynamay qo'yamiz, juda oson bo'lsa zerikkandan o'ynamay qo'yamiz.

Minecraft Oltinsoch effektini boshqa muhim jihatlar (agency, immediate feedback loop, exploration) birga yaxshi birlashtira olgan. Shuning uchun ham juda mashhur o'yin.

Oltinsoch effektini sportdagi rivojlanishimizda ham ko'ramiz. Mushaklarni kattaytirmoqchi bo'lsak, doim oz-ozdan yuklamani oshirib borish kerak. Aks holda rivojlanmaymiz. Juda o'g'ir yuklama bo'lsa jarohat olamiz, juda yengil bo'lsa rivojlanmaymiz.


Bularni bola kitob o'qishiga qanday aloqasi bor?

Boladagi kitob o'qishga qiziqish bir oz qiyinchilik bo'lgandagina shakllanadi. Biz bola uchun nima juda oson va nima juda qiyin ekanligini bila olamiz (agar bola bilan yaqin munosabatimiz bo'lsa). Ammo afsuski, bola uchun nima biroz qiyin ekanligini bilishimiz juda qiyin. Bola aqlan tez rivojlanadi. Kecha bilmagan narsasini bugun biladi. Shuning uchun har bir bola o'z Oltinsoch darajasini o'zi belgilay oladi xolos.

Biz nima qila olamiz?

Biz qila oladigan eng katta yordam va to'g'ri yo'l - bu bolani imkon qadar ko'p va turli kitoblar muhitiga olib kirish (exposing to various books). Bola o'zi uchun qiziqqanlarini tanlaydi va har doim o'zi "oson va qiyinlik darajasini" belgilab boradi. Bola uchun biz "Oltinsoch effektini" tanlab berishimiz qiyin.

Shuning uchun bolaga murakkab so'zlarni o'rgatishdan oldin, ularga sodda tilda yozilgan kitoblarni ko'p o'qib berishimiz muhim. Bu ayniqsa 3-4 yoshli bolalar uchun juda qo'l keladi. Bu ularda Oltinsoch darajasini belgilab olishda yordam beradi. Vaqt o'tishi bilan qancha ko'p kitob o'qilsa shunga mos ravishda lug'at boyligi ham, tushunish imkoniyati ham oshib boradi. Bolani kitob bilan tanishtirish davrida har doim sodda tilda yozilgan kitoblarni ko'p o'qib berish samarali usul hisoblanadi.

Shaxsan biz farzandlarimiz bilan kutubxonaga borganda, ularga xohlagan miqdorda kitob olishiga ruhsat beramiz. Juda kam hollarda biz o'zimiz biror kitobni ular uchun olamiz. Chunki biz tanlagan kitoblarni ular baribir o'qishmaydi. Sababi, yuqorida aytganimizdek bolalar "Oltinsoch" darajasini bilishimiz qiyin, faqat taxmin qila olamiz xolos. Taxminiz aksar holatlarda xato bo'lib chiqadi. "Mana bu kitobni o'qi" deyish esa odatda natija bermaydi. Bolani kitob o'qishga majburlash, aks natija berib, bolani kitobdan uzoqlashuviga olib keladi.

Bu borada "bola faqat o'zi tanlayversa komfort zonasida qolib ketadiku!" degan havotir bo'lishi tabiiy. Qiziq jihati shuki bola tabiatan qiziquvchan bo'ladi va o'z komfort zonasini doim buzib chiqishga harakat qiladi. Aslida biz kattalar bunga yo'l qo'yishga qo'rqamiz.


Bek Olimjon
27.09.26
Norvegiya


PS. Uzun bo'lib ketmasligi uchun Vygotskiy tadqiqotlarini qo'shmadim. Qiziquvchilar uchun uning Zone of Proximal Development degan falsafasini o'qishni tavsiya qilaman. 

Report Page