Bishkek — «qimiz tayog‘i»
https://t.me/centerasiastudyZamonaviy Bishkek shahri poydevori bo‘lmish Pishpek qal’asi 1825 yil Qo‘qon xoni Madalixon buyrug‘i bilan bunyod qilingan. Bishkek shahri nomi Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari orasida eng munozaralisi hisoblanadi.
Asosiy taxmin, qimiz tayyorlovchi tayoq – «bishkek» ustiga qurilgan. Bishkek shahri hokimligi rasmiy saytida poytaxt nomining paydo bo‘lishi quyidagicha hikoya qilinadi.
«Qadimgi Chuy vodiysi serhosil va go‘zal tabiatga ega bo‘lgan. Bu yerdan ko‘plab savdo karvonlari o‘tgan. Biroq vodiyga tez-tez bosqinchilar hujum qilib turgan. O‘sha paytlarda mahalliy aholi tog‘larga qochib chiqishga majbur bo‘lgan.
Shunday hujumlardan birida bir botirning homilador ayoli qimiz tayyorlovchi tayog‘i — bishkekni yo‘qotib qo‘yadi. Ayol tayoqni qidira boshlaydi va asabiylashib, to‘lg‘oq tutadi. Tug‘ilgan chaqaloqqa qirg‘iz xalqi ramzlaridan biri bo‘lmish qimiz tayog‘i sharafiga Bishkek ismini berishadi. Bishkek kuchli va mard yigit bo‘lib yetishadi.
Bishkek vafot etgach qarindoshlari unga atab gumbazli maqbara quradi va bu yerlar Bishkek deb atala boshlanadi».
Lekin bu versiya shaharning eski nomi — Pishpekka mos kelmaydi.
Ikkinchi taxmin esa mashhur qirg‘iz qahramoni Manasning Bishkek ismli botiriga bog‘lanadi.
Ba’zi qirg‘iz olimlari Bishkekni ikki so‘zdan tashkil topgan deb hisoblaydi: «pish» – «besh» va «pek» – «tepalik», ya’ni «besh tepa».
Boshqa bir qarashga ko‘ra esa, Bishkek nomi «besh» va «bek» (ya’ni «besh bek») so‘zlaridan tashkil topgan.
Bishkek shahri SSSR davrida Frunze deb nomlangan.
Hozirgacha bu shahar nomi qanday paydo bo‘lgani haqida aniq va yakdil fikr yo‘q.