Bizda IELTS / TOEFL imtihonlari "ilohiy" darajaga ko'tarilgan...

Bizda IELTS / TOEFL imtihonlari "ilohiy" darajaga ko'tarilgan...


Bitta achinarli xarakterimiz borda: Salla desa kallani yoki ikkalasini ham tushunish, ba'zida "shu sallaning atrofidagi barcha odamlaru ularning ham sallasini" tushunish.

Bu juda yomon xarakter. Negadir shu narsani faqat va asosan o'zimizda ko'raman. Boshqa joylarda bunday holatning guvohi bo'lmaganman...

Bu holat juda ko'p sohalarda o'z aksini topgan.

Masalan, ta'lim sohasida: IELTS / TOEFL imtihonlari "ilohiy" darajaga ko'tarilgan bizda. Bu tinimsiz davom etmoqda. Xuddiki bu testlardan yuqori yoki top baho olish "ingliz tilini suv qilib ichib yuborgan" dek va kirmoqchi bo'lgan universitetlar bu baholarga qarab "ohooo, dahshat, super talaba ekan" deb aytadigandek... Aslida esa holat umuman bunday emas:

Haqiqat: IELTS / TOEFL'dan eng cho'qqiga chiqish, kirmoqchi bo'lgan universitet uchun umuman hech qanaqasiga "impressive" resultat emas. Bu shunchaki talab qilingan (odatda 6.5 - 7.5) me'yordan sal yuqori degani xolos - atigi shu. Ta'lim beriladigan tilni o'zlashtiribdi, degani xolos. Ivy League universitetlar, yoki Britanianing Oxbridge'lari, yoki boshqa top universitetlar uchun hatto til bilish darajasi eng yuqori / muhim talablar hisoblanmaydi, ular uchun asosiy narsa akademik ko'rsatkichlardir, undan keyin Personal Statement (ariza berganda yoziladigan insho) va ba'zida interview, yana ba'zida o'qishdan tashqari qilgan ishlar (extra curriculars), bakalavr unvoni uchun SAT natijalari, va yuqori darajalar (Master's, PhD, JD) uchun (sohaga qarab) - GMAT, GRE, LSAT, MCAT kabi test natijalari muhimroqdir.

Shaxsiy tajriba: IELTS va TOEFL resultatlarim eski bo'lgani uchun va yangi topshirishni istamaganim uchun bir vaqtlar universitetga telefon qilib, ikkala testni ham o'zim uchun bekor qildirganman. Shunchaki telefon orqali. Masalan, Johns Hopkins universiti va King's College'ga TOEFL va IELTSsiz kirgandim (ancha yillar bo'ldi, adashmasam University of California'ga ham telefon qilgandim va ular ham TOEFL'ni olib tashlashgan edi). Keyinroq, yillar o'tib, Xitoyga ko'chgach, bir Xitoylik tanishimga ham shuni tavsiya qilgandim, u ham shu ishni qilgandi va Oxford universitetiga hech qanday IELTS'siz kirgan edi. Conditional offer olgan edi. Condition: Oxfordga kelib, 1-semesterda ingliz tili darsini olish. Think outside the box. Til imtixonlari muhim, lekin siz o'ylaganchalik muhim emas.

Undan tashqari IELTS, TOEFL natijasi tilni yaxshi bilish degani ham emas. Bu imtixonlarni ilohiylashtirmaslik kerak unaqa. Bu testlar aysbergning bir uchi xolos.

Keyingi masala: 500ta chet el universitetiga kirdi ana, deb maqtab maqolalar yozish rosa odat bo'ldi. Boshqa biror xalqlarda shuni ko'rmadim ochig'i


Sizga bir sirni aytaman: Chet el universitetlarining aksariyati (Ivy League va top dunyoning top 20ligidan tashqari) yonidan o'tib ketgan talabani ham qabul qiladi, qo'pol aytganda. Ayniqsa hozir shunday.


Sabab: Mahalliy aholi (o'sha rivojlandan davlatlar aholisi) orasida online o'qish yoki kerak bo'lsa umuman universitetda o'qimaslik trendi kundan kunga oshib bormoqda. Chunki US, UK, EU va boshqa davlatlarda ishga olish uchun diplom so'ramaydigan firmalar ko'p va ko'payib borayapti. Uning ustida mahalliy aholi talaba bo'lish uchun qarzga botishni (student loan) istamaydi. Boshqa alternativ o'qishlar orqali maqsadiga yetish mumkinligini anglab yetgan.
Bunday holatda chet el universitetlarining asosiy daromad manbai bu chet ellik talabalar. Masalan, 2018 yil statistikasiga ko'ra Xorijlik talabalar AQSh iqtisodiga 45 milliard dollar olib kelishgan. Bu juda katta raqam. Pandemiya davrida o'qishlarning ko'pi daromadini yo'qotdi, hozir ular yo'qotilgan daromadlarni qayta tiklash uchun ham rosa ko'p yengilliklar berayapti. - o'qishga kirish qiyin emas.


Xulosa shuki, kengroq o'ylash kerak. O'qishlar sizdan 6.5 yoki 7.5 bal so'radimi, shuni bering xolos. Imkon bo'lsa universitet bilan gaplashib, boshqa yo'llarini ko'ring - nima kerak shuncha pul to'lab takror va takror shu testlarni topshirib? Bundan biror ma'no yo'q, foyda ham yo'q. Imkon bo'lsa tezroq ishni boshlash kerak - diplom, degree so'ramaydigan ishlarni topish kerak (agarda fan yo'lidan ketib, akademik bo'laman, desangiz bu boshqa gap albatta!). Chet ellarda o'qish nomiga yaxshi xolos, ochig'i ham shu, aslida hammasi o'qishdan keyin boshlanadi. Aksariyat odamlar uchun shok qiladigan reallik o'zini ko'rsatadi: ko'pgina sohalarda diplom muhim emas.

© Jasur Mavlyanov


Report Page