Bir murojaat izidan

Bir murojaat izidan

Jizzax viloyat adliya boshqarmasi

Viloyat adliya boshqarmasi va tuman adliya bo'limlari tomonidan fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ularga qonuniy yechim topish, buzilgan huquqlarni tiklash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Zafarobod tuman adliya bo'limiga ijtimoiy tarmoq orqali fuqaro To'ranov Mirzaxitning qilgan murojaati nazoratga olingan edi. Sud tartibida ko'rib chiqilgan mazkur masala fuqaro foydasiga yechim topdi.

Fuqaro o'z murojaatida Kadastr agentligi Zafarobod tuman bo'limi tomonidan unga nisbatan 6 mln 750 ming so'm ma'muriy jarima qo'llanilganligidan noroziligini bildirgan. Adliya bo'limi murojaat bo'yicha ishga taalluqli hujjatlarni sinchkovlik bilan o'rganish davomida fuqaroga nisbatan mazkur ma'muriy jarima asossiz qo'llanilganligi aniqlandi.

Ma'lum bo'lishicha, 2022 yil 13 yanvar kuni fuqaro To'ranov tomonidan o'ziga tegishli yer uchastkasining chegaradosh 0,15 gektar yer uchastkasini tegishli hujjatlarsiz egallab olib tomorqa sifatida foydalanib kelganligi holati bo'yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, ma'muriy jarima qo'llanilgan. Vaholanki, Kadastr agentligi Zafarobod tuman bo'limi tomonidan dalolatnomada ko'rsatilgan yer maydon 2018 yilda fuqaro fuqaro To'ranov Mirzaxitning turmush o'rtog'i To'ranova Gulmira nomiga hujjat rasmiylashtirilgan. Adliya bo'limi tomonidan fuqaroga jarima qo'llash haqidagi qaror ustidan jinoyat ishlari bo'yicha Zafarobod tuman sudiga shikoyat qilish huquqi tushuntirildi. Ish tuman adliya bo'limining aralashuvi bilan jinoyat ishlari bo'yicha Zafarobod tuman sudida ko'rilishi ta'minlandi.

Sud ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish bilan to'liq tanishib chiqib, fuqaro asossiz ma'muriy javobgarlikka tortilganligi sababli, jarima qo'llash haqidagi qarorni bekor qilish haqida adolatli qaror qabul qildi. Natijada fuqaroga qo'yilgan asossiz ma'muriy jarima bekor qilinib, buzilgan huquqi tiklandi.

Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi



Report Page