Bahodir Jalolov tantanali kutib olindi

Bahodir Jalolov tantanali kutib olindi


Xabaringiz bor, shanba tongida boks boʻyicha Olimpiada oʻyinlari gʻolibi, Osiyo va jahon chempioni, endilikda professional boksda ham muvaffaqiyatli odimlayotgan hamyurtimiz Bahodir Jalolov AQSHda oʻzining navbatdagi reyting jangini oʻtkazdi. 8 raundlik jangda u belgiyalik Jek Mulovayiga qarshi ringga koʻtarildi va raqibini soʻnggi raundda nokautga uchratdi. Bu Bahodirning prof boksdagi 11-jangida qozonilgan 11-gʻalabasi sifatida tarixga kirdi. Eʼtiborlisi, Jalolov barcha janglarni muddatidan avval nokaut bilan yakunlamoqda.

Bugun yarim tunda yengilmas bokschimiz Bahodir Jalolov Nyu-Yorkdan qaytib keldi. Uni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Shaxrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston boks va professional boks federatsiyalarining masʼul rahbarlari, sportchining yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar tantanali ravishda kutib olishdi.

Kutib olish marosimida OAV xodimlariga intervyu berar ekan, Bahodir Jalolov mana shunday gʻalabalar orqali oʻz reytingini oshirib borishi va tez orada ogʻir vazn toifasida chempionlik kamari uchun ringga koʻtarilishdan umidvor ekanligini taʼkidladi.


Sportni rivojlantirish vazirligi yana bir bora Jalolovni qoʻlga kiritilgan ajoyib gʻalabasi bilan muborakbod etadi.




Report Page