BUGUNGI FAROVONLIK ERTANING KAMOLOTIDIR

BUGUNGI FAROVONLIK ERTANING KAMOLOTIDIR


Xalqni bugun rozi qilish, odamlarga hozirdan qulay sharoitlar yaratish yurtimiz kelajagining kamoloti uchun muhim ahamiyatga egadir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, odamlarni rozi qilish uchun avvalo bandligi taʼminlanishi lozim. Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda yangi ish oʻrinlarini yaratish, kambagʻallikni qisqartirish masalasi Yangi Oʻzbekiston siyosatining bosh maqsadiga aylandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi yalmi majlisidagi, yurtimiz va xalqimiz uchun yuksak ahamiyatga ega maʼruzalarida keltirilganidek, 2024-yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda. Bu iqtisodiyotimiz rivojlanishining yorqin koʻrsatkichidir. Agar 2018-yilda bu raqam 1 ming 600 dollar boʻlganini hisobga olsak, bunday natijaga erishish yoʻlida qanday katta qadamlar qoʻyilganini koʻramiz. Zero, Jahon banki tomonidan 2024-yilda Oʻzbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyotida eng tez oʻsayotgan 3 ta davlat qatoridan joy olgani eʼtirof etildi. Ushbu eʼtirof yuksak marralar yoʻlida qilinayotgan harakatlarning nechogʻlik toʻgʻri tanlanganligidan dalolatdir.

Shuningdek, maʼruzada mamlakat yalpi ichki mahsulotining hajmini 160 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻyilgan maqsadlar haqida ham taʼkidlandi. Shu yilning oʻzida bu koʻrsatkich 110 milliard dollarga yetishi kutilayotgani iqtisodiy imkoniyatlarimiz qanchalar kengayib borayotganligini koʻrsatmoqda. Demakki, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash yoʻlida koʻzlangan farovonlik kamoloti va yutuqlariga ham shunchalar yaqinmiz. Zotan, amalga oshiriladigan iqtisodiy islohotlar sabab kelgusi 5 yilda aholi jon boshiga daromadni 5 ming dollardan oshirish belgilangan. Kambagʻallik darajasini 5 foizga tushirish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirib, toʻliq tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtish maqsad qilingan.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga doir ham kambagʻallikni keskin qisqartirish, ushbu holatga tushish xavfi mavjud boʻlgan 4,5 million aholi daromadini oshirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlarni toʻlaqonli ruyobga chiqarish uchun Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, Gʻijduvon, Yunusobod tajribalari keng joriy etildi va ular asosida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” kompleks dasturi qabul qilindi.

Jizzax viloyatidan saylangan deputat sifatida taʼkidlashim joizki, joriy yilda Zarbdor tumanidagi 1,5 ming gektar paxta ekini oʻrniga 10,5 ming tonna qovun yetishtirildi. 3 ming nafar aholi ish oʻriga ega boʻldi va natijada 15 mln dollarlik mahsulot eksport qilishga erishildi. Jarayonda “yerga paxta ekish kerak”, degan eskicha yondashuvdan voz kechilib, xorij bozorlaridagi mahsulotlarga boʻlgan talablar oʻrganilib, eksport ishlari yoʻlga qoʻyildi.

“Zarbdor” tajribasi asosida 13 ta tuman (shahar)da iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi hamda 12,2 ming nafar aholini band qilishga qaratilgan 68 ta “drayver” loyihalar ishlab chiqildi. Xususan, qiymati 118,4 mln dollar boʻlgan 11 ta loyihaning ishga tushirilishi orqali 3 286 ta ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda. Yaratilgan ish oʻrinlarining haqqoniyligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan holda solishtirib boriladi.

Hurmatli Prezident aytganlaridek, eng avval yoshlarni kasb-hunarli qilishga, kadrlar tayyorlashda xalqaro mehnat bozori talablarini ham inobatga olishga qaratilgan saʼy-harakatlarni yanada kuchaytirishga eʼtibor qaratish lozim. Deputat sifatida ushbu saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash, qonunlarni takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, eng asosiysi xalqimiz, davlatimiz uchun manfaatli boʻladigan taklif va tashabbuslar bilan faol ishtirok etishga burchliman. Vatan taraqqiyoti, xalq roziligi yoʻlida sidqidildan qilingan xizmat kishining avvalo oʻzligiga, oilasi va yaqinlariga boʻlgan hurmatni yuksaltirib boradi. Shunday ekan, inson qadri azizlanib turgan zaminimizda har bir fuqaroning yuksalishga, shaxsiy rivojlanishga boʻlgan masʼuliyatini soat sayin oshirib borish maqsadga muvofiqdir.      

Nazira MUXTOROVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati. 

Report Page