Birinchi matn:

Birinchi matn:

KitobPlus

Kichik unvonli ofitserlar kulib yuborishdan oʻzlarini arang tutib qoldilar, kapitan esa yana shunaqangi ishtaha bilan nonushta qilishga tushib ketdiki, goʻyo uning bundan buyon tagʻin biron marta ana shunday miriqib ovqatlanish nasib etishiga umidi yoʻqqa oʻxshardi. Biroq Dinaning toʻkin dasturxonidan bahramand boʻlishlik zarurati tagʻin bir bor nafasni rostlab olishini taqozo etdi va kapitan Louton ushbu qulay tanaffusdan foydalanib qolish fursatini boy bermadi.

– Mister Byorchning oromini buzish niyatim yoʻq emasdi, shu tufayli saharda kulbasiga qadamranjida qilgandim, – dedi u. – Basharti qoʻlimga tushganida shunday joyga joʻnatardimki, loaqal birmuncha muddatga u yerda zerikib oʻtirish azobidan qutulardi.

– Qanaqangi joy ekan u? – soʻradi mister Uorton, suhbatni davom ettirish lozim degan oʻy bilan.

– Avaxta, – vazminona javob qildi suvoriylar boshligʻi.

– Bechora Byorch nima gunoh qilib qoʻyibdi? – deb soʻradi miss Peyton kapitandan unga toʻrtinchi marta finjonda qahva uzatayotib.

– “Bechora” emish-a! – xitob qildi suvoriy, – Xoʻsh, agar u bechora boʻlsa, demak, qirol Georg xizmatlariga yaxshi haq bermas ekan-da?..

– Oliy hazratlari, – gap qistirdi kichik ofitserlardan biri, – ehtimol, undan gersoglik unvoniga qarzdordirlar.

– Kongress boʻlsa – arqonga, – qoʻshimcha qildi kapitan Louton yangi non burdasini qoʻliga olarkan.

– Hamsoyalarimizdan birovi hukumatimiz gʻazabiga uchragan ekan, bundan bagʻoyat taassufdaman.

– Agar uni qoʻlga tushirsam, – oʻshqirdi suvoriy tagʻin bir boʻlak nonga moy surtarkan, – naq oqqayin butogʻiga osaman!

– Eshigi oldidagi askarga osilsa, oʻz kulbasiga yomon bezak boʻlmasdi, – qoʻshib qoʻydi kichik ofitserlardan biri.

– Qanday qilib boʻlmasin, – soʻzini davom ettirdi suvoriylar boshligʻi, – u men mayor boʻlmasimdan burun qoʻlimga tushadi bari bir.

Ofitserlar hazillashmayotgan edilar – bu oshkora koʻrinib turibdi, keyin ular oʻz kasblariga xos qoʻpol lahjada, buning ustiga dargʻazab boʻlgan paytlaridagi- dek ohangda gapiryaptilar. Shu tufayli Uortonlar, suhbat mavzusini oʻzgartirgan maʼqul, degan oqilona qarorga keldilar. Garvi Byorchga amerikaliklar qoʻshinining shubha bilan qarashi va uni tinch qoʻymasliklari hech birlari uchun sir boʻlmay qolgandi. Uning necha-necha martalab panjara ortiga tushishi, shuningdek, koʻpincha gʻoyatda jumboqli, antiqa vaziyatda amerikaliklar qoʻlidan qutulib chiqib ketishi borasida bu viloyatda koʻplab mish-mishlar yurar, shuning uchun ham uni esdan chiqarishning iloji yoʻq edi. Aslini olganda, kapitan Loutonni gʻazablantirayotgan narsa chorbozorchining oxirgi, kapitan uni qoʻriqlashni oʻzining eng ishonchli ikki askariga topshirganida, sira aql bovar qilmaydigan yoʻl bilan qochib qolgani edi.

Hozir tasvirlayotgan voqealarimiz sodir boʻlmasidan bir yil muqaddam, soat sayin qoʻshinlarning muhim ahamiyatga ega harakatlari haqidagi xabar kutilayotgan bir paytda Byorchni amerikaliklar bosh qoʻmondonining shtab qarorgohi yaqinida koʻrib qolganlar. Amerikaliklar qarorgohiga keladigan yoʻllarni qoʻriqlash ishonib topshirilgan ofitser, bu xabarni yetkazishlari bilanoq kapitan Loutonni chorbozorchining izidan joʻnatgan.

Report Page