Birja faoliyati bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi

Birja faoliyati bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi

“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi

2022-yil 10-oktabrda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining markaziy ofisida “Birja savdolari va elektron tijorat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan birja savdolari va elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi mamlakatimiz tovar bozorlarida shaffoflikni ta’minlash, sog‘lom raqobatni rivojlantirish va bozor tamoyillarini joriy etish bo‘yicha ishlarni davom ettirib kelmoqda.

2022 yilning 9 oylik yakunlariga ko‘ra birjada 75,2 mingta yangi mijozlar ro‘yxatdan o‘tkazildi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki marotabaga ko‘pdir. Birjaning barcha savdo platformalarida faoliyat yuritayotgan mijozlarning umumiy soni esa 200 ming nafardan oshdi.

Bir vaqtning o‘zida mijozlar sonining ko‘payishi bilan birga sotuvchi korxonalar, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sotilayotgan mahsulotlarning soni va hajmining o‘sishi ham kuzatilmoqda.

Xususan, 2022 yil yanvar-sentyabr oylarida birja savdolari orqali 7,6 trln so‘mlik yuqori likvidli bo‘lmagan, boshqa turdagi mahsulotlar sotildi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bir yarim barobarga ko‘pdir.

Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlarning bozor tamoyillariga asoslangan zamonaviy va shaffof savdo turlariga bo‘lgan qiziqishlari ortib borayotganligidan dalolat beradi. Sotuvchilar o‘rtasida raqobatning kuchayishi hamda bozorlarda taklif darajasini oshishi mahsulotlar uchun ichki narxlarning barqarorlashuviga xizmat qilmoqda.

Misol uchun, joriy yilning boshidan buyon birjaning sement bozorida barqarorlik hukm surmoqda. O‘tgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha birjada shakllangan o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 606,0 ming so‘mdan 589,9 ming so‘mgacha, ya’ni 3% ga pasaygan.

2022 yilning iyul-sentyabr oylarida suyultirilgan gazning birjadagi narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 10 056,8 ming so‘mdan 4 090,2 ming so‘mgacha, ya’ni qariyb 2,5 marotabaga tushgan.

Xuddi shunday, iyun-sentyabr oylarida shakarning birjadagi narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 14 554,5 ming so‘mdan 11 801,6 ming so‘mgacha, ya’ni 19% ga arzonlashgan.

Shuningdek, so‘nggi ikki oy mobaynida birja kotirovkalari texnik oltingugurt bo‘yicha 60% ga, polivinilxlorid – 19% ga, neft va gaz kondensati – 17% ga, mis – 16% ga, bug‘doy – 15% ga va oltin – 6% ga pasaygan.

Bundan tashqari, birja savdolariga sintetik dizel yoqilg‘isi, nafta, neft koksi, suyuq mineral o‘g‘itlar, barda, metall prokat list, kaustik soda, suyuq uglerod oksidi, texnik kislorod kabi yangi mahsulotlari ham sotuvchi korxonalar tomonidan ochiq birja savdolariga qo‘yib kelinmoqda.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 maydagi 262-son Qaroriga muvofiq un va g‘alla mahsulotlarini ochiq birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilib kelinmoqda. O‘tgan davrda birja savdolari orqali jami 1,0 mln tonnadan ziyod un va bug‘doy mahsulotlari sotildi.

So‘nggi kunlarda o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 818,3 ming so‘m, bug‘doy uchun birja kotirovkasi esa mahsulotning bir tonnasi uchun 3 530,9 ming so‘mni tashkil etdi. Bunda bozorlarda taklif darajasi yetarli bo‘lganligi sababli birjada shakllangan narxlar ushbu mahsulotlarning boshlang‘ich narxlariga nisbatan o‘rtacha 1% ga o‘sgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalar bilan birgalikda 8 ta yangi xorijiy savdo maydonchalarini ochdi. Xususan, birjaning savdo maydonchalari Polsha, Turkiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlarda ham o‘z faoliyatlarini boshlashdi. Qozog‘iston Respublikasida esa ilk bor birjaning vakolatxonasi ochildi.

Xorijiy savdo maydonchalarning faollashuvi natijasida 2022-yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 600 dan ziyod yangi norezident mijozlar akkreditatsiyadan o‘tkazildi hamda 347,0 mln AQSH dollarlik tashqi savdo bitimlari tuzildi.

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron tizimining operatori sifatida o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Umuman olganda, joriy yilning 9-oylik yakuniga ko‘ra davlat xaridlari bo‘yicha birjaning elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2021-yilning mos davriga nisbatan 3,7 marotabaga oshib, 24,3 trln so‘mni tashkil qildi. Bunda budjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 3,4 marotabaga o‘sib, 3,8 trln so‘mga teng bo‘ldi.

Shuningdek, birjaning davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdo tizimlarida buyurtmachi va yetkazib beruvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. Xususan, birjaning etender.uzex.uz elektron savdo tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 15% miqdorida preferensiya qo‘llanilishi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizimda davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga qo‘shimcha kelishuv tuzish imkoniyati ham yaratildi.

Bundan tashqari, yuk tashish sohasida shaffoflikni ta’minlash va sog‘lom raqobatni rivojlantirish maqsadida birjaning e-logistika.uzex.uz elektron logistika savdo portali savdolar davom ettirilmoqda. Joriy yil boshidan buyon mazkur portalda 8,4 mlrd so‘mlik 5,1 mingdan ziyod shartnomalar tuzilgan.

Tadbirda birjaning istiqboldagi rejalari ham ochib berildi. Xususan birjaning yangi elektron birja savdolari va kliring tizimlarini ishga tushirilishi hamda davlat xaridlari va avtoraqam savdo tizimlarida yangi servislarni joriy etilishi kutilmoqda.

Birjada muloqot aloqalari va jamoatchilik nazoratining samarali tizimi ham yaratilgan. Elektron savdolarda ishtirok etishda muammolarga duch kelgan holda fuqarolar va tadbirkorlar @uzexfeedbackbot, korrupsiya holatlari bo‘yicha esa @uzexanticorruptionbot telegram-botlari orqali murojaat qilishlari mumkin.

Matbuot anjumanining yakunida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining rahbarlari va mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

Report Page