“Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Ayollar” tuzilmasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Ayollar” tuzilmasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi

EconomyMoliyaPress

2024-yil 13–14-may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida “Osiyo xotin-qizlar forumi” oʻtkazildi.

Mamlakatimizda Gender tenglikka erishish borasida tizimli ishlar olib borilib, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini taʼminlashga keng eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida” SQ-297-IV sonli qarorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va mahalliy budjet loyihalarini ishlab chiqish jarayonida gender jihatlarni hisobga olgan holda ularni gender ekspertizasidan oʻtkazish, “Genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish”ni rejalashtirish hamda uni budjet jarayonlariga bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Mazkur masala yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “BMT – Ayollar” tuzilmasi (UN Women) bilan hamkorlik ishlari yoʻlga qoʻyildi.

Hamkorlik doirasida joriy yilning 14-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov hamda “BMT – Ayollar” tuzilmasi Ijrochi direktori Sima Sami Bahus oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muzokaralar davomida tomonlar Oʻzbekistonning gender tengligiga sodiqligi taʼkidlanib, mamlakatning 2030-yilgacha belgilangan gender tengligi boʻyicha strategiyasi doirasida katta yutuqlarga erishilayotgani, jumladan, rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushining koʻpayib, ularning taʼlim va tadbirkorlik resurslaridan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotgani qayd etildi.

Oʻz navbatida, Bahus xonim Oʻzbekistonning bandlik va ijtimoiy himoya borasidagi rolini yuqori baholab, mamlakat kun tartibida xotin-qizlarning iqtisodiy holatini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berish zarurligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida “Osiyo xotin-qizlar forumi” doirasida “BMT – Ayollar” tuzilmasi hamda vazirlik oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum orqali:

Davlat moliyasini boshqarish strategiyasida va budjet qonun hujjatlarida gender tamoyillarini joriy etish, qonun hujjatlariga integratsiya va monitoring qilish boʻyicha ekspert maslahatlaridan foydalanish;

boshqa mamlakatlarning genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish boʻyicha ilgʻor tajribalarini oʻrganish va almashish imkoniyatlarini taʼminlash;

davlat va mahalliy budjet mablagʻlarini taqsimlashni belgilaydigan mezonlarga gender tamoyillarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash;

genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish mexanizmidan foydalangan holda, gender tengligi boʻyicha milliy siyosatni tegishli budjet mablagʻlari bilan muvofiqlashtirish boʻyicha davlat institutlarining masʼuliyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar boʻyicha vazirlik bilan yaqindan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page