BUGUN – QIBLA O‘ZGARGAN KECHA
@AlQuranuz#Qurondan_guldasta
BUGUN – QIBLA O‘ZGARGAN KECHA
Bugun Sha‘bon oyining 14-kuni. Bu kun Islom tarixida alohida ahamiyatga ega. Xususan, Sha‘bon oyining 14-kunidan 15-kuniga o‘tar kechasi fazilatli kechalardan sanaladi. Bu kechaning nomlariga e‘tibor bering:
1. Baroat kechasi
2. Duo kechasi
3. Qismat, taqdir kechasi
4. Ijobat kechasi
5. Muborak kecha
6. Shafoat kechasi
7. Mag‘firat kechasi
8. Do‘zaxdan ozod bo‘lish kechasi
9. Gunohlar kafforat qilinadigan kecha
10. Farishtalar bayrami
11. Qibla o'zgargan kecha
Bu nomlar bugun shom namozidan so‘ng (ya‘ni 2022 yil 17-martdan 18-martga o‘tar kechasi) bizni qarshi oladigan ulug‘ kechaning fazilatini yaqqol ochib beradi. Bugungi guldastamizda "Baroat kechasi" nomi bilan mashhur bo'lgan bu muborak kechaning bir xislatini ochib berishga harakat qilamiz.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon bo‘ylab o‘girib turishingizni ko‘rayapmiz. (Xotirjam bo‘ling) Sizni o‘zingiz rozi bo‘ladigan qiblaga (Kaʼbaga) yuzingizni o‘girtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom (Kaʼba) tomonga buring! (Ey mo‘minlar, sizlar ham) qayerda bo‘lsangiz, yuzlaringizni o‘sha tarafga buringiz!” (“Baqara” surasi, 144-oyat).
Abul Barakot Nasafiy rahimahullohning taʼkidlashicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dastlab Makkadagi Kaʼbaga qarab namoz o‘qiganlar. Hijratdan so‘ng Baytul-Maqdisdagi katta harsangtoshga qarab namoz o‘qishga buyurilganlar. Keyinchalik qibla Kaʼba tarafga o‘zgartirilgan.
Suddiy rahimahullohning aytishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baytul-Maqdis tarafga qarab namoz o‘qiganlarida boshlarini ko‘tarib, osmonga qarar va o‘zlari istagan tarafga, yaʼni Kaʼba tomonga yuzlanish haqida buyruq kelishini kutar edilar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Kaʼba tarafga qarab namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edilar. U zotning osmonga yuzlanishlarining hikmati shunda ediki, osmondan yomg‘ir, rahmat va vahiy kabi ulug‘ narsalar nozil bo‘ladi. Shuningdek, Kaʼba oldingi payg‘ambarlarning, xususan, Ibrohim alayhissalomning qiblasi bo‘lgan.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu orzusini amalga oshirdi. Qiblani Kaʼba tarafga o‘zgartirdi. Bu ulug‘ hodisa aynan Shaʼbon oyida sodir bo‘ldi.
Abu Hotim Bustiy rahimahulloh bu haqida quyidagilarni yozadi: “Musulmonlar o‘n yetti oyyu uch kun (baʼzi rivoyatlarda o‘n olti yoki o‘n sakkiz oy) Baytul-Maqdisga qarab namoz o‘qiganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rabiʼul avval oyining 12-kuni kechasi dushanba kuni Madinaga kelganlar. Alloh azza va jalla SHAʼBON OYINING O‘RTASIDA SESHANBA KUNI Kaʼbaga yuzlanib namoz o‘qishga buyurgan”.
Kaʼbaga qarab o‘qilgan ilk namoz xususida turli qarashlar mavjud:
1. Asr namozi (Imom Buxoriy rahimahulloh rivoyati).
2. Bomdod namozi (Imom Molik rahimahulloh rivoyati).
3. Peshin namozi (Ibn Saʼd va Voqidiy rahimahullohlar rivoyati). Ushbu rivoyatga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Banu Salima masjidida peshin namozini o‘qiyotganlarida mazkur oyat nozil bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam peshin namozining ikkinchi rakatidan so‘ng namozda turgan hollarida Kaʼba tarafga o‘girilganlar. Shundan so‘ng mazkur masjid “Masjidul-qiblatayn” (Ikki qibla masjidi) deb nom olgan.
Allohim! Shaʼbon oyidagi bu ulug‘ kechani bizlar uchun barakotli qilgin! Bu muborak kechada Bayting bo‘lmish Kaʼbaga yuzlanib qiladigan ibodatlarimiz va duolarimizni qabul qilgin!
Qurʼonni shunchaki o‘qimang, Uni tafakkur qiling!
Manba:
1. Abu Mansur Moturidiy. Taʼvilot Ahl as-sunna. / Tahqiq: Fotima Yusuf Xaymiy. J.1. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya, 2004.– B. 103;
2. Abul Barakot Nasafiy. Madorik at-Tanzil va haqoiq at-taʼvil (Tafsir an-Nasafiy) J.1. – Bayrut: Dar al-kalim at-tayyib, 1998. – B. 138;
3. Abu Abdulloh Muhammad Qurtubiy. Al-Jamiʼ li ahkam al-Qurʼan. J.2. – Bayrut: Muassasa ar-risala, 2006. – B. 428, 441.
Abdulloh Abdulmajid tayyorladi