BUYUK IMPERIYANING QULASHI

BUYUK IMPERIYANING QULASHI

Ilhom Babajanov

Dunyo aholisining 11% foizining shafqatsizlarcha o'ldirilishiga saba bo'lgan bitta ot. Aslida hammasi lashkarboshilarning arzimagan tortishuvi natijasida sodir bo'lgan edi. Quyida shu haqda to'xtalib o'tamiz.


1221-yil bahor-yoz oylarida Jaloliddin moʻgʻullarga qarshi ayovsiz kurashga bel bogʻlab, ularga bir necha marta qaqshatqich zarba berganidan keyin, Gʻazna (hozirgi Afgʻonistonning sharqida, Pokistonga yaqin joy) yaqinida, Qobul daryosi boʻyidagi Parvon dashtida Chingizxonning mohir sarkardalaridan biri – Shixi Xutuxu noʻyon boshchiligidagi moʻgʻul qoʻshinlari ustidan gʻalabaga erishdi.


Manbalarga koʻra, bu jangda Jaloliddin qoʻshining soni 60 ming atrofida boʻlgan hamda sultonning jangda qoʻllagan harbiy taktikasi “yengilmas moʻgʻullar” haqidagi afsonani yoʻqqa chiqargan. Lekin bu gʻalabaning oʻzi Jaloliddin uchun halokatli boʻldi.

Jang natijasida qoʻlga kiritilgan katta miqdordagi oʻlja taqsimlanishi jarayonida Jaloliddin lashkarboshilari – qangʻlilardan (Turkon xotun ham shu urugʻdan edi) Amin al-Malik turkmanlar yoʻlboshchisi Sayfiddin Igʻroq bilan bir qimmatbaho arabi ot ustida talashib qolishadi (oʻljalar orasida eng noyob ulush ot hisoblangan).


Tortishish paytida qizishib ketgan Amin al-Malik Sayfiddin Igʻroqning boshiga qamchi bilan uradi. Jaloliddin esa Amin al-Malikni bu ishi uchun jazolamaydi (Amin al-Malik Jaloliddinning qaynotasi edi, balki Amin al-Malikning jazolanmaganiga shu ham sabab boʻlishi, ehtimol). Bu nomusga chiday olmagan va qattiq ranjigan Sayfiddin Igʻroq oʻz yaqinlari boʻlgan lashkarboshilar – Aʼzam Malik va Muzaffar Maliklarni olib, Jaloliddin qoʻshinini tark etadi. Buning natijasida xorazmshoh qoʻshini yarmiga qisqaradi.


Xufiyalari orqali Jaloliddinning ichki muammolaridan boxabar boʻlgan Chingizxon Sulton qoʻshinlarini qayta birlashishi yoki ularning qochishiga yoʻl qoʻymaslik uchun bir haftalik yoʻlni ikki kunda bosib oʻtadigan darajada tezlik bilan taʼqib qila boshlaydi. Vaziyatni toʻgʻri baholagan Jaloliddin esa zudlik bilan Hindistonga oʻtib ketish va u yerdan oʻzini tiklagan holda Chingizxonga qarshi hujumni tashkil etish uchun Sind (Hind) daryosi tomon oshiqadi.

1221-yilning 24-noyabrida Jaloliddin Sind daryosiga yaqin kelganida Chingizxon unga yetib oladi va oʻrtada, taʼbir joiz boʻlsa, XIII asrning eng mashhur jangi roʻy beradi. Jangda musulmonlar qoʻshinining markaziga rahbarlik qilgan Jaloliddin qoʻshini oʻzidan bir necha barobar koʻp boʻlgan moʻgʻullar qismini yanchib tashlaydi.


Lekin Chingizxonning pistirmada turgan 10 ming zaxira qoʻshini jangga kirishi bilan jang tashabbusi moʻgʻullar tomoniga oʻzgaradi (Chingizxonning zaxira qoʻshini “keshik” deb nomlanib, ular tajribali qoʻmondonlardan tuzilgan. Chingizxon juda zarur hollardagina ularni jangga tashlagan). Qurshab olingan Jaloliddin yarim kun mobaynida moʻgʻullar bilan olishadi. Uning 2 ta oti ishdan chiqqach, rikobdorlar (hukmdor otini yetaklab yuruvchi, hukmdor uzangisi sohibi) zaxiradagi otni keltirishadi.

Ushbu otga oʻtirgan Jaloliddin oʻrab oluvchilarning nisbatan zaif koʻringan daryo tomoniga ot solib, u yerni yorib chiqadi, ahli haramini ham Chingizxon qoʻliga tushmasligi uchun daryoga yoʻnaltiradi. Oʻzi esa sadoqatli oti bilan birgalikda 18–20 metrlik jarlikdan daryoga sakraydi. Chingizxon esa Jaloliddinning ortidan kamondan oʻq uzmoqchi boʻlganlarni toʻxtatib, uning jasoratiga lol boʻlib qoladi. Shu vaqtga qadar Chingizxon bunday raqibga duch kelmagan edi.


Xullas, oʻljalar orasidagi bir qimmatbaho ot sarkardalar oʻrtasidagi ziddiyatni keltirib, umumdavlat, umumxalq taqdiri hal boʻladigan pallada Jaloliddin imkoniyatlarini kamaytirib, uning kuchlarini zaiflashtirdi. Kuchlarning teng emasligi Jaloliddinning Chingizxon qurshovida maʼlum muddat qolishiga sabab boʻldi. Mazkur omillar sabab Chingizxon imkoniyatlari ortib yakunda o'z qo'shini bilan birgalikda dunyo axolisining 11% ning o'limiga sababchi bo'ladi. Ikkinchi ot esa uni dushman qoʻlidan qutqarib, daryoning narigi sohiliga olib oʻtdi.

Manbalarning guvohlik berishicha, shu vaqtdan boshlab Jaloliddin mazkur otni eʼzozlab, minmasdan yana 5 yil, yaʼni 1226-yil oʻz ajali bilan oʻlguniga qadar o'zi bilan olib yurdi (Hozirgi Gruziya poytaxti Tbilisi egallanishi jarayonida ot oʻlgan edi). Shuning uchun ham qadimgi va oʻrta asr buyuk sarkardalarining yarim bahodirligini ularning otlari bilan bogʻlash joizdir.

Urganch davlat univarsiteti Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Ilhom Babajanov


Manzil: @imperiyalar_tarixi

Report Page