QARSHIDA XOJATXONALARI TALABGA JAVOB BERMAYDIGAN METAN “ZAPRAVKA”LARGA GAZ BERISH VAQTINCHA TO'XTATILDI

QARSHIDA XOJATXONALARI TALABGA JAVOB BERMAYDIGAN METAN “ZAPRAVKA”LARGA GAZ BERISH VAQTINCHA TO'XTATILDI

Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi Axborot xizmati

  Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Hududiy bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muhayyo Xayitova boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Qarshi shahridagi yoqilg’i quyish shoxobchalarining sanitar-gigyenik holatini o’rganishdi.

   O’rganishlar jarayonida Qarshi shahridan o’tgan A-380 magistral yo’li yoqasida joylashgan “Koinot gaz servis” MCHJ hamda Xudoyzod mahallasidagi “Osiyo metan” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz quyish stansiyasiga gaz berish vaqtincha to’xtatildi. 

  Gap shundaki, tadbirkorlar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-sentyabrdagi "Yo'l va turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 793-son qarori talablarini qo’pol ravishda buzishgan. Avvalgi o’rganishlar davomida ko’rsatib o’tilgan kamchiliklar haligacha bartaraf etilmagan. Ushbu “zapravka”lardagi xojatxonalar belgilangan talablarjga umuman javob bermaydi. 

  -Avtomobillarga gaz quyish stansiyasilarining har ikkalasida ham nogironlar uchun pandus o’rnatilmagan, -deydi respublika ishchi guruhi rahbari M.Xayitova.-Ichkariga kirsangiz xonalar sassiqligidan nafasingiz qaytadi. Shamollatish tizimi ishlamaydi. Ona-bola xonasi jihozlanmagan. Xojatxonaning nogironlar uchun xonasi eshigi shu qadar tor qilinganki, undan aravacha kirishi amrimahol. Eng qizig’i, “Osiyo metan” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz quyish stansiyasi kanalizasiyasi xojatxona yonidan o’tgan zovurga chiqarilgan. Bu tashkilot rahbari va xodimlari uchun uyatli holat. 

  Tadbirkorlar vaziyatni o’nglagan holda ularga vaqtinchalik uzib qo’yilgan gaz ta’minoti qayta tiklab berilishi tushuntirildi.