Boʻladigan bola oʻtirishidan maʼlum

Boʻladigan bola oʻtirishidan maʼlum

Format

Boʻladigan bola oʻtirishidan maʼlum. Bu gapda biroz hazil mavjud, lekin u haqiqatga yaqin.

Ushbu maqolada

  • ergonomika nimaligi
  • toʻgʻri oʻtirish qoidalari
  • maktablarga tavsiyalar
  • notoʻgʻri oʻtirishning oqibatlari yoritiladi.


Ergonomika – yunoncha “ergo” - “oʻtiraman”, “micos” – “fan, taʼlimot” , yaʼni oʻtirishni oʻrganuvchi fan degani emas.


Ergonomika bu – muhitni inson qulayligi uchun moslashtirish. Masalan, ergonomikani qoʻllash orqali shifoxonalar, ofislar, jamoat transportlari yoki maktablarni maksimal optimallashtirish mumkin. Bunda foydalanuvchilar fiziologiyasi, psixologiyasiga asoslanib, qulaylik, samaradorlik va xavfsizlik taʼminlanadi. Aynan shu soha maktablardagi jihozlarni oʻquvchilar uchun moslashtirishda qoʻl keladi.


Chuqurroq toʻxtalsak, bola maktabdagi asosiy vaqtini stulda oʻtirib oʻtkazadi. Shunday ekan stul va parta dizayni oʻquvchiga ziyon yetkazmasligi kerak. Aksariyat hollarda qulay va xavfsiz sharoit yaratish uchun moslashuvchan mebellar talab qilinadi. Negaki, maktab yoshidagi bolalar oʻzgaruvchan va oʻsishga moyil boʻladi hamda stol va stullarni ularning tanasiga moslashtirib turish lozim. Bunday jihozlar ergonomik tarafdan eng maqbulidir. Biroq bu turdagi mebellar mavjud boʻlmagan maktablar uchun ham boshqa alternativalarni koʻrsatib oʻtamiz.


Ergonomika stolda toʻgʻri oʻtirib yozish yoki oʻqish boʻyicha ham yoʻriqlarni oʻz ichiga oladi. Ammo bu haqida tavsiyalar keng tarqalgan. Aksariyat kishilar stulda qomatni tik tutib, kitob oʻqish va yozish kerakligini bilishadi. Buni bilish va farzandlarga oʻrgatish uchun sizdan ortiqcha bilim talab qilinmaydi. Shunday ekan biz urgʻuni zamonaviy dunyoga qaratishga qaror qildik. 


Bugungi kun taʼliming ajralmas qismi – kompyuterlar bilan qanday muomalada boʻlish ham ergonomika nazaridan chetda qolmagan. 


Quyidagi rasmlardan kompyuterdan qanday foydalanish haqida bilib olish mumkin. Asosiy fokus oʻquvchilarga qaratilgan boʻlsa-da, ushbu tavsiyalar barchaga tegishlidir.


Manba

Oʻquvchilarga ergonomik jihatdan toʻgʻri sharoitlarni yaratish uchun maktablardan bir qancha narsalar talab qilinadi:


Ideal holat

Tanaga mos sozlanadigan stol-stul

Eng ideal holatda maktablar oʻquvchi holatiga sozlanadigan mebellardan foydalanishi lozim. Stol va stullar foydalanuvchilar boʻyiga moslanishi, suyanchiqlar turli burchaklarga moslanishi, monitor bosh balandligida oʻratilishi mukammal jihozlanish hisoblanadi. 

Mavzu toʻgʻri oʻtirish haqida boʻlishiga qaramay, ergonomika yorugʻlik va shovqin nazoratini ham oʻz ichiga oladi. 


B reja

Tanaga moslab sozlanadigan jihozlar mavjud boʻlmagan maktab ham taʼlim bera oladi. Bunda bolalarga bir qancha tavsiylar berib borish lozim:

Oʻqituvchilar bolalarga qomatni toʻgʻri holatda: belni tekis tutish, yelkalarni boʻsh qoʻyish va oyoqlarni polga perpendikulyar yoki oʻtmas burchakda qoʻyishni faol ravishda eslatib turishlari kerak. Muntazam qisqa tanaffuslar esa qon aylanishini yaxshilaydi. Partalar orasidagi nisbatan kengroq masofa bolalarga erkin pozitsiyada turishlariga yordam beradi.


Buni bolalar bilishadi, lekin amal qilishmaydi

Bolalarga dars davomida tik oʻtirish, koʻz va daftar-kitoblar orasida masofa saqlash uqtirilib kelinadi. Ular bu qoidalarga rioya qilinmasa, tanasi bukchayib qolishi yoki koʻrish qobiliyati susayishi xavfini koʻp eshitishgan. Ha, ular oqibatlar yomonligini bilishadi, ammo hayotga taʼsirini anglashmaydi. Pedagoglar va ota-onalar real misollar orqali ularga tushuntirishlari mumkin.


Biz shunday real misollar topishga urindik. Bunda asosiy kasallik yuqorida aytilganidek koʻz nurining oʻtmaslashishi va umurtqa pogʻonasining egrilashishidir. Aynan shu muammolar bilan ogʻringan kishilarning ularni ranjitadigan jihatlar koʻpdir. Ota-onalar quyida berilgan shunday emotsional ogʻriqlar xavfini bilib, farzandlariga eʼtiborliroq boʻlishlari va ularga muammo jiddiyligini tushuntirishlari va sogʻliqlarini asrashlari mumkin.

Koʻrish sustligi va qomatning notekisligi ortidagi muammolar:

Maktab davrida koʻrish qobiliyatidagi kamchiliklar birinchi navbatda koʻzoynakka zarurat tugʻdiradi. Bolalar koʻzoynak taqqanda esa odatda sinfdoshlari tomonidan masxara qilinadi. Kamsitilish orqasidan bolalar maktabga borgisi kelmasligi, oʻqishga ishtiyoqi soʻnishi yoki taʼsirchan boʻlib qolishi mumkin.

Koʻzoynakni unutib qoldirish yoki sindirib qoʻyish noqulaylik tugʻdiradi: darsda, uzoqroqdagi yozuvlarni oʻqishda yoki kimnidir tanib olishda qiyinchiliklar yuzga kelishi mumkin.

Koʻz nuri tushganda uni yaxshilash yoki bir maromda saqlab turish doimiy eʼtibor talab qiladi. Linzalar esa ancha qulay tuyilgani bilan bolalar gigiyenaga amal qilishini nazorat qilish bir muncha mushkul.

Linzalar eng nozik tana aʼzosi – koʻz bilan bevosita kontaktga kirishgani tufayli kichik infeksiya ham yirik xavf tugʻdirishi mumkin.

Notekis qomatli maktab bolalari esa oʻziga nisbatan kamsitilishlarni ogʻir olishi, ishonchini yoʻqotishi va oʻqishdagi koʻrsatkichlari tushib ketishi mumkin. 


Toʻgʻri, bir qarashda bular bolalikda unutilib ketiladigan sodda holatlardir. Boshqa tomondan, hali toʻliq shakllanib ulgurmagan ong egalari uchun bizga boʻrttirilgandek koʻringan bu vaziyatlar qattiq salbiy taʼsir qilishi mumkin. Undan tashqari, nazarga ilinmagan bu muammolar bir qancha bolalarning kelajakdagi hayotining sifatini tushirishi mumkin.


Demak, maktablar imkon qadar tanaga moslab sozlanadigan jihozlardan foydalanishi lozim. Bunday jihozlar mavjud boʻlmaganda oʻquvchilarga ota-onalari toʻgʻri oʻtirish qoidalarini tushuntirib borish kerak yoki doimiy va ish bermaydigan tanbehlardan qochib, real misollar bilan ogohlantirishi lozim.

Muhimi bolalar sogʻligʻini asrash va akademik koʻrsatkichlarini yaxshilashdir. Maqolada sizga aynan shu maqsad yoʻlida maʼlumotlar berildi.

Manba

Agar postda xato topsangiz @Format_Admin telegram akkauntiga yozing.
Telegram kanalimizga qoʻshiling > bosing



Report Page