⛓ Blockchain — raqamli erkinlik davri.
HODL
Oxirgi yillarda blokcheyn texnologiyasi, markazlashmagan tizim, WEB 3.0 kabi g’oyalar ko’pchilikning e’tiborini tortdi. Yirik kompaniyalar va sarmoyadorlar bu texnologiyalar uchun katta mablag’lar sarflashmoqda. Keling texnologiyani sodda tilda tahlil qilamiz.
Hozirgi vaqtda internet qayerda saqlanadi? Bizning internetdagi ma’lumotlarimiz, do’stlarimizga yuborgan xabarlarimiz va shu kabi internetga kiritilgan ma’lumotlar Meta, Amazon, Google kabi kompaniyalarning serverlarida, shaxsiy hujjatlarimiz esa davlat serverlarida saqlanadi. Yuqoridagi kompaniyalar xavfsizlik, ma’lumotlarni oshkor qilmaslik va barcha foydalanuvchilar huquqi tengligi haqida gapirishsada, ko’p holatda ular bu chegaralarni buzib o’tishadi. Bundan tashqari agar u serverlarga biror zarar yetsa yoki xakkerlar hujumiga uchrasa ma’lumotlarning yo’qolish xavfi ham mavjud.
Xo’sh bu muammoning yechimi bormi o’zi? Albatta bor, yechim — ma’lumotlarni markazlashgan serverlarda emas balki markazlashmagan tizimda saqlashdir va bu markazlashmagan texnologiya blokcheyn deb ataladi.
Blockchain (Blokcheyn) — ma’lumotlarni yozib olish va saqlashning markazlashmagan turi. Ingliz tilidan “block” - blok, “chain” - zanjir, blokzanjiri, deb tarjima qilinadi. Muhandislar bu tizimni internetning ilk davrlarida ishlab chiqishgan ammo texnologiyaning ishlashini ta’minlovchi internetga ulangan kompyuterlarning soni yetishmasligi tufayli tizimdan foydalanishning imkoni bo’lmagan. Hozirgi kunda esa tizimning ishlashi uchun barcha resurslar mavjud.
Texnologiyaning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
— markazlashmaganlik;
— kengayuvchanlik;
— shaffoflik;
— xavfsizlik;
— o'zgarmaslik.
Blokcheynda ma’lumotlar bir vaqtning o’zida butun dunyodagi internetga ulangan minglab kompyuterlarda saqlanadi va ular uchunchi tomon nazoratida bo’lmaydi. Blokcheyndagi ma’lumotlarni o’zgartirish yoki u ma’lumotlarga zid bo’lgan ma’lumotlarni qo’shib qo’yishning iloji yo’q. Undagi ma’lumotlar kriptografiya bilan shifrlanadi. Tizimga ulangan komyuterlarning bir qismi o’chib qolsa ham sizning ma’lumotlaringizga zarar yetmaydi chunki ma’lumotlar ko’plab nusxada bo’ladi. Tarmoqqa barcha ulanishi va tarmoqdagi o’tkazmalar haqidagi ma’lumotlarni ko’rishlari mumkin ammo foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlar maxfiy bo’ladi. Bu esa mukammal shaffof va xavfsiz tizimdir. Tarmoqdagi ma’lumotlar bir tomonning qo’lida to’planmaydi va boshqarilmaydi. Tizimdan uchinchi tomonlar ishtirokisiz moliyaviy amaliyotlar amalga oshirish, aqlli shartnomalar tuzish va shu kabi ko’plab amaliyotlardan samarali foydalanish mumkin.
Bugungi kunda ko’plab odamlar blokcheyn texnologiyasini Bitcoin va shu kabi kriptovalyuta bilan bog’lashadi. Ammo bu mutlaq to’g’ri fikr emas. Quyida blokcheyndan foydalanishning boshqa usullari bilan tanishishingiz mumkin:
— ovoz berish;
— sotuv;
— hujjatlarni saqlash va yuritish;
— logistika;
— ko’chmas mulk;
— hisob-kitob (buxgalteriya).
Ishonchli himoya va shaffoflikni talab qiladigan barcha sohada blokcheyn texnologiyasidan foydalanish eng yaxshi yechimdir.
Tizimning asosiy vositalari bo’lgan validatorlar, nominatorlar va xesh kabi tushunchalar haqida kelgusida batafsil ma’lumot berib boramiz. Blokcheyn haqida oz bo’lsa ham tushunchaga ega bo’ldingiz deb o’ylaymiz.