Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishdagi istiqbolli vazifalar belgilab olindi

Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishdagi istiqbolli vazifalar belgilab olindi



Baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan talab yildan yilga ortmoqda. Shu bois, mamlakatimizda baliqchilikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Baliq yetishtiruvchi tadbirkorlarga bir qator imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda.

Baliqchilikning rivojlanishi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash barobarida, aholini baliq tarkibidagi yuqori sifatli oqsillar bilan ta’minlash imkonini beradi.

Xususan, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayogan XVI-Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim  Abduraxmonovning Rossiya Federatsiyasi Federal baliqchilik agentligi rahbari Ilya Shestakov bilan baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasida baliqchilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, muloqot asosini intensiv usulda baliq yetishtirishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish va rag‘batlantirish, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, sohaga innovatsion g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini keng joriy qilish, baliqchilik tarmog‘ini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator taklif tashkil etdi. Tomonlar baliqchilikka ixtisoslashtirilgan klasterlar tashkil etish istiqboli haqida muloqot qildilar.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi uchun Rossiya Federatsiyasining  iqtisodiy zonalarida baliq ovlash kvotasi ajratish masalalari hamda bu borada O‘zbekistonning qo‘shma korxona tashkil etish taklifi muhokama qilindi. 

Rossiya Federatsiyasi Federal baliqchilik agentligi rahbari I. Shestakov O‘zbekiston tomonidan so‘ralgan 50 ming tonna mintay va 20 ming tonna seld balig‘ini ovlash uchun kvota hajmlarini oshirish uchun, mamlakatdagi ushbu mahsulotlarga mavjud ichki talabdan kelib chiqib qaytadan ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Shu bilan birga, muloqot chog‘ida Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan Astraxan davlat texnika universitetining filiali uchun maqbul hududda bino ajratish masalasi atroflicha o‘rganib chiqilib, ijobiy qaror qabul qilinishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish, baliq mahsulotlari turlarini ko‘paytirish, eksport salohiyatini oshirish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish hamda baliqchilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. 


Report Page