Toshkent shahrida bir haftada yana 10 ming oʻrinli qoʻshimcha yotoq joy yaratiladi – Ortiqxoʻjayev
Bugun Toshkent shahar hokimligida shahar hokimi J.Ortiqxoʻjayev, sektor rahbarlari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri hamda poytaxtdagi oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Unda bugungi kunda dolzarb masala boʻlib turgan talabalarni turar joy bilan taʼminlash, ular uchun yotoq oʻrinlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab, Toshkent shahar hokimi soʻz olib, poytaxt azal-azaldan ilm-maʼrifat markazi boʻlgani, u talabalar bilan doim gavjum va fayzli ekanini inobatga olib, bugungi kunda yuzaga kelayotgan ushbu masalani hamjihatlikda tezkorlik bilan yechish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Shundan soʻng, soʻzga chiqqan Toshkent moliya instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat pedagogika, Toshkent davlat texnika, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar va Oʻzbekiston milliy universitetlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektorlari yotoqxonalarda mavjud oʻrin joy, ularda talabalarning joylashtirilganlik holati hamda yana qancha joyga ehtiyoj borligi haqida maʼlumot berdi.
Qayd etilganidek, ayni paytda Toshkent shahridagi oliy oʻquv yurtlarining 92 tasida yotoqxona quvvati 35636 oʻrinni tashkil etadi. Bugungi kunda 27354 nafar talabaning yotoq joy boʻyicha ehtiyoji qondirildi. Ishlar jadallik bilan davom etmoqda.
Bundan tashqari, 2022-yilda davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliygoh va byudjet mablagʻlari hisobi hamda investitsiya dasturi doirasida yana 30 956 oʻrinli 60 ta loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yigʻilishda vazirlik masʼullari tomonidan koʻrilayotgan bu kabi choralar yetarli emasligi, boshqa imkoniyatlarni ham izlab topish kerakligi taʼkidlanib, qator takliflar oʻrtaga tashlandi.
Shundan soʻng, J.Ortiqxoʻjayev poytaxtning Yangihayot tumanida bunyod etilgan "Tashkent indeks" savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida boʻsh turgan 10 ming oʻrinli tadbirkorlar binosini bir hafta muddatda davlat xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini berdi. Mazkur taklif yigʻilish ishtirokchilari tomonidan munosib qarshi olindi.
Yigʻilish soʻngida oliy taʼlim muassasalari masʼullariga zudlik bilan mavjud ehtiyoj boʻyicha maʼlumotlarni shakllantirish vazifasi berildi.