Boʻstonliqda yangi muz maydoni hamda qishki sport mavsumining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

Boʻstonliqda yangi muz maydoni hamda qishki sport mavsumining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi


Yangi majmuada yurtdoshlarimiz qishki sport turlari boʻyicha Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan kyorling sport turi bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Bu esa Yangi Oʻzbekiston yoshlari uchun yangi yil bayramiga ajoyib sovgʻa boʻldi.

Kecha, 9-yanvar kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Amirsoy togʻ-changʻi kurorti hududida 2021/2022-yilgi qish mavsumini rasman ochildi. Unda Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi masʼullari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Mamlakatimizdagi eng uzun qorli trassalardan biri boʻlgan ushbu maskanda yangi mavsumning ochilishi munosabati bilan havaskorlardan tortib professionallargacha boʻlgan koʻplab sport ixlosmandlari toʻplandi.

Bugun Oʻzbekistonda sportning Olimpiya va milliy, shu bilan birga noolimpiya turlarini ham rivojlantirishga alogʻida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Mazkur jarayondan qishki sport turlari ham chetda qolmayapti. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-fevraldagi “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda qishki sport turlarini rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi. Buning natijasida ilgari yurtimizda qishki sport turlarining faqat togʻ changʻisi va figurali uchish turlari bilan shugʻullanib imkoniyati mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ular safiga muz ustida xokkey, short-trek, snoubord singari qishki Olimpiya oʻyinlari dasturidan oʻrin olgan yoʻnalishlari ham ommalashtirilmoqda.

Taʼkidlash kerak, Amirsoy togʻ-changʻi kurorti majmuasi yangi mavsum ochilishiga qishki sport ishqibozlari uchun ajoyib sovgʻa – ochiq osmon ostidagi muz maydonini barpo etdi. Unda sport ixlosmandlari va mehmonlar figurali uchish, konkida yugurish hamda yurtimiz uchun qishki sport turlarining yangi yoʻnalishi boʻlgan kyorling bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Yangi muz maydonining ochilish marosimida Boʻstonliq tumani hokimi Joʻrabek Ahmedov hamda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi. Shundan soʻng mehmonlar bu yerda kyorling sport turi boʻyicha oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishdi.

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida qishki mavsumning ochilishi har yili oʻtkaziladigan jarayon boʻlib, qishki turizmni rivojlantirish, respublika aholisi oʻrtasida faol va sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida tashkil etib kelinadi.

Ajab emaski, yangi muz maydonining ochilishi natijasida endi yurtimizda kyorling sporti ham rivojlanadi va tez orada vakillarimiz mazkur yoʻnalishda jahon arenalarida oʻz soʻzlarini aytishadi.


Report Page